Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport hajmini oshirishda integratsiya va klasterlar qoʻl keladi

    Agrosektor 14 Fevral 2022 3011

    Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, eksport qilishni integratsiya qilish, eksport hajmini oshirish muhim oʻrin tutadi.

    Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, eksport qilishni integratsiya qilish, eksport hajmini oshirish” mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda qayd etilganidek, Respublikada meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, xizmat koʻrsatish va sotish (eksport qilish) jarayonlarini oʻzaro integratsiya qilish, klasterlar (kooperatsiya) faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport hajmini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qarorga asosan:

    - fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga — meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi;

    - meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik “revolver” kredit ajratiladi. Bunda, ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini soʻndirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Jamgʻarmaga 2 trillion soʻm byudjet ssudasi ajratiladi.

    Dastlab, matbuot anjumanida, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur hujjat yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “klaster — fermer — tijorat banki” tizimida uch tomonlama shartnoma loyihasi ishlab chiqildi. Respublikada 2022-yil uchun 25 ming gektar yangi mevali bogʻ va 50 ming gektar tokzorlar plantatsiyalarini barpo qilish boʻyicha loyihalar shakllantirilib, 549 gektar bogʻ-tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 13,2 ming gektar maydon koʻchat ekishga tayyorlandi. Agentlik tomonidan sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklaring talablari oʻrganilib, 100 million dona eksportbop sabzavot-poliz koʻchatlari issiqxonalarda yetishtirilyapti.

    Anjumanda yana shu ham taʼkidlandiki, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga plyonka ostiga urugʻlik kartoshka ekish ishlari boshlangan. Bugungi kunga qadar 267 ta qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan 29 300 tonna urugʻlik kartoshkalar uchun 191,1 milliard soʻmlik sabzavot hamda poliz koʻchatlari boʻyicha 794 ta fermer xoʻjaliklari bilan 11 million 563 ming dona sabzavot koʻchatlarini yetishtirib berish uchun 7,2 milliard soʻmlik shartnomalar tuzildi. Ayni paytda Agentlik hududiy boʻlimlari va loyiha ofislari tomonidan shartnomalarni tuzish ishlar davom ettirilyapti.

    Shuningdek, meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb etish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetida 2022-yil 10-15-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan amaliy seminarda meva-sabzavotchilik klasterlariga oʻziga biriktirilgan mahsulot yetishtiruvchilar uchun bogʻ va tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazishga koʻmaklashuvchi 250 nafar konsultant-trenerlari tayyorlandi.

    Joriy yil 22-28-yanvar kunlari Qishloq xoʻjaligi vazirligida Agentlik ishtirokida yangi meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish boʻyicha hududlardan 159 ta talabgorlardan 64 ta istiqbolli deb topilgan loyihalar aniqlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qadoqlash, quritish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha respublikadagi 132 ta korxonaning roʻyxati shakllantirildi. Shundan 89 ta quritish va qayta ishlash korxonalari (yillik ishlab chiqarish quvvati 546 ming tonna) saralab olindi.

    Davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshirigʻiga asosan 500 gektar maydonda zaytun plantatsiyalarini barpo etilishi belgilangan boʻlib, Oltinsoy tumanida dastlabki bosqichda 50 gektar tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan maydonga Turkiya davlatidan olib kelingan 66 ming dona zaytun koʻchatlari ekish ishlari yakunlandi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.