Oliy ta’lim rivoji uchun tinimsiz mehnat qilindi, olamshumul o‘zgarishlar amalga oshirildi. Soha qonunchiligi yoshlar manfaatlari yo‘lida yillar osha tubdan o‘zgarib bordi. Yoshlar uchun ko‘plab imtiyozlar, imkoniyatlar yaratildiki, bugun oliy ta’limda ularning qamrovi 9 foizdan 42 foizga ko‘tarildi. Oliygohlar soni esa 200 tadan oshdi. Demakki, tizimda katta sakrash davri ro‘y berdi, desak ayni haqiqat bo‘ladi.
Bugun yosh avlod mana shu baxtli kunlarning chin egasi. Yoshlar mamlakati bo‘lgan bu yurtda ular uchun ochilmagan eshikning, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Mehr-e’tibor, qo‘llab-quvvatlash yoki turli imtiyozlarning barchasi – shu el farzandlari uchun. Ularning farovon hayoti, baxtli kelajagi, ertasi uchun so‘nggi yillar davomida mamlakatimiz hayotiga daxldor misli ko‘rilmagan islohotlar kechdi.
Ilm yo‘lini tanlagan, bilimga chanqoq yoshlar uchun xalqimiz uzoq yillar kutgan o‘zgarishlar sodir bo‘ldiki, yana qayta talaba bo‘lgisi keladi odamning.
Islohot, sharoit va huquq
Islohotlar xususida har qancha gapirilsa, fikr bildirilsa – arzigulik. Ulardan birini tahlil etsak. Prezidentimizning 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori vaqtida qabul qilingan, oliy ta’lim tizimini katta taraqqiyot yo‘liga olib chiquvchi muhim hujjat bo‘ldi. Chunki tizimga innovatsiya yangiliklarini kiritish asosidagina ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash mumkin. Yoshlarning intellektual qiyofasini ko‘tarishga qaratilgan bu o‘zgarish sohaning barcha yo‘nalishlariga o‘ziga xos shiddatli to‘lqin berdi va yoshlarimiz orzulagan kunlar ketma-ket sodir bo‘layotgan yangiliklar bilan yorishib ketdi.
O‘zgarishlar jarayonida oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikligi gurkirab rivojlana boshladi. Hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oshib bordi. Ko‘plab oliygohlar qaddini ko‘tarib, nufuzli xalqaro reytinglar ro‘yxatidan o‘rin egalladi. Oliygohlarga berilgan akademik mustaqillik esa O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirishga, oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etishga katta imkoniyat yaratdi.
Bu kabi o‘zgarishlar so‘nggi besh yillikda shiddatli tus oldi va mamlakatning barcha fuqarolari uchun oliy ma’lumotni kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shaklida olishga sharoit yuzaga keldi. Endilikda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sof raqobat, mehnat bozorida o‘zining yetuk kadrlari bilan munosib o‘rin egallash uchun kuchli intilish boshlandi.
Halol ta’lim – shaffof tizim va milliy tarbiya
Yoshlarning oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishidan boshlab, test imtihonlarini o‘tkazish, ularni baholash va ommaga yetkazishgacha bo‘lgan mukammal va shaffof tizim yaratildiki, talaba hamma jarayonni o‘zi xolis ravishda maxsus platformalarda boshqara oladi. Zamonaviy texnologiya yordamida onlayn translyatsiya orqali ota-onalarimiz oliygohlarda yaratilgan shart-sharoitlardan bemalol foydalanib, farzandlarining imtihon jarayonini kuzatib bormoqda.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklash bo‘yicha barcha bosqichlarni ochiq amalga oshirish maqsadida arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlari uchun maxsus avtomatlashtirilgan onlayn dastur joriy qilindi.
Ayniqsa, magistratura bosqichiga qabul jarayonlari abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilishi korrupsion holatlar ildiziga bolta urdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida kredit-modul tizimi joriy etildi. Buning natijasida yoshlarda o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyati oshib bordi. Shu bilan birga, bu tizim ta’lim sifatini oshirishga, shaffoflikni ta’minlashga, korrupsiyaga barham berishga, ta’lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarishga hamda talabaning mustaqil o‘qib-o‘rganib, o‘z ustida ishlashiga zamin yaratdi.
Prezidentimizning 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish “HEMIS” axborot tizimi joriy etildi. Natijada ta’lim jarayonining samaradorligi va shaffofligi ortib bordi. Raqamlashtirish orqali qog‘ozbozlik kamayib, professor-o‘qituvchilar uchun asosiy vaqtlarini bilim berish va izlanish bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratildi. Buning mevasi sifatida ta’lim sifati va ish unumdorligi sezilarli ravishda orta boshladi. Professor-o‘qituvchilar va talabalarga elektron ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti takomillashdi. Talabalar davomati yaxshilanishiga olib keldi.
Demak, haqli ravishda aytish mumkinki, yoshlarimiz orzulagan kunlar bugun keldi. Mamlakat drayveriga aylana olgan oliy ta’lim tizimi yoshlar ko‘z o‘ngida va xalqaro hamjamiyat nigohida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mevasini ko‘rsatib berdi.
Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi
Yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi” ezgu g‘oyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va xotin-qizlarimiz hayoti yanada yaxshi bo‘lishi, ta’lim olishi uchun bemisl o‘zgarishlar boshlandi.
2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga asosan, oliy ta’lim muassasalari, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat budjetidan qoplab berilishi O‘zbekistonda amalga oshirilgan eng insonparvar islohotlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Millat taraqqiyoti, jamiyat rivoji uchun ayollarimizning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi va ijtimoiy faolligini rag‘batlantirishga ehtiyoj katta edi. Bu ehtiyojni qondirish uchun nafaqat o‘qishda, balki ishda ham, oilada ham, umuman, barcha jabhada ayollar qadrlandi, ularning ilm olishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashiga munosib shart-sharoitlar yaratildi. Zero, xotin-qizlar, ayollarimizga ko‘rsatilayotgan mehr, ehtirom ertaga mamlakat taraqqiyoti, bilimli avlod kamoloti uchun poydevor bo‘ladi.
“Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin?”
2022-yil 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayramda Prezidentimiz mamlakatimiz yoshlarini tabriklar ekan, xalq shoiri G‘afur G‘ulomning yuqoridagi yoniq misralarini yodga oldi.
Ko‘plab ko‘ngli yarim yoshlarning diliga quvonch, hayotiga baxtiyorlik baxsh etgan voqeliklardan yana biri 2020-yil 23-sentabrda “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunning qabul qilinishi, 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon asosida inklyuziv ta’lim shakli joriy etilishi bo‘ldi. Farg‘ona davlat universitetida ham inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildiki, natijada universitetda 2016 yilda nogiron talabalar kontingenti 15 nafar bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 230 nafarni tashkil etib, 15 barobar oshdi.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lov-shartnoma summasini teng ulushda, o‘quv yili davomida to‘rt marotaba bo‘lib to‘lash huquqi berildi. Bu esa talabadagi havotir, guruhdoshlari oldidagi xijolatli vaziyatlarni bartaraf etib, oliygoh va yoshlar o‘rtasida katta ishonch ko‘prigini hosil qildi.
Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda shunday imtiyozlar taqdim etildiki, yoshlarning ta’lim tizimi xususidagi qarashlari, nuqtayi nazarlari butkul o‘zgarib ketdi. Xususan, imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi qator imtiyozlar belgilandi. Ular yoshlar ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, hayot yo‘llarida suyanch ustuniga aylandi.
Joriy yil 24-may kuni yana bir muhim hujjat qabul qilindi. Prezidentimizning “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risi”dagi farmoni asosida 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga ustuvorlik berildi. Farmonda ta’lim oluvchilar manfaatlarini ko‘zlovchi shu kabi ko‘plab yangi tartib va o‘zgarishlar belgilangan.
Yoshlarimiz oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingandan so‘ng ham uning talaba sifatidagi imkoniyatlari davom etadi. Joriy etilgan imtiyozlar endi uni sifatli ta’lim olish va o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishish uchun ruhlantirishga xizmat qiladi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab barcha bosqichlar talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshirilib, talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi. Shuningdek, ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-2-guruh nogironligi borlar, chin yetimlar (ota-onasining har ikkisi vafot etganlar) va yetimlar (ota-onalaridan biri vafot etganlar), mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar imtiyoz asosida yotoqxona to‘lovlaridan butkul ozod qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarga BHMning yarim barobari miqdorida ijara puli to‘lab berilmoqda.
Mazkur imkoniyatlar mohiyatini anglagan holda aytish kerakki, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ularning ta’lim olishidan tortib qayerda va qanday yashashigacha qayg‘urishga farzandlarimiz faqat o‘qish, izlanish va o‘z vatani, millati uchun qayg‘uradigan chin inson bo‘lib yetishish bilan javob qaytarishi kerak.
Bugun bu o‘zgarishlar ta’limning qaysi bo‘g‘inida sodir bo‘lmasin, tizimdagi ko‘rsatkichlar hali O‘zbekistonda ma’rifat, ilm-fan uchun Renessans davrining boshlanishi ekani, kelgusida yoshlarimizni bundan-da katta imkoniyatlar kutayotganini bugun hamma kundan kunga chuqur anglab yetmoqda.
Bahodirjon ShЕRMUHAMMADOV,
pedagogika fanlari doktori, professor
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 161-sonida (2024-yil 13-avgust) chop etilgan.