Oʻzgarishlar falsafasi

    Bir sohadagi oʻzgarishlar boshqa sohalarda ham oʻzgarishlar keltirib chiqaradi. Ayni damlarda qizgʻin pallaga kirgan konstitutsiyaviy islohotlar ham jamiyatimizdagi chuqur oʻzgarishlar taʼsirida yuzaga keldi.

    Soʻzboshi

    Oʻzgarishlar hayotimizning ajralmas xususiyatidir. Oʻzgarishlar narsa va hodisalarning bir holatdan boshqa holatga oʻtishini nazarda tutadi. Oʻzgarishlar barcha tizimlarda kuzatiladi. Ular turli omillar taʼsirida yuzaga keladi va turli oqibatlar keltirib chiqaradi. Geraklitning fikricha, barcha narsalar doimiy oʻzgarish holatida boʻladi. Forobiyning taʼbiricha, mavjudotning darajalari nomukammallikdan boshlanadi va mukamallikka, takomilga qarab boradi. I.Kant oʻzgarishlar uzluksiz tabiatga ega ekanini qayd etadi. T.Gobbs oʻzgarishlarni harakat bilan aynan bir narsa, deb biladi. Koʻrinib turibdiki, “oʻzgarish” tushunchasi rivojlanish, taraqqiyot, oʻsish, evolyutsiya, transformatsiya, modifikatsiya, yuksalish, takomil kabi tushunchalar bilan bir qatorda turadi.

    Konstitutsiyani oʻzgartirish shartmi?

    Maqolamizni oʻzgarishlar haqidagi fikrlardan boshlaganimiz bejiz emas. Oʻzbekiston ham chuqur oʻzgarishlarni boshidan kechirmoqda. Mohiyatan bu oʻzgarishlar tub oʻzgarish boʻlib, surʼatlariga koʻra jadal oʻzgarishlar hisoblanadi, miqyosiga koʻra tizimli oʻzgarishlar, deb atalishga haqli, chunki ular butun davlat va jamiyatni qamrab olmoqda. Oʻzgarishlarning muhim xossasi – ularning oʻzaro bogʻliqligi. Yaʼni bir sohadagi oʻzgarishlar boshqa sohalarda ham oʻzgarishlar keltirib chiqaradi. Ayni damlarda qizgʻin pallaga kirgan konstitutsiyaviy islohotlar ham jamiyatimizdagi chuqur oʻzgarishlar taʼsirida yuzaga keldi.

    Bir tasavvur qilib koʻraylik, bundan olti yil avval naqd pul olish va valyuta ayriboshlash operatsiyalari bugungidek yengil bitarmidi? Majburiy mehnatga barham berilishini yoki mehnat muhojirlariga boʻlgan munosabatning mutlaq oʻzgarishini tasavvurimizga sigʻdira olarmidik? Mavjud muammolar haqida hozirgi blogerlardek baralla ovozda tanqidiy gapira olarmidik? Jamoatchilik nazoratining kuchi bilan katta reja va loyihalarni toʻxtata olarmidik? “Vatansiz” degan maqomini Oʻzbekiston pasportiga almashtirganlar qanchani tashkil etardi? Qoʻshni davlatlarga chiqib kelish shu qadar osonmidi? Minglab insonlarning taqdiridagi bu oʻzgarishlar mamlakatimiz yangi Oʻzbekiston, deb atalishiga mustahkam asos boʻldi.

    Darhaqiqat, oxirgi yillarda Oʻzbekistondagi hayot mazmuni oʻzgardi, jarayonlar yangicha sifat kasb etdi, yangi vazifalar kun tartibidan oʻrin oldi, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo oʻzgardi. Natijada bu oʻzgarishlarning barchasini Bosh qonunimizda aks ettirish zarurati vujudga keldi.

    Aslida Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni, oliy yuridik kuchga ega hujjatdir. Jaydari tilda uni “qonunlar qonuni” desa ham boʻladi. 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqillik mahsuli boʻldi, unda suveren mamlakat sifatida mavjudligimiz eʼlon qilindi. Konstitutsiyani yaratishda bevosita ishtirok etgan insonlar qatorida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nomi ham tilga olinadi. 1990-yilda tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaning aʼzosi sifatida Prezidentimiz ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganini doimo faxr bilan eslaydi.

    Oʻtgan vaqt davomida Konstitutsiya hayotimizda yuz bergan qanchadan-qancha oʻzgarishlarga huquqiy zamin boʻldi. Shu vaqtgacha erishgan barcha yutuq, natija va marralarimizni Bosh qonunimiz bilan bogʻlamay ilojimiz yoʻq. Uzoqni koʻzlab yaratilgani va har tomonlama puxta ishlab chiqilgani bois, Konstitutsiyamiz uzoq vaqt davomida jiddiy oʻzgartirishlarsiz amal qildi. Lekin har qanday qonun singari Konstitutsiya ham kelgusidagi barcha oʻzgarishlarni nazarda tuta olmaydi. Dunyoda mutlaqo oʻzgarmagan Konstitutsiya yoʻqligi ham shundan.

    Jahon tajribasi koʻrsatadiki, Konstitutsiya qabul qilinganidan soʻng dastlabki yillarda unga muayyan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritiladi. Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. 1789-yildan buyon Fransiyada 16 ta Konstitutsiya qabul qilingan. 1958-yilda qabul qilingan va hozir amal qiluvchi Konstitutsiya – Fransiyada 17-sidir. Hisob-kitob qilinsa, Fransiya tarixida oʻrtacha har 13-14 yilda Konstitutsiya yangilanganini koʻrish mumkin. Yangi konstitutsiyalar qabul qilish va ularga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Fransiya jahon rekordini oʻrnatgan, degan fikr ham yoʻq emas.

    Tabiiyki, Oʻzbekiston Konstitutsiyasi ham abadiy oʻzgarmas hujjat emas. Hayotimizdagi chuqur yangilanishlar va tub oʻzgarishlar Konstitutsiyadan, albatta, oʻrin topmogʻi lozim. Boshqacha aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash zarurati yuzaga keldi. Ayni paytda hayot oldimizga qoʻyayotgan dolzarb vazifalar va oʻtkir muammolar ham Konstitutsiyada oʻzgarishlar yasashni taqozo etadi.

    Konstitutsiyani kim yozdi?

    30-aprel – “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkaziladigan sanagacha oz vaqt qoldi. Shu bois, bugungi kunda yangilanayotgan Konstitutsiyamizning hayotimizda tutajak oʻrni va ahamiyati haqida soʻzlash ayni muddao.

    Koʻplab muhokamalarda Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi “Xalq Konstitutsiyasi” deya atalayotganini koʻrish mumkin. Hujjatning bunday sifatlanishini turlicha talqin qilsa boʻladi. Bir tomondan, yangi tahriridagi Konstitutsiya xalq tomonidan yaratilgan, degan ishora bor. Ikkinchi tomondan, bu hujjat xalq foydasi uchun xizmat qiladi, unda xalq manfaatlari ustuvor qoʻyilgan, mansabdorlarning xalqqa nisbatan suiisteʼmollariga cheklovlar qoʻyilgan, degan maʼnoni uqib olasiz.

    “Xalq Konstitutsiyasi” degan oʻxshatmaning haqiqatga mosligini tekshirib koʻramiz. Tan olish kerak, ilgari Konstitutsiyaning tayyor loyihasi xalqqa taqdim qilinar edi. Bu loyiha huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa ekspertlar tomonidan tayyorlanardi. Bu safar esa Konstitutsiya loyihasini shakllantirish jarayoni ham xalqimiz ixtiyoriga berildi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya loyihasi kabinetlarda emas, xonadonlarda, mehnat jamoalarida, guzarlarda ishlab chiqildi.

    Fuqarolarimizdan 60 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Muhimi – bu takliflarning taxminan har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy oldi. Keyingi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Muhokama davomida loyiha bilan 5 million aholi tanishdi, 150 mingdan ziyod taklif bildirildi. Bundan tashqari, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda yana 10 mingga yaqin taklif berildi. Yuqoridagi raqamlar Konstitutsiya loyihasining tom maʼnodagi muallifi xalq ekanini dalillaydi.

    Biroq, tan olish kerak, Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish – shunchaki oddiy va oson ish emas. Xalq fikrini oʻrganishdan tashqari bu jarayon har bir masalani aql chigʻirigʻidan oʻtkazishni, yangi moddalarning Oʻzbekiston amaliyotida qanday ishlashini chamalab koʻrishni, rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasini sinchiklab oʻrganishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, loyihani tayyorlash davomida 190 dan ortiq davlat tajribasi oʻrganildi, hujjat 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazilib, puxtalandi. Koʻrinib turibdiki, Konstitutsiya loyihasi koʻplab muhokamalar, bahslar va peshona teri mahsuli sifatida dunyoga keldi. Bu hujjat ustida mashaqqatli mehnat qilindi, u umumxalq muhokamasida toblandi, xalqdan tushgan takliflar bilan boyitildi, bir necha karra ekspertizadan oʻtkazilib, pishitildi.

    Ana endi Konstitutsiya loyihasini xalqchillik tarozusida oʻlchab koʻraylik. Aslida xalqning faol ishtirokida tayyorlangani Konstitutsiya loyihasining xalqchil boʻlishini taʼminlaydi. Chunki xalq oʻz manfaatlariga zarar keltiradigan takliflar bilan chiqmaydi. Bundan tashqari, Konstitutsiya loyihasi “mualliflari”ning bu qadar koʻpligi hujjatda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini kafolatlaydi. Shunday boʻlsa-da, loyihada xalqqa qayishishni nazarda tutadigan ayrim moddalarga toʻxtalish oʻrinli.

    Tegishli moddalarni qidirib, hujjatni uzoq varaqlashning hojati yoʻq: yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasidayoq Oʻzbekistonning xalqparvar davlat ekani mustahkamlab qoʻyilgan. Aniqrogʻi, ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy davlat ekani belgilangan. Nazariyalarda ijtimoiy davlatda siyosat ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq yuritilishi, har bir fuqaroning munosib turmush sifati taʼminlanishi, eng muhimi, ehtiyojmandlarga davlat yordam qoʻlini choʻzishi eʼtirof etiladi. Olimlar aynan ijtimoiy davlat gʻoyalari Yevropa mamlakatlarining farovonlikka erishishiga poydevor boʻlganini uqtiradi.

    Davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy masʼuliyati, ijtimoiy sohani rivojlantirishga byudjetdan ajratmalarning koʻp boʻlishi, aholini ijtimoiy himoyalash tizimi rivojlangani, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining qoʻllab-quvvatlanishi kabilar ijtimoiy davlatning muhim belgilaridir. Boshqacha aytganda, ijtimoiy davlatda davlat idoralari bilan jamiyat aʼzolarining maqsadlari va manfaatlari bir-biriga nihoyatda yaqin, mushtarak boʻladi. Jaydari aytganda, ijtimoiy davlat fuqarolar haqida gʻamxoʻrlik qilishni oʻzining bosh vazifasi deb biladi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ijtimoiy davlat gʻoyasi shunchaki deklarativ tarzda bayon etilmagan, balki bu gʻoyaning ishlash mexanizmlari va kafolatlari aks ettirilgan. Gapimiz quruq boʻlmasligi uchun ulardan ayrimlarini keltiramiz. 43-modda: “Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi”. 42-modda: “Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlashi zarur”. 50-modda: “Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi”. Hujjatning 57-moddasida esa ijtimoiy davlatning deyarli barcha funksiyalari jamlangan: “Davlat aholining ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirish choralarini koʻradi. Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashadi”.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar amaldagisidagidan 3 barobar koʻpaytirilyapti. Shu bois, bitta maqola hajmi doirasida ijtimoiy davlat gʻoyalarini aks ettiruvchi yangi moddalarni sharhlash emas, aks ettirishning oʻzi amri mahol. Eng muhimi, bu moddalar orqali oʻz muammolariga yechim topgan qanchadan-qancha hojatmand kishilar, ularning oila aʼzolari, yaqinlarining qalbiga mehr urugʻlari qadaladi. Bu esa yangi tahrirdagi Konstitutsiya tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganidan dalolat beradi.

    Miqdor oʻzgarishlaridan – sifat oʻzgarishlariga

    Falsafada miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga aylanishi qonuni mavjud. Dialektikaning bu qonuni harakat va rivojlanishning qay tarzda yuz berishini tushuntirishga xizmat qiladi. Bu qonunga koʻra, koʻzga tashlanmaydigan, asta-sekin yuz beradigan miqdor oʻzgarishlari (miqdorning ortishi yoki kamayishi) muayyan vaqt oʻtgach, jiddiy va katta sifat oʻzgarishlariga, eski sifatdan yangi sifatga oʻtilishiga olib keladi. Bu qonun tabiat, jamiyat va tafakkur rivoji bilan bogʻliq barcha jarayonlarda amal qiladi. Bu qonunni maqolada keltirishdan maqsad-muddao nima?

    Bu savolga javob berish uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasidagi miqdor oʻzgarishlarini ifodalaydigan ayrim raqamlarni keltiramiz. Moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpaydi, normalar soni esa 275 tadan 434 taga yetdi. Natijada Konstitutsiya matni 65 foiz yangilandi va, tabiiyki, miqdor oʻzgarishlari sifat oʻzgarishlarini keltirib chiqardi. Shuning uchun hujjat nomi “Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar”dan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya”ga oʻzgartirildi.

    Navbatdagi hisob-kitoblarga yuzlanamiz: Senatni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilanmoqda. Hujjatda inson huquq va erkinliklariga oid normalar 3 barobardan ziyodga oshmoqda. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya inson huquqlarining kafiliga aylanmoqda. Loyihada aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirilmoqda.

    Amaldagi Konstitutsiya boʻyicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta boʻlgan boʻlsa, loyihaga asosan, 12 ta yetmoqda. Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga ortmoqda. Raqamlardagi bu oʻzgarishlar shunchaki deklarativ emas, ular tegishli sohalarda rivojlanishni keltirib chiqarishi, tub burilishlarga sabab boʻlishi, sifat oʻzgarishlariga aylanishi muqarrar.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada miqdor, son, raqam bilan bogʻliq boʻlmasa-da, insonlar hayotiga belgilovchi taʼsir koʻrsatadigan moddalar ham talaygina. Jumladan, 52-moddada bunday bitilgan: “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”. Eʼtibor bering, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oʻqituvchilarning haq-huquqi, qadr-qimmati, shaʼnu-sharafining himoyachisiga aylanmoqda. Yuqoridagi moddaning oliy yuridik kuchga ega Konstitutsiyada mustahkamlanishi 658 mingdan ziyod muallimu ustoz hayotida sifat oʻzgarishlari yasamaydimi?

    Konstitutsiya loyihasidagi 44-moddaga nazar tashlaylik: “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”. Birgina shu moddaning oʻzi millionlab yoshlardan bepul mehnat quroli sifatida foydalanishga, ularning ekspluatatsiyasiga chek qoʻymaydimi, ularning har tomonlama rivojini kafolatlamaydimi? Demakki, jamiyatimizning yarmidan ortigʻini tashkil etgan yoshlarning hayoti sifati oʻzgarishiga olib kelmaydimi? Bu savolllarga javob topish oʻzingizga havola.

    Konstitutsiyadagi cheklovlar

    Konstitutsiya huquqiy normalarning shunchaki majmui emas. Konstitutsiya jamiyat hayotining koʻzgusi hamdir. Unda turli hokimiyat idoralarining vazifalari va vakolatlari, davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamlanadi. Eng muhimi, Asosiy qonunda jamiyatda ustuvor boʻlgan ruhiyat, qarashlar, tasavvurlar, intilishlar, maqsadlar ham oʻz ifodasini topadi. Shunday ekan, Konstitutsiyamizning yangi tahririda qanday ruhiyat ustuvor? Uning moddalariga “davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” degan insonparvar gʻoya singdirilganmi? Bundan buyon ham xalqqa qayishish, odamlarni rozi qilish siyosati davom etadimi? Bu kabi savollar har bir oʻzbekistonlikni oʻylantirishi tabiiy.

    Aslida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikka intilish barcha Konstitutsiyalarga xos xususiyatdir. Konstitutsiya fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash uchun mavjud hokimiyatni muayyan darajada cheklaydi. Chunki inson huquqlarini kafolatlash uchun ularga nisbatan qilinadigan turli suiisteʼmolchiliklarni cheklash zarur. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida “taqiqlanadi”, “haqli emas”, “mumkin emas” jumlalari koʻplab uchrashining boisi ham shunda. Misol sifatida ayrim moddalarni keltirish oʻrinli. 42-modda: “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.” 44-modda: “...majburiy mehnat taqiqlanadi”. 25-modda: “Oʻlim jazosi taqiqlanadi”. 28-modda: “Shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas”. Yoki uzoq kutilgan 67-moddaga nazar tashlang: “Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”. 120-moddadagi “Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas”, degan qoida ham shular jumlasidandir.

    “Bir kishining erkinligi boshqa birovning erkinligi boshlangan joyda tugaydi”, degan ibora keng tarqalgani bejiz emas. Konstitutsiyaning aynan shu xususiyati, yaʼni davlat idoralarining vakolatlarini cheklashi, mansabdorlarni suiisteʼmolliklardan tiyishi bu hujjatni inson huquqlari kafiliga, ijtimoiy barqarorlik poydevoriga aylantiradi.

    Shu oʻrinda Konstitutsiya loyihasidan oʻrin olgan 37-moddaga eʼtibor qaratmoqchiman: “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar. Davlat xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar qonun bilan belgilanadi”.

    Davlat xizmati instituti mamlakatni boshqarishda muhim oʻrin egallaydi. Davlat xizmatchilari davlat idoralarining vakolatlarini amalga oshirish boʻyicha professional faoliyat yuritadilar. Rivojlanish surʼatlari ham, islohotlar samarasi ham, odamlarning hayot sifati ham, aholi kayfiyati ham davlat xizmatchilari faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarini tanlash, ularni rivojlantirish va lavozimda oʻstirishning yangi tizimi shakllandi. Ilgari ishga hal qilish “obyektivka” deb atalmish hujjatning orqa tomonidan oʻrin olgan maʼlumotlarga bogʻliq boʻlgan. Kadrlarning shaxsiy fazilatlari, bilimi, ish malakasidan koʻra, nomzodning qarindosh-urugʻlari haqidagi maʼlumot yoki jaydari tilda aytganda, uning “tankasi” kim ekani muhim boʻlgan. Kadrlarning qanday vazifalarini uddalagani, erishgan yutuqlari, qaysi koʻnikma va kompetensiyalar sohibi ekani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bu hujjatda aks ettirilmagan.

    Bugungi kunda “meritokratiya” atamasi kitoblardan hayotga, nazariyadan amaliyotga koʻchdi. Eng munosiblarning hokimiyatga kelishini oʻzida ifodalaydigan meritokratiya tamoyili tufayli qobiliyatli, tirishqoq va layoqatli nomzodlar uchun rahbarlik eshiklari ochildi. Yoshlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Bilimli va yurtiga sadoqatli kadrlar 22 yoshidayoq vazir oʻrinbosari boʻlishi mumkinligi Oʻzbekiston amaliyotida isbotlandi.

    Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan soʻnggi 2 yil davomida oʻtkazilgan tanlovlarda 1,3 milliondan ziyod nomzod (shu jumladan, 2022-yilda 919 ming 30 nafar) ishtirok etib, ularning jami 45 ming 349 nafari (shundan 39 ming 333 nafari 2022-yilda) tanlov gʻolibi sifatida vakant lavozimlarni egalladi. Konstitutsiya loyihasining 37-moddasida huquqiy mustahkamlangan yangi qoida ham davlat xizmati tizimida qatorlarimiz va kadrlarimizning sofligini taʼminlashi muqarrar. Ishonamanki, shu modda asosida ishga kirgan davlat xizmatchilari Yangi Oʻzbekiston rahbarlar korpusining oltin zaxirasini toʻldiradi.

    Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va davlat siyosatining oʻzak tamoyiliga aylangan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan gʻoya yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga singdirilgan.

    Targʻibot nimaga kerak?

    Moddiy jihatdan Konstitutsiya moʻjazgina yozma hujjatdir. Davlat tuzumi asoslarini ifodalagani uchun bu hujjat biroz deklarativ tabiatga egadek tuyuladi. Shu bois boʻlsa kerak, ayrimlar Konstitutsiyaga oʻzidan begona narsa, shunchaki bir ramz sifatida qaraydi. Aslida Konstitutsiya nafaqat davlat va jamiyat, balki har bir inson hayotida muhim rol oʻynaydi. Chunki uning har bir moddasi ortida odamlar taqdiri turibdi. Shuning uchun Konstitutsiyaning oʻzgartirilishi oson ish emas. Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasini umumxalq ovoz berish, yaʼni referendum yoʻli bilan qabul qilayotganimizning sababi ham shunda.

    Konstitutsiya oʻz-oʻzidan ishlamaydi. Konstitutsiya normalarining hayotbaxsh samarasini koʻrish uchun uning moddalarini anglash va qoʻllay bilish kerak. “Oʻzi Konstitutsiya nima vazifani bajaradi?” degan savolni oʻzimizga bersak, javobimiz oddiy boʻladi: u feʼl-atvorimizni, hayotimizni, munosabatlarimizni tartibga soladi. Aynan Konstitutsiya bizga nima mumkin-u, nima man qilinganini oʻrgatadi. Bu jihatdan Konstitutsiya oʻziga xos tarbiyachi rolini bajaradi. Ikkinchi tarafdan, u ojizlarni kuchlilardan himoyalash vositasi sifatida mamlakatda adolat oʻrnatadi.

    Shuning uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini aholi oʻrtasida keng targʻib etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan davlat idoralari emas, eng avvalo, fuqarolar manfaatdor boʻladi. Zero, Konstitutsiyani yaxshi bilgan inson oʻzining davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanini ham biladi va shunga yarasha yashaydi, harakat qiladi, fikr yuritadi. Konstitutsiya moddalarini “suvdek ichib olgan” inson bu hujjatdan koʻplab tajovuz va oʻzboshimchaliklarga qarshi qurol, oʻz huquq va manfaatlarining ishonchli qalqoni sifatida mohirona foydalana oladi.

    Targʻibot vositasida yangi moddalarning xalqchil tabiati haqida axborot olgan odamlar ularning qabul qilinishi va hayotda roʻyobga chiqishi haqida qaygʻuradi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya targʻiboti fuqarolarning siyosiy ongi yuksalishiga, huquqiy madaniyati ortishiga turtki beradi va pirovard natijada fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qoʻshadi.

    Aksincha, jamiyat aʼzolarining Konstitutsiyani bilmasligi va uni oʻrganishga harakat qilmasligi konstitutsiyaviy kafolatlarga putur yetkazadi. Konstitutsiyani bilmagan odam har jihatdan ojiz boʻladi. Bilgan odam esa koʻplab muammolarni hal qilishda Konstitutsiyaga oʻziga xos hayotiy dasturulamal sifatida tayanadi. Nihoyat, demokratiyani joriy etish Konstitutsiyani bilish va uning qoidalariga soʻzsiz rioya qilishdan boshlanadi.

    Sanoqli kunlardan soʻng yangicha mazmun kasb etgan Konstitutsiya qabul qilinishi har birimizning ovozimizga, qarorimizga bogʻliq boʻlib qoladi. Ishonamanki, bu sana davlatimiz tarixida muhim burilish yasaydi. Chunki yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida jamiyatimizni jipslashtiradi. Demokratik taraqqiyotimizda oʻziga xos yoʻlchi yulduz, kompas vazifasini oʻtaydi. Farovon hayotimiz kafolati, demokratik oʻzgarishlarning garovi, yutuqlarimizning huquqiy poydevori boʻlib xizmat qiladi. Demak, BU JARAYONGA BEFARQ BOʻLISH MUMKIN EMAS.

    Otabek HASANOV,

    siyosiy fanlar doktori