Pedagogning malaka toifasi — qulay va maqbul bo'lgan yangi tizim

    Bugun pedagogdan yangicha fikrlash, yangicha munosabatlar talab etilayotgan ekan, uning bilimdonligi qay darajada ekanligini tahlil qilish o'ta muhim sanaladi. Bunda albatga pedagogning kasbiy bilimdonligi, mahorati va kompetentligini baholashning eng maqbul mezoni bu ularni rejali tarzda attestatsiyadan o'tkazish va ushbu attestatsiya jarayonlarini optimallashtirish alohida axamiyat kasb etadi.

    1997-yil 29-avgustda qabul qilingan 464-I-sonli “Ta'lim to'g'risida”gi qonunda pedogog xodimlarni attestatsiyadan o'tkazishga alohida vakolatli organ ko'rsatib o'tilmaganligi sababli, bunga oid qonnuosti hujjatlariga asosan maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o'tkazish bo'yicha vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hamda ta'lim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalari tuzish va yig'ma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti pedogog xodimlarni o'z ustida ishlash, pedogogik maxoratini oshirishga to'sqinlik qilish bilan birga, attestatsiya jarayonlaridagi noxolisliklarni kelib chiqishiga va natijada o'zini hurmat qilgan, yuqori malakali kadrlarni ta'lim sohasidan bezdirib, iqtisodiyotning boshqa sohalariga yoki xorijiy mamlakatlarga ish qidirib ketishiga sabab bo'lar edi.

    Endilikda 2022-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o'tkazish bo'yicha vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hamda ta'lim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalari tuzish va yig'ma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinib, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o'tkazish ularning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan o'quv fani bo'yicha malaka sinovini o'tkazish orqali amalga oshirilishi belgilandi.

    Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizom talablariga muvofiq, majburiy attestatsiyaga ta'lim tashkilotlarining oliy ma'lumotli pedagog kadrlari jalb etiladi. Ta'lim tashkilotlarining oliy ma'lumotga ega bo'lmagan pedagog kadrlari, shuningdek, ishlab chiqarish ta'limi ustalari kasbiy standartlar hamda xodimlarning har bir lavozim va kasb bo'yicha malaka darajasiga qo'yiladigan talablar asosida tizimida maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari bo'lgan vazirliklar va idoralar tomonidan attestatsiyadan o'tkaziladi.

    Shuningdek ushbu nizomga muvofiq attestatsiyaga jalb etilmaydigan xodimlar toifasi va ularni navbatdagi attestatsiyaga jalb qilish shartlari va muddatlari aniqlashtirildi.

    Alohida yangiliklardan yana biri navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar o'z xohishiga ko'ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o'tishlari mumkin, bunda ularning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga ta'lim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo'yicha haq to'lanadi.

    O'z xohishiga ko'ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini (lavozimini) oshirgan yoki saqlab qolgan pedagog kadrlarga oshirilgan yoki saqlab qolingan malaka toifasi (lavozim) bo'yicha haq to'lanadi.

    O'z xohishiga ko'ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o'ta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda bo'lgan malaka toifasi (lavozimi) bo'yicha haq to'lanadi. Ayni yuqoridagi yangiliklar kelgusida pedogog xodimlarning o'z kasbiga mehrini ortishiga, maktab Yangi O'zbekiston ostonasi ekanligi haqidagi ulug' g'oya asosida o'z malakalarini uzluksiz oshirib borishlariga xizmat qiladi.

    Hamidullo Qo'chqorov,

    Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi

    “Xususiy-huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi, PhD.