O'zbekiston-Turkiya: ma'naviy-ruhiy qardosh mamlakatlar strategik hamkorligi yangi bosqichda

    O'zbek va turk xalqlarini o'zaro bog'lab turuvchi ko'p yillik umumiy rishtalar mavjudligini tariximiz, umumiy qadriyatlar, o'xshash urf-odatlar va an'analar, yaqin til, madaniyat, yagona din va shu kabi jihatlarda ko'rishimiz mumkin.

    Uzoq yillik ildizga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar va do'stlik aloqalari hozirgi kunda yanada mustahkamlanib borayotgani barchamizga ma'lum.

    Bugungi kunda davlatlarimiz o'rtasidagi iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va shu kabi yo'nalishlardagi muloqotlar, shu jumladan yuqori darajadagi aloqalar muntazam xarakter kasb etib, ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishning eng muhim omiliga aylandi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

    Jumladan, 2017-yil oktabr oyida O'zbekiston Prezidentining Turkiyaga, 2018-yil aprel oyida Rejep Tayyip Erdog'anning O'zbekistonga davlat tashrifi samarali sheriklik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib bergan edi.

    2020-yil davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisining taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida davlat rahbarlari raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi, 2022-yilda esa ikkinchi yig'ilishi o'tkazilib, unda ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikka oid bir qator masalalar yuzasidan ijobiy natijalarga erishilgan edi.

    Kuni kecha esa ikki davlat rahbarlari raisligida o'tkazilgan O'zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishida Prezidentimiz “Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi, O'zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va sheriklikning barcha sohalarida yanada rivojlanishga kuchli sur'at bag'ishladi”, deb ta'kidlaganliklari ham fikrimizning yaqqol dalilidir.

    Shu o'rinda ikki qardosh davlatlar o'rtasidagi o'zaro iqtisodiy-siyosiy hamkorlik aloqalar yildan-yilga o'zining salmoqli samarasini berib borayotganini alohida ta'kidlash joiz. Jumladan, o'zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo'shma korxonalar soni 2 barobarga, O'zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga oshgan. Strategik hamkorlik kengashi uchinchi yig'ilishi faoliyatining samarasi sifatida esa kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

    Quvonarlisi, hamkorlik rejalari nafaqat iqtisodiy-siyosiy balki tadbirkorlik, ishlab chiqarish, turizm, madaniyat, qishloq va suv xo'jaligi, sog'liqni saqlash, transport-logistikasi, oliy, professional va texnik ta'lim kabi turli yo'nalishlarini ham qamrab olgan. Bu esa ikki qardosh xalqning kelajakdagi mustahkam hamkorlik, yaqinlik hamda yakdil siyosatining garovi desak mubolag'a bo'lmaydi.

    Shuningdek, tashrif doirasida Prezidentimiz Turkiya Respublikasining Oliy nishoni bilan taqdirlanishi ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikning naqadar samimiy va do'stona ekanligini yaqqol dalili bo'ldi. Davlatimiz rahbari “Bugun mamlakatlarimiz o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to'g'risidagi deklaratsiya imzolangan kunda Turkiya Respublikasining bunday yuksak mukofotini olish men uchun katta sharafdir. Ushbu mukofot xalqlarimiz o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik rishtalari, oliy darajadagi ishonchli muloqot hamda ikki tomonlama ko'p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanishining ramzidir”, deya ta'kidladi.

    Aytish joizki, amalga oshiralayotgan hamkorlik ishlari xalqimiz farovonligini oshirish, xalq manfaatlarini himoya qilish, farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish va shu kabi ezgu maqsadlarni ko'zda tutgan. Bu yo'lda aniq rejalar, ishlab chiqilgan mexanizmlar esa kutilayotgan natijalarni kafolatlaydi.

    Muhayyo Ismailova,

    Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Toshkent shahar bo'limi rahbari