Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan chegaradagi navbat muammosini yechish uchun takliflar berdi

    Shu masalada ikki davlat bojxona idorasi rasmiylari uchrashuv o'tkazdi.

    Sayyor uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasidan Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ilxom Muxtorov va Qozogʻiston Respublikasidan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Bakыtjan Slyamov, shuningdek, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, ikkala davlat chegara nazorati rahbariyati vakillari ishtirok etishdi.

    Dastlab tomonlar Qozogʻistonning “Jibek-Jolы” chegara-bojxona postida muzokaralar olib borishdi, unda asosiy eʼtibor shu kunlarda oʻzbek-qozoq chegara oʻtkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligiga qaratildi.

    Ayni vaqtda yurtimizda pishiqchilik mavsumi boshlangan boʻlib, noyabr oyiga qadar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksporti kundan kunga oshadi. Mazkur omillar natijasida oʻzbek-qozoq chegara oʻtkazish punktlarida shu kunlarda jami hisobda mingga yaqin yuk avtotransport vositalarining tirbandligi kuzatilmoqda.

    Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekistoning “Gʻishtkoʻprik”, “Yallama”, “Sirdaryo” chegara bojxona postlari, “Malik”, “Oq oltin” oʻtkazish punktlari, Qozogʻistonning esa “B.Konыsbayev”, “Atameken” kabi chegara bojxona postlarida ham boʻlib, mavjud vaziyatni joyida koʻzdan kechirishdi, tirbandlikda turgan haydovchilar bilan yaqindan muloqot qilishdi.

    Tomonlar muammoni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan takliflarni atroflicha muhokama qilishdi.

    Xususan,

    Oʻzbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi “Malik” (Oʻzbekiston) – “Sirdaryo” (Qozogʻiston) oʻtkazish punktini sutkalik rejimga oʻtkazish,

    shuningdek, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifini ilgari surmoqda. Buning uchun ikkala davlat oʻrtasida 2001-yilda imzolangan kelishuvlarga oʻzgartirishlar kiritish loyihasi ham ishlab chiqilgan.

    Shuningdek, “Yallama” (Oʻzbekiston) – “B.Konыsbayev” (Qozogʻiston) chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining oʻtkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklifi ham ilgari surildi.

    Buning uchun qoʻshimcha kuch va vositalar, xususan, ilgʻor axborot texnologiyalarini keng jalb etish nazarda tutilgan.

    Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda boʻlib oʻtdi.