O‘zbekistonda Migratsiya resurs markazi ochilishi kutilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 12 Iyun 2023 1122

    Ushbu markazning vazifasi Yevropa mamlakatlarida ishlash istagidagi Oʻzbekiston fuqarolariga tegishli konsultatsiya xizmatini koʻrsatishdan iborat boʻladi.

    O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev bosh qarorgohi Vena shahrida joylashgan Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) bosh direktori va Avstriyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Mixael Shpindelegger bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini Yevropa mamlakatlarida ish bilan taʼminlash, xorijiy davlatlarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

    Suhbat avvalida xorij tomoniga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi mehnat migratsiyasini rivojlantirish va uni diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati, mazkur yo‘nalishda fuqarolar uchun yaratilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.

    O‘z navbatida Mixael Shpindelegger o‘tgan yilning sentyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini eslab, uning sermahsul bo‘lganligini qayd etdi. Tashrifi davomida “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati bilan tanishganligini, O‘zbekiston Rahbariyati tomonidan fuqarolarning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholashini va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

    Ayniqsa, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va ICMPD o‘rtasida imzolangan o‘zaro Anglashuv memorandumi ikki tomonlama munosabatlarni kegaytirishda yangi turtki bo‘lganligini alohida taʼkidladi.

    Muzokaralar davomida ICMPD va O‘zbekiston vakolatli idoralari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida migrantlar uchun axborot markazi (Migrant Resourse Centre) ochishga kelishib olindi.

    Ushbu markazning vazifasi Yevropa mamlakatlarida ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tegishli axborot bilan taʼminlash, jumladan, mamlakatlar milliy qonunchiligi, madaniyati va ishga joylashish tartib-qoidalari bilan tanishtirish, ularga tegishli konsultatsiya xizmatini ko‘rsatishdan iborat bo‘ladi.

    Eslatib o‘tamiz, ICMPD 1993 yilda Avstriya va Shveysariya tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 20 ta aʼzo davlatni birlashtiruvchi va BMTda kuzatuvchi maqomiga ega xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. ICMPD bugungi kunda 90 dan ortiq mamlakatlarda migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert bilim va ko‘nikamalar berish hamda xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga yordam berish dasturini (BOMKA) amalga oshirishda ishtirok etadi hamda Praga jarayonining kotibiyati vazifasini ham bajaradi.