Muloqot chog‘ida tomonlar o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish, ushbu sohadagi huquqiy asosni yana-da kengaytirish maqsadida tegishli hujjatlarni imzolash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Fahd al-Kanaʼan o‘zbek madaniyati va sanʼatiga, respublikadagi tarixiy va muqaddas qadamjolarga, madaniyat maskanlariga dunyoda, xususan, Saudiya Arabistonida qiziqish juda yuqoriligini alohida taʼkidladi.
Saudiya Arabistoni madaniyat vazirining o‘rinbosari ikki mamlakat hududida o‘tkaziladigan yirik tadbir va anjumanlar, ko‘rgazma va konferensiyalarda o‘zaro faol ishtirok etish muhimligiga eʼtibor qaratdi. Shu maʼnoda Jidda shahrida boshlanadigan Birinchi Islom sanʼati biyennalesida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtirok etishidan mamnun ekanini bildirdi.
«O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatingiz tarixiy merosining saudiyalik ixlosmandlar va xalqaro hamjamiyatga taqdim etish biz uchun katta sharaf bo‘lish bilan bir qatorda, tadbirga alohida shukuh bag‘ishlaydi. Ayni paytda ushbu anjuman xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston delegatsiyasi namoyish etadigan eksponatlar ularni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning oshishiga ishonaman», dedi Fahd al-Kanaʼan.
Birinchi Islom sanʼati biyennalesida O‘zbekiston madaniy merosini aks ettiruvchi 17 ta eksponat namoyish etiladi. Ular qatoridan Islom olamining nodir qo‘lyozmalaridan biri - VIII asrga oid Kattalangar Qurʼonining bir necha sahifasi, Imom al-Buxoriyning XVII asrda nashrdan chiqqan mansub «Al-Jomeʼ as-Sahih» hadislar to‘plami, Samarqand va Afrosiyobning X-XII asrlarga oid sopol ko‘za va kosalari, milliy liboslar, poyafzallar va boshqa noyob eksponatlar joy olgan.
Taʼkidlash joizki, biyennale doirasida Jamg‘arma tomonidan O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishtirishga qaratilgan keng ommaviy dastur tayyorlangan.