Oxirgi yillarda ekologik masalalar haqida tez-tez gapirilayotgani bejiz emas. Chunki bu global muammo dunyo aholisiga oziq-ovqat xavfsizligi, suv tanqisligi, iqlim o'zgarishlari, havoning ifloslanishi, bioxilma-xillikning buzilishi singari ko'plab oqibatlari bilan xavf solmoqda. Tabiiy ofatlar ko'lami kengayib, mamlakatlar iqtisodiyoti, ayniqsa, qishloq xo'jaligiga katta zarar yetkazyapti.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko'ra, ushbu tarmoqda tabiiy ofatlar natijasida kuzatilayotgan yo'qotishlar umumiy iqtisodiy yo'qotishlarning 63 foizini tashkil qiladi. Cho'llanish, yer degradatsiyasi va qurg'oqchilik kabi muammolar jahonning 100 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 1,2 milliard aholining salomatligi va farovonligiga jiddiy xavf solyapti.
Afsuski, bunday ekologik muammolar yurtimizni ham chetlab o'tmayapti. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor erlar qisqarib boryapti, cho'llanish, suv etishmasligi, qurg'oqchilik kuchayib bormoqda. Davlatimiz rahbari o'tgan yili Oliy majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, “Mamlakatimiz so'nggi uch yilda qurg'oqchilikni boshdan kechirdi. Buning ta'siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi”.
Umuman, hozirgi kunda qishloq xo'jaligi sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri sanaladi. Sohaga nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, balki, aholini ish bilan qamrab olish, bozorlaru, dasturxonlarimiz to'kin-sochinligini oshirish, qolaversa, yurtimiz eksport geografiyasini kengaytirishning muhim qismi sifatida qaralmoqda. Shu yil Prezident farmoni bilan qabul qilingan Davlat dasturida ham 2023-yil yakuniga qadar 68,5 trillion so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi belgilangan. Bu ko'rsatkichlarga erishish va natijadorlikni yanada oshirishda O'zbekiston qishloq xo'jaligi sektorida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, ularning oldini olish va kurash choralarini ishlab chiqish vazifalari ham bor.
Ayni shu masalada olib borgan tadqiqotlarimiz asosida o'tgan yili O'zbekistonda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish tizimining har tomonlama tahlil-hisoboti e'lon qilindi. Bu katta loyiha bo'lib, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Gidrometeorologiya xizmati markazi ko'magida amalga oshirdik. FAO va Global ekologik Jamg'armaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi tomonidan moliyaviy ko'mak berildi.
Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha tadqiqotlar Armaniston, Ozarbayjon, Belorus, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va Ukrainada ham o'tkazilgan. O'zbekistondagi tadqiqot ishlari loyihaning bir qismi. Uning maqsadi mamlakat qishloq xo'jaligi uchun tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish institutsional tizimidagi joriy kuchli tomonlari va ularni yanada kuchaytirish bo'yicha salohiyat ehtiyojlarini ko'rsatish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida tavsiyalar berishga qaratilgan.
Jarayonda bir qancha yo'nalishlarda o'rganish ishlari olib bordik. Tahlillar har tomonlama baholanib, tez-tez uchraydigan va qishloq xo'jaligiga jiddiy ta'sir ko'rsatadigan tabiiy ofatlar aniqlandi. Shundan so'ng mavjud huquqiy, siyosiy va institutsional asoslar tahlil qilinib, erta ogohlantirish tizimlarining ishlashi, tabiiy ofatlar xavfini baholash, ulardan keyingi zarar, shuningdek, fermerlar uchun qishloq xo'jaligi sug'urtasining mavjudligi kabi masalalar ko'rib chiqildi. Olingan ma'lumotlar asosida tabiiy ofatlar, xususan, suv toshqinlari, ko'chki va qurg'oqchilik, iqlim o'zgarishlarining qishloq xo'jaligiga salbiy ta'sirini kamaytirish borasida mavjud tizimni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqdik.
Tizimda o'zaro muvofiqlik etishmaydi
O'zbekistonda qishloq xo'jaligi iqtisodiyotning to'rtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Yalpi ichki mahsulotning salkam 30 foizi uning hissasiga to'g'ri keladi. Tarmoqda mehnatga layoqatli aholining uchdan bir qismi faoliyat ko'rsatadi. O'tgan yilning o'zida 100 ming gektar ekin yeri aholiga dehqonchilik qilish uchun bo'lib berilishi hisobiga 1,5 million tonna qo'shimcha oziq-ovqat yetishtirildi. Qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo'jaligi tashkil etilib, 1 million 200 mingdan ziyod aholi bandligi ta'minlandi. Ana endi, tabiiy ofatlar sabab tarmoqqa qancha zarar etishiyu, qancha kishi ishsiz qolishi mumkinligini tasavvur qilavering.
Tabiiy ofatlar o'z nomi bilan tabiiy ravishda, inson omili ta'sirisiz yuzaga keladigan tabiat hodisalaridir. Yer silkinishlari, sel kelishi, suv toshqinlari va hokazo. Ular katta-kichikligidan qat'iy nazar, insonlarga o'z ta'sirini ko'rsatadi. Qishloq xo'jaligidagi tabiiy ofatlar ham shunday. Qurg'oqchilik, cho'llanish, global isish va boshqalar yer maydonlarining sifatiga, bu orqali esa oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Qurg'oqchilik keng miqyosda hosilni yo'qotish, o'rmon yong'inlari va suv yetishmasligi natijasida insoniyatga zarar yetkazish nuqtai nazaridan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanadi. Yerlar degradatsiyasi va iqlim o'zgarishi bilan yanada murakkablashib borayotgan qurg'oqchilik dunyo bo'yicha 2000-yilga qaraganda bugungi kunda 29 foizga kuchliroq namoyon bo'lib, har yili bundan 55 million kishi aziyat chekmoqda. 2050-yilga borib qurg'oqchilik Yer yuzi aholisining to'rtdan uch qismiga ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Tabiat in'om etgan katta boylik — jami 44 million gektardan ziyodroq yer maydoniga ega xalqmiz. Shundan asosiysi qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar bo'lib, ularning umumiy maydoni 22 million gektardan ortiqroqni tashkil etadi. Ammo ularning hammasini ham foydalanishga yaroqli, deb bo'lmaydi. Gap shundaki, hozir global iqlim o'zgarishlari natijasida harorat va namlik rejimining o'zgarishi quruq va issiq davrning cho'zilishiga olib kelmoqda.
O'zgidrometerologiya markazi ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi besh yilda mamlakatimizda vegetatsiya davrida ko'p yillik o'rtacha havo harorati 1-2 gradus yuqorilagani qayd etilmoqda. Yog'inlar miqdori ham so'nggi yillarda nisbatan kamayib boryapti. Suv omborlarida esa so'nggi uch yilga nisbatan 22 foizga kam suv zaxirasi yig'ilgan. Bularning oqibatida, qishloq xo'jaligi ekinlari (g'o'za)ning o'sish va rivojlanish davri, suvga bo'lgan talabi o'zgarib boryapti. Masalan, o'suv davrida kunning sezilarli darajada isib ketishi yoki kun bilan tun orasidagi o'rtacha haroratning farqi katta emasligi ekinlarning suv va oziqa elementlariga bo'lgan talabini qondira olmaydi. Natijada qishloq xo'jaligi ekinlaridan kutilgan hosil olish imkoniyati pasayadi. Bu holat mineral o'g'itlarning maqbul me'yor, muddat, nisbat va qo'llash usullarini ushbu sharoitga moslab maqbullashtirishni talab qilmoqda.
Umuman, mamlakatimiz iqlimi tabiiy xavf-xatarlarga moyil va ularni boshqarish bo'yicha muhim qadamlar tashlanmoqda. Xususan, aholi va hududlarni ofatlardan himoya qilish milliy xavfsizlik siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada huquqiy asos ham yaratilgan. Qolaversa, oxirgi yillarda O'zbekiston iqlim o'zgarishi muammolarini mamlakat milliy strategiyasi, rejalari va hukumat farmonlariga kiritishda yutuqlarga erishmoqda. Mazkur masalalar bo'yicha xalqaro maydonda ham mamlakatimiz faolligini, ilg'or tashabbuslarini ilgari surayotganini ko'rishimiz mumkin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Favqulodda vaziyatlar departamenti tabiiy ofatlarning oldini olish va ularni kamaytirish tadbirlariga jalb etilgan vazirlik va tashkilotlarning barcha faoliyatini muvofiqlashtiradi. Mahalliy darajada esa jamoa rahbarlari tabiiy ofatlarni bartaraf etish uchun mas'uldirlar. Joylarda tabiiy ofatlar bo'yicha sohaga yo'naltirilgan konsepsiyalar va maqsadli dasturlar mavjud.
Ammo qishloq xo'jaligi sohasiga kelganda, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha aniq mexanizmning yo'qligi va tizimli chora-tadbirlarning yetishmasligi ko'zga tashlanadi. Xususan, qishloq xo'jaligida tabiiy ofatlar yuzaga kelganida, xabar berish bo'yicha tashkilotlar o'rtasida samarali institutsional muvofiqlashtirish mavjud emas. Masalan, O'zgidromet tabiiy ofatlar monitoringi kuzatuvlarini doimo yangilanib, xavfli gidrometeorologik hodisalar bo'yicha axborot tizimi bazasini yaratish vazifasini zimmasiga oladi. Agrometeorologik kuzatishlar yurtimizning barcha hududlarida joylashgan 65 ta stantsiya va 36 ta post orqali amalga oshiriladi. Gidrometeorologik xavf tug'ilganda, O'zgidromet tegishli ogohlantirishlarni qaror qabul qilish uchun mas'ul bo'lgan FVV va boshqa davlat idoralariga yuboradi. Milliy va mahalliy hokimiyat idoralari o'rtasida hamkorlik, shuningdek, mahalliy jamoalarni qo'llab-quvvatlashni qamrab oladi. Biroq bu yo'nalishdagi erta ogohlantirish tizimida bir qator kamchiliklar, xususan, cheklangan moliyaviy resurslar, texnik imkoniyatlarning etishmasligi, jalb qilingan vositalar, dastaklar va muassasalar o'rtasida uyg'unlikning yo'qligi ham sir emas.
Yana bir jihat, mamlakatimiz qishloq xo'jaligiga doir tabiiy ofatlar xavfi to'g'risidagi ma'lumotlarni olishning deyarli imkoni yo'q. Tabiiy ofatlarni xaritalash, favqulodda holatlarda harakat qilish rejalari, moyilliklarni baholash, tayyorgarlik rejalari yoki GIS quvvatlari haqida hech qanday ma'lumot bo'lmagani bois, aniq tafovutlarni aniqlashda qator qiyinchiliklar yuzaga keladi. Tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zararlar bo'yicha doimiy statistika jamlab borilmaydi.
Fermerlarni tabiiy ofatlar xavfidan sug'urta qilish ko'rsatkichlari ham yuqori emas. Ekinlarning taxminan 30 foizigina turli xildagi sug'urtalar bilan qoplanadi, chorva mollarini sug'urtalash holatlari esa barmoq bilan sanarli. To'g'ri, sug'urta ko'rilgan zararni qoplashga asoslangani bois, to'lovlarni amalga oshirish uzoq davom etadigan tekshirish tartib-taomilini talab qiladi. Ammo bu jarayonni faol amalga oshirishning vaqti keldi. Boisi, indekslarga asoslangan muqobil sug'urta imkoniyatlari nafaqat bitimlarni tuzish bilan bog'liq xarajatlarni kamaytirish orqali, balki to'lovlarni amalga oshirishning yanada shaffof yo'llari bilan yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Zamonaviy texnologiyalarni qo'llash davri keldi
Olib borilgan tadqiqotlar davomida ana shunday kamchiliklarni aniqlash yangi tahlillarga asos bo'ldi. Ammo asosiy e'tibor baribir qishloq xo'jaligida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va oqibatlarining oldini olishga qaratildi. Bu borada birlamchi tavsiyalar ishlab chiqdik.
Avvalo, yurtimizda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha milliy platforma yaratilishi lozim. Tabiiyki, jarayonga bir qancha tashkilotlar biriktirilib, ularning o'zaro harakatlari muvofiqlashtirilsagina, tizimning tezkorligi va aniqlagini ta'minlash mumkin. Iqlim o'zgarishiga moslashishning keng qamrovli, umummilliy asoslarini joriy etish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishni qishloq xo'jaligini rivojlantirish tarmoq rejalari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalariga integratsiya qilish zarur.
Jarayonda, albatta, instutitsional asoslarni takomillashtirish talab etiladi. Hozirgi kunda qishloq xo'jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari ko'plab yo'nalishlarda izlanishlar olib boryapti. Ularni amaliyotda qo'llash ham natija berib, yurtimiz qishloq xo'jaligi oxirgi yillarda raqamlashib borayotgan zamonaviy tarmoqlardan biriga aylandi. Bu jarayonda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga oid tadqiqotlar sonini ham oshirishga talab yuqori. Ularni oldindan aniqlash, xavf-xatarga qarshi o'z vaqtida chora-tadbirlarni qo'llash dehqon va fermerlarning tabiiy ofatdan ko'rishi mumkin bo'lgan zararlarini keskin kamaytiradi.
Buning uchun, avvalo, tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish zarur. Bu o'z ichiga mazkur hodisalarni doimiy baholab borish, aniq monitoringini yuritish, tizimni raqamlashtirish kabilarni oladi. Agrometereologiya xizmatlarini ko'rsatishda ham zamon talablariga moslashishning davri keldi. Yurtimizning istalgan burchagidagi dehqon yoki fermer ob-havo ma'lumotlaridan bevosita foydalana olishi, meteorologik kuzatuvlar davriyligini oshirish, jumladan, qisqa va uzoq muddatli prognozlashni ko'paytirish lozim.
Tahlillar olib borish va monitoring ishlari hech qachon eskirmaydigan tadqiqotlar sirasiga kiradi. Ular faqat zamon talablariga moslashtirib boriladi, xolos. Ya'ni, bu tizimni raqamlashtirish ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu jihatdan, mamlakatimiz qishloq xo'jaligida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish borasida o'tkazilgan tahlil juda ko'p masalalarga oydinlik kiritadi.
Ishlab chiqilgan tahlil-hisobot asosida ma'lumotlar bazasini yaratish, yurtimiz bo'ylab Global joylashuv tizimi (GPS) bo'yicha zonalashtirish va xaritalashni amalga oshirish ko'zda tutilgan. Bu esa yaqin kelajakda O'zbekistonning qishloq xo'jaligida tabiiy ofatlarni aniqlash bo'yicha tajribali davlatlar qatoriga qo'shilishiga zamin yaratadi.
Aziz NURBEKOV,
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi loyiha milliy koordinatori