“Yuksalish” umummilliy harakati faqatgina barcha tomonlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish orqaligina kelgusida bunday holatlarning oldini olish mumkinligiga ishonadi.
Nima qilish kerak?
Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qoʻllash amaliyotini toʻliq qayta koʻrib chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Chunki biz qaysi dorini ichish boʻyicha koʻpincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashamiz.
Koʻplab dori vositalarini shifokor retseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan notoʻgʻri foydalanish xavfini yaratyapti.
Turli mamlakatlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning oʻrtacha 10-20 foizida dorilar nojoʻya taʼsir qilganlik holati kuzatiladi, qizigʻi, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu koʻrsatkich ikki baravar yuqorini tashkil etadi.
Eʼtibor bering, 2008—2018-yillarda Oʻzbekistonda dori vositalari bilan oʻzini oʻzi davolash natijasida sogʻliqning yomonlashganligi bilan bogʻliq 2 300 ta holat roʻyxatga olingan.
Shuning uchun, avval, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaymiz. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi ruxsati bilan amalga oshirish. Kelajakda OAVda dorilarining bevosita reklamasini taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqish. Shu maqsadda Turkiya, Shveysariya, Kanada kabi mamlakatlarning bu boradagi tajribasini oʻrganish.
JSST maʼlumotlariga koʻra, dori vositalarini nazoratsiz qoʻllash va oʻzini oʻzi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bogʻliqdir. Bunday davolanish natijasidagi oʻlim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-oʻrinda turadi. Albatta, isteʼmolchilar dori-darmonlarni qoʻllashdan kelib chiqadigan nojoʻya taʼsirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaksiyasi xavfini baholay olmaydi.
Haqiqatan biz dori-darmonlarga oddiy isteʼmol tovari sifatida qaraymiz va bu – vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga oʻrtacha 25—27 ta dorixona toʻgʻri keladigan Oʻzbekiston uchun dolzarbdir.
Ikkinchidan, dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilamiz. Oʻtgan yili “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan boʻlsada, biz har kuni televideniye, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini koʻryapmiz.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra, reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun koʻpi bilan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh barobarigacha maʼmuriy jarima koʻzda tutilgan. Biroq aynan dori vositalarining reklamasi bilan bogʻliq tartib va qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Shu sababli, dori vositalarining reklamasiga oid tartib va qonunchilikni buzganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik va bunday holatlar ogʻir oqibatlarga olib kelgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilash lozim, deb hisoblaymiz. Italiya, Shveysariya, Kanada, Yaponiya, Finlyandiya, Germaniya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar oʻzini oʻzini davolash muammolarini hal etish uchun aynan qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirganliklarini koʻrishimiz mumkin.
Uchinchidan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari masʼuliyatini kuchaytirish nihoyatda muhim hisoblanadi. Xabar berilganidek, “Dok-1 MAKS” va “Ambronol” dorilari, tekshiruvlarda aniqlanishicha, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” tomonidan belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmagan. Natijada sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilgan. Shu maqsadda, Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi subyektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yoʻl qoʻygan shaxslarni ham kiritish taklif etilyapti.
Toʻrtinchidan, fuqarolarni zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtishni tezlashtirish zarur. Odamlar koʻpincha oʻzini-oʻzi davolashga urinyapti, aniq tashxisni bilmasdan, reklamaga ishonib, turli dorilarni qabul qilyapti. Bu kabi xatolar, shuningdek, shifokorlar tomonidan dorilarni buyurish jarayonida ham yuz beryapti. Afsuski, ularning baʼzilari alohida preparatlarni targʻib qilishdan moliyaviy manfaat koʻzlayapti. Shuning uchun ham tibbiy sugʻurtalash tizimiga imkon qadar tezroq oʻtishimiz kerak.
Beshinchidan, farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash zarur. Aholi qaysi dori vositalari import qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar kimligi, ularning xorijdagi nufuzi, sertifikatlashtirish jarayoni qanday olib borilayotganini bilishga haqli. Shuningdek, keng aholi manfaatlariga daxldor boʻlgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq maʼlumotlar bazasini shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz. Sotiladigan barcha turdagi dori-darmonlarni majburiy raqamli markirovkalash jarayonini tezlashtirish muhimdir. Xaridor markirovka orqali dorining haqiqiyligini tekshirishi mumkin.
“Yuksalish” umummilliy harakati parlament, masʼul vazirlik va idoralarni tezkor choralarni koʻrishga, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini, avvalo, tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qoʻyishlariga chaqiradi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.