O'zbekistonda tuproq unumdorligin asrashga qaratilgan yangi tizimlar ishga tushmoqda

    Hozirga kelib global yer resurslarining 40 foizga yaqini tanazzulga uchragan. Insoniyatning yerga ta'siri shu qadar kengayib boryaptiki, natijada yer o'zining muhim funksiyalarini bajarishdan to'xtab, yaroqsiz holga kelib qolmoqda.

    Insoniyat oziq-ovqat ishlab chiqarishning barcha ilg'or texnologiyalarini qo'llayapti. Ayniqsa, sifatli mahsulot yetishtirish, hosildorlikni oshirish, dunyo bozorini ekologik toza oziq-ovqat bilan ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar kun sayin faollashmoqda. Ular orasida bir qarashda ko'zga ko'rinmasada, nihoyatda muhim yana bir masala bor — bu tuproq sifati va unumdorligini oshirish. Bunga erishmasdan turib, bugungi kundagi dolzarb oziq-ovqat xavfsizligini to'laqonli ta'minlash qiyin.

    Tuproq sifati masalasini kun tartibiga qo'yish ko'pchilik uchun erish tuyulishi mumkin. Ammo bu allaqachon global muammolardan biriga aylangan. BMTning so'nggi besh yillikdagi tahlillariga ko'ra, hozirga qadar yer sharining 40 foiz tuprog'i o'z sifatini yo'qotgan. Insonning yerga noto'g'ri munosabati tuproq unumdorligini pasaytirgan, bu yerning karbonat angidridni tutib qolish xususiyatini o'ldirib, turlar yo'qolishiga olib kelmoqda. Cho'llanish, yer degradatsiyasi va qurg'oqchilik kabi muammolar jahonning 100 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 1,2 milliard aholining salomatligi va farovonligiga jiddiy xavf solyapti.

    Qishloq xo'jaligi yerlarining holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish yurtimizda ham muhim masalalardan biri. Ayniqsa, bunga davlat siyosati darajasida e'tibor berilayotgani, o'z iqtisodiyoti rivojlanishini agro-industrial yo'nalishda tashkil etayotgan hozirgi O'zbekiston sharoitida tuproq unumdorligini muhofaza qilishning huquqiy muammolarini o'rganish, ularning echimini topishda amaliyot materiallari asosida chuqur ilmiy-nazariy mushohadaga asoslangan takliflar ishlab chiqish, xulosalar berish zaruratini vujudga keltiradi.

    Joriy yilning 10-iyun kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror bu boradagi yana bir huquqiy asos bo'ldi. Mazkur hujjat atrof-muhitning barqaror faoliyatini ta'minlash, tabiiy ekologik tizimlarni muhofaza qilish, tuproqlardan samarali va ehtiyotkorlik bilan foydalanish, ularning sifati va unumdorligini saqlash hamda tuproqlarni salbiy ta'sirlardan himoya qilishga e'tiborni qaratadi.

    Tuproq tanazzuli: oqibatlari ayanchli bo'lishi mumkin

    Ana endi, tuproq sifatining qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat yetishtirishdagi ahamiyatiga to'xtalamiz. Er tabiiy resurslar ichida alohida maqomga ega. U qishloq xo'jaligida asosiy ishlab chiqarish vositasi bo'lib, undan foydalanishni to'g'ri tashkil etish aynan tuproq muhofazasini iqtisodiy-huquqiy, tashkiliy jihatdan ta'minlashni anglatadi.

    Qolaversa, unumdor tuproq — serhosil va sifatli mahsulot degani. Dehqon qancha ko'p hosil olsa, daromadi shuncha oshib boraveradi. Demak, tuproq sifatining yaxshi bo'lishi aholini ish bilan ta'minlashga ham xizmat qiladi. Yangi O'zbekistonning 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida dehqon, fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo'jaligining yillik o'sishini kamida 5 foizga yetkazish belgilangan. Bunga, avvalo, qishloq xo'jaligini ilmiy asosda va intensiv rivojlantirish hisobiga erishiladi. Tuproq unumdorligini oshirish esa katta ilmiy jarayondir.

    Tuproq deganda ko'pincha yerning faqat chirindili ustki qatlami tushuniladi. Ammo, u tuproq paydo qiluvchi jarayon ta'sirida o'zgargan va morfologik belgilariga qarab ona jinsdan farq qiladigan ma'lum qalinlikdagi qatlamdir. Tuproq suvni saqlaydi va fil`trlaydi, iqlim o'zgarishlariga qarshi kurashib, moslashishga yordam beradi.

    Hech qaysi til lug'atida ona oy, ona quyosh, ona suv, degan ibora uchramaydi. Ammo ona yer tushunchasi barcha xalqlar uchun birdek tushunarli. Albatta, buning din tomondan keltirilgan asoslari bor. Ammo ilmiy jihatdan ham “ona zamin”, deyishimizga sabablar yetarli. Birgina misol, jismimizda mavjud hamda Mendelyeev kimyoviy jadvalidan joy olgan moddalarning bari tuproqning tarkibida bor ekan.

    Yerga nisbatan “xazina” so'zini qo'llashimiz boisi ham shunda. Ammo insoniyat ana shu ona erdan doim ham to'g'ri foydalanmaydi. Ayniqsa, o'tgan asrlar davomida olib borilgan noto'g'ri qishloq xo'jaligi amaliyotlari, yer tarkibidagi organik moddalarni yo'q qiladigan doimiy shudgorlash ishlari tuproq eroziyasini kuchaytirdi. Qolaversa, sanoat manbalari, shahar chiqindilari, kanalizatsiya loylari, konchilik va eritish manbalari, o'rmonlarning kesilishi va boshqa antropogen omillar ta'sirida tuproqning ifloslanishi ortib bordi.

    Yerdan xo'jasizlarcha foydalanish, unga me'yoridan ortiq kimyoviy o'g'itlar ishlatish oqibatida “yer degradatsiyasi”, “yer eroziyasi”, “yer tanazzuli”, “yerlarning sho'rlanishi”, “yer cho'llanishi”, “yer qurg'oqchiligi”, “yerning botqoqlanishi”, “tuproq unumdorligining pasayishi”, “yer zichlashishi” kabi iboralar paydo bo'ldi. Bular orasida yer degradatsiyasi, ayniqsa, dolzarb masalalardan biri sanaladi. Xo'sh, yer degradatsiyasi o'zi nima va uning salbiy oqibatlari nimalarda ko'rinadi?

    Yerlar sifatining yomonlashish jarayoni va hosildorligining pasayishi yerlar degradatsiyasi, deyiladi. Boshqacha aytganda, degredatsiya hayot unsurlari kamaygan tuproqdir. Buning natijasi yer tarkibining buzilishi, sho'rlanish va sahrolashishga olib kelib, hozir bu mamlakatimiz qishloq xo'jaligidagi ekologik muammolardan biridir.

    Yerlar degradatsiyasi tuproq funksiyasini o'zgartiruvchi, uning xossalari soni va sifatini kamaytiruvchi, unumdorligini pasaytiruvchi va yo'qotuvchi jarayonlar majmuasidir. Qurg'oqchil iqlim sharoitida yerlar degradatsiyasi ko'p hollarda cho'llanish jarayoniga o'tib ketadi, ya'ni, hosildor yer sahroga aylanadi.

    Ming afsuski, hozirga kelib global yer resurslarining 40 foizga yaqini tanazzulga uchragan. Insoniyatning yerga ta'siri shu qadar kengayib boryaptiki, natijada yer o'zining muhim funksiyalarini bajarishdan to'xtab, yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Aholi sonining o'sib borishi esa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini taxminan 60 foizga oshirish zarurligini ko'rsatyapti. Demak, tuproq unumdorligini oshirmasdan, serhosil yerlar qisqarishining oldini olmasdan turib bu natijaga erishib bo'lmaydi. Buning uchun ilm-fan va ilg'or texnologiyalarni yanada ko'proq ishga solish talab etiladi.

    Yer hosil “bermay qo'ysa”...

    Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori bilan Qishloq xo'jaligi vazirligiga erlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo'yicha vazifalar yuklatilib, maxsus departament ham tashkil etildi. Vazirlik yerlar cho'llanishi, ularni tiklash, ekinlarni almashlab ekish, o'rmonlar barpo qilishni monitoring qiladi, yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Ushbu qaror asosida Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti qaytadan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, deb nomlandi va Qishloq xo'jaligi vazirligi tasarrufiga o'tkazildi. Endilikda, institut faoliyati yanada kengayadi. Ayni paytda 150 ga yaqin tadqiqotchilarimiz zimmasida yerlar degradatsiyasi va cho'llanishi, shu jumladan, yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, qishloq xo'jaligi ekinlarini almashlab ekish sohasidagi tadqiqotlar ko'lamini chuqurlashtirish, degredatsiya jarayonlarining oldini olishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar, mutaxassis tavsiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilishdek ko'lamli va mas'uliyatli vazifalar turibdi.

    Binobarin, bugungi kunda cho'llanish dunyoning ko'plab mamlakatlariga tahdid solmoqda. Achinarlisi, bu ko'p jihatdan inson omiliga bog'liq bo'lib, tabiatdan ayovsiz foydalanish oqibatida tuproq va shamol eroziyasi cho'llanish jarayonlarini yanada tezlashtiryapti. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning baholash natijalariga ko'ra, hozir barcha yerlarning uchdan bir qismi tuproq eroziyasi, ya'ni nurash, shiballanish, germitizatsiyalashuv (zichlashishi), tuproqning sho'rlanishi, tuproqdan organik va oziq moddalarining yuvilib ketishi, erning ifloslanishi va boshqa jarayonlar ta'sirida tanazzulga uchramoqda. Buning asosiy sababi sifatida esa insonlarning yer resurslaridan noto'g'ri va noo'rin foydalanishi ko'rsatilyapti.

    Gruziyadagi UGA universiteti tuproqshunos olimi Julia Gaskinning aytishicha, so'nggi 150 yil ichida dunyodagi tuproqlar o'zining unumdorligini ta'minlovchi asosiy qurilish bloklarining yarmini yo'qotdi. Endi buni tiklash uchun ko'p vaqt talab etiladi. Ma'lumotlarga qaraganda, 1 santimetr yer o'zini tiklashi uchun 100 yil vaqt sarflanishi mumkin ekan. Dunyodagi yerlarning 40 foizi halokatga uchragani, buning ustiga tabiiy resurslarga insonning ta'sir bosimi oshib borayotganini hisobga olsak, insoniyat halokat yoqasida turibdi. Agar zudlik bilan muammoni hal qilishning yangi yechimlari joriy qilinmasa, haydalgan va unumdor yerlarning umumiy maydoni 2050-yilga borib keskin ravishda qisqarib ketishi mumkin.

    Barcha harakatlar tuproq unumdorligini asrab qolishga qaratilgan

    Tuproq degradatsiyasi tuproqlar tarkibidagi foydali mikroorganizmlar populyatsiyalarining kamayib ketishida ham ko'rinadi. Bundan bir necha o'n yillar avval tuproqlarimiz tuproq unumdorligi va hosildorlikni belgilab beruvchi mikroorganizmlarga boy bo'lgan bo'lsa, hozir unday deya olmaymiz. Sobiq Sho'ro davlatida o'ziga xos usulda, ayrim hollarda, g'ayriilmiy tarzda yoki ilmiy isbotlarsiz tizimlashtirilgan qishloq xo'jaligi yillar o'tishi bilan ulkan iqtisodiy hamda ekologik muammolarni keltirib chiqardi.

    Qishloq xo'jaligi menejmentidan boshlab turli ekinlar navlarini joylashtirish, o'g'itlash va kasalliklarga qarshi kurashishning ilmiy asoslanmagan usullari oxir-oqibat, hosildorlikning keskin kamayishi, tuproqlarning buzilishi, har xil kasalliklarning ko'payishi ortidan hosilning nobud bo'lishiga olib keldi. Bu borada, ayniqsa, turli-tuman mineral o'g'itlar va agrozaharlarning haddan tashqari ko'p qo'llanilishi O'zbekiston tuproqlarining biologik va agrokimyoviy xususiyatlariga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmadi.

    So'nggi statistik ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizdagi sug'oriladigan yer maydonlarining 47 foizi turli darajada sho'rlangan tuproqlardan iborat. Afsuski, dehqonni og'ir ahvolga solib qo'yadigan “sho'r” muammosiga hali ham yechim topilganicha yo'q. Ammo bir narsa quvonarli, oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori qishloq xo'jaligini rivojlantirish yangi bosqichga chiqdi. Soha ilm-fan asosida o'rganilyapti, mavjud muammolar esa eng ilg'or texnologiyalar orqali hal etilmoqda. Odamlarning erga bo'lgan munosabati kun sayin o'zgarmoqda. Bugungi klaster va dehqon-fermerlar o'z yerlarining unumdorligini oshirish orqali qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko'paytirishga xissa qo'shyapti. Sohaning mutaxassis olimlari yangi innovatsiyalarni yaratish va amaliyotga qo'llash yo'lida tinimsiz izlanyapti. Mutaxassislar yer egalariga tuproqlarida kechadigan degradatsiya jaryonlari va ularning oldini olish, unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan agrotexnik, agromeliorativ tadbirlarni qo'llash bo'yicha muntazam tavsiyalar berib bormoqda. Buning uchun alohida agroxizmatlar markazlari tashkil etilyapti.

    Umuman, yerdan samarali, oqilona foydalanish bugun va kelajak talab qilayotgan zaruratdir. Yuqoridagi qaror bilan yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish va ularning oldini olish hamda tuproqlarni muhofaza qilish bo'yicha harakatlar rejasi hamda yerlar degradatsiyasi to'g'risidagi ma'lumotlarni to'plash, tahlil qilish va qayta ishlashning yagona tizimini yuritish sxemasi ishlab chiqilgani boisi ham shunda.

    O'zbekiston qishloq xo'jalik faoliyatida yaroqli yer maydonlarining kamligi tabiat boyliklari va yer-suv manbalaridan foydalanishning yangi va samarador yo'nalishlarini izlab topishni talab etadi.

    Institut olimlari tomonidan yerlar degradatsiyasi jarayonlarini kamaytirish va oldini olishning prognoz ko'rsatkichlarini ishlab chiqish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tuzilmoqda. Mazkur “Yo'l xaritasi” tuproqlar gumussizlanishining oldini olish, sho'rlanishini kamaytirish, tuproqni organik moddaga boyitish bo'yicha ishlab chiqilgan agrotexnologiyalar bo'yicha ilmiy asoslangan fikr mulohazalar va tavsiyalarni o'z ichiga qamrab oladi.

    Mamlakatimizda cho'llanishga qarshi kurashning milliy dasturi ham ishlab chiqilgan. Dasturga ko'ra, yerlar degradatsiyasining hajmini qisqartirish yoki uning oldini olish, cho'llanishga duchor bo'lgan yerlarni qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi. Bunda yerlarni namlantirish, suv tarmoqlarini tortish, umuman, suvsizlik masalasini hal etish bo'yicha ham vazifalar belgilangan.

    Sir emas, iqtisodi asosan qishloq ho'jaligiga moslashgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv tanqisligi allaqachon sezila boshlagan. Buning oqibatida cho'llanish, sho'rlanish kabi hodisalar soni ko'payib bormoqda. Kelajakda iqlimning tobora isib borishi va cho'l zonalarining ortishi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga salbiy ta'sirni oshirishi borasida xulosalar ham yo'q emas.

    Afsuski, mamlakatimizda ham sug'oriladigan yer maydonlari yildan-yilga qisqarib bormoqda. Orolning qurigan hududidan tuz va boshqa mineral moddalarning shamol orqali tarqalishi, suv taqchilligi oqibatida cho'llanish darajasi ortyapti. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida cho'llanish darajasi nisbatan yuqori. Ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda 22 million gektar yer cho'llanishga moyil hudud hisoblanar ekan.

    Zamonaviy ilm va ilg'or texnologiyalar bu muammoga echim topishi mumkin. Oxirgi yillarda mamlakatimiz qishloq xo'jaligida ekinlarni tomchilatib sug'orish, zamonaviy gidroponika, aeroponika usullarida etishtirish ommalashib boryapti. Suv tanqis hududlarda artezian quduqlar qazilyapti. Buni qishloq xo'jaligiga biologik dehqonchilik usullari va tajribalarini bosqichma-bosqich tadbiq etishning ilk ko'rinishlari, deyish mumkin.

    Umuman, yerlarning unumdorligini oshirish, degradatsiyaga uchragan maydonlarni avvalgi holatiga qaytarish oson jarayon emas. Buning uchun olimlarimiz tinimsiz izlanishlar, tadqiqot ishlari olib boryapti. Hozirgi vaqtda insitutning Tuproq unumdorligini boshqarish va baholash bo'limi xodimlari bevosita joylarda dala-tadqiqotlari, o'quv-seminarlari tashkil etib, mavjud maummolarni bartaraf etish bo'yicha ilmiy amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish bilan shug'ullanmoqda. Baholash tadbirlari asnosida qarorda belgilanganidek, degradatsiyaga uchragan yer uchastkalarining elektron xaritalari yaratiladi. Bu esa vaziyatni yanada aniq tahlil qilish hamda yerlar unumdorligini oshirishda tezkor chora-tadbirlarni qo'llashga xizmat qiladi.

    Shuhrat BOBOMURODOV,

    Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori,

    biologiya fanlari doktori

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 13.07.22-yil, 140-sonida chop etilgan)