Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni yangi tahrirda

    Mamlakatimizda 20 Avgust 2021 6570

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

    Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

    Shu munosabat bilan 2021-yil 28-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-703-son “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonun 14 bob, 101 moddadan iborat hamda qonunga “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Nizom, “Sudyalarning malaka darajalari toʻgʻrisida”gi Nizom, “Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari toʻgʻrisida”gi Nizomlar ilova qilingan. Mazkur qonun mamlakatimizda soʻngi yillarda sud hokimiyati faoliyatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida kiritilgan barcha oʻzgarishlarni oʻzida qamrab olgan. Jumladan, qonunning 2-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasida sud tizimi:

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;

    harbiy sudlar;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari;

    fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari;

    jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari;

    tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari;

    tumanlararo maʼmuriy sudlardan iborat qilib belgilandi.

    Shuningdek, qonunning 4-moddasiga asosan sudning asosiy vazifalari fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

    Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga qaratilgandir.

    Qonunning 5-moddasiga koʻra, sudyalar korpusini shakllantirish sudyalarning mustaqilligi prinsipiga qatʼiy muvofiq holda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.

    Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining vakolatlari (2-bob), Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining tarkibi, vakolatlari(3-bob), Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudi. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudi. Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi, ularning tarkibi, vakolatlari (4-bob), Harbiy sudlar tizimi, vakolatlari(5-bob), Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, tarkibi, vakolatlari (6-bob), Tumanlararo maʼmuriy sud, tarkibi (7-bob), Sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari (8-bob), Sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari (9-bob.), Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi (10-bob), Sudyalarning intizomiy javobgarligi, javobgarlikka tortish asoslari (11-bob.), Sudyaning vakolatlarini toʻxtatib turish va tugatish asoslari (12-bob), Sudyalarning va ular oila aʼzolarining moddiy hamda ijtimoiy taʼminoti (13-bob) asoslari va tartibi belgilangan.

    Endilikda tuman yoki shahar sudining sudyasi etib tayinlash yoki saylash uchun yuridik kasb boʻyicha eng kam ish staji 5 yil oʻrniga 7 yil, viloyat sudyaligiga 7 yil oʻrniga 10 yil, Oliy sud sudyaligiga 10 yil oʻrniga 15 yil etib belgilandi. Shuningdek, vakolat muddati tugagan sudyalarning oʻrtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki tayinlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin koʻpi bilan uch oygacha saqlab qolinadi. Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi. Ushbu Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirgan.

    Jizzax tumanlararo iqtisodiy

    sudi raisi A.I.Kuratov

    Jizzax tumanlararo iqtisodiy

    sudi sudyasi U.S.Bazarov