Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti qishloq xoʻjaligi hamda agrar soha mutaxassislarini tayyorlash maqsadida 2020-yili Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali nomi bilan ochilgan. Prezidentimizning 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti nomi bilan yangidan tashkil etildi.
Mamlakatimizda agrar sohaga qaratilgan eʼtibor va qishloq xoʻjaligini ilm-fan asosida rivojlantirish xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz toʻkinligini taʼminlashga xizmat qiladi. Davlatimiz eksport imkoniyatining kengayishida muhim ahamiyatga ega. Gap qishloq xoʻjaligini ilm-fan asosida rivojlantirish haqida borar ekan, sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalaridagi ilmiy tadqiqotlar, loyihalar diqqatni tortadi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham oziq-ovqat xavfsizligiga oid muammolarni hal etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini oshirish, aholi dasturxoniga sifatli meva-sabzavot, poliz ekinlarini yetkazish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Olimlar saʼy-harakati tufayli xorijlik hamkorlar bilan istiqbolli loyihalar bajarilmoqda. 2023/2024 oʻquv yilida Janubiy Koreyadan bir, Germaniyadan ikki vatandosh oʻqituvchi taʼlim jarayoniga jalb etildi.
“Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadini oshirish” mahalliy loyihasi institut hamda Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) moliyalashtirayotgan ushbu loyiha qiymati 100 ming AQSH dollari. Kelgusida loyiha qiymatini 1 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Kartoshka urugʻi yurtimizga har yili chetdan keltiriladi. Bu esa sabzavot narxi oshishiga sabab boʻladi. Kartoshka urugʻini mahalliy sharoitda yetishtirish borasida ham amaliy ishlar bajarilyapti. Janubiy Koreya Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi mablagʻi hisobidan “Respublikada kartoshka urugʻchilik tizimini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi asosida Oʻzbekiston – Koreya kartoshka urugʻchiligi markazi ish boshladi. Loyiha doirasida in vitro laboratoriyasi va issiqxonalar qurilishi davom etmoqda.
Shuningdek, “Respublika tuproq-iqlim sharoitiga mos sanoatbop kannabis navlarini tanlash va ular asosida yangi navlar yaratish”, “Samarqand boʻznochi oʻsimligini urugʻidan koʻpaytirish va plantatsiyalarini tashkil etish” mavzusidagi amaliy loyihalar bajarilmoqda.
Zararli hasharotlarga qarshi kurash agrar sohadagi dolzarb masalalardan. OTMda bu borada ham samarali ishlar qilinyapti. Masalan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan “EU-AGRIN: qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining yashil iqtisodiyotga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” loyihasi doirasida innovatsion guruhlar tashkil qilinib, “Ekinlar uchun zararli hasharot – oqqanotga qarshi biologik kurash” mavzusidagi loyiha amalga oshirilmoqda.
Institutda ilmiy va innovatsion faoliyat samaradorligini oshirish hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan integratsiyani mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston – Koreya kartoshka urugʻchiligi markazi, Paxtachilik ilmiy markazi, Bioiqtisodiyot markazi, CARIS “Samarqand innovatsion taʼlim va qishloq xoʻjaligi islohotlari tadqiqotlari” markazi va IT inkubatsiya markazi tashkil etildi.
Professor-oʻqituvchilarning xoʻjalik shartnomasi asosidagi ilmiy tadqiqotlari va koʻrsatgan xizmatidan 160 million soʻm kirim qilindi.
Joriy yilda xorijdagi turli hamkor oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan 28 delegatsiya hamkorlik oʻrnatish, malaka oshirish va turli loyihalar boʻyicha tajriba almashish uchun institutimizga keldi.
Bir guruh profesor-oʻqituvchi va doktorantlar malaka oshirish, stajirovka oʻtash va ilmiy tadqiqot ishlari uchun dunyoning turli nufuzli oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalariga yuborildi. Shu bilan birga 26 talaba Germaniya va Angliyaning qishloq xoʻjaligi tashkilotlarida ishlab chiqarish amaliyoti oʻtab qaytdi.
Mamlakatimiz ilm-fani rivoji yoʻlida hali istiqbolli ilmiy ishlar hayotga tatbiq etiladi va olimlarimiz soha rivojiga hissa qoʻshadi. Bu borada yoshlarga taʼlim-tarbiya berish, ularni jahon standartlariga mos, yetuk mutaxassislar etib tarbiyalash yoʻlidagi reja va maqsadlarimiz yaqin kelajakda samara beradi.
Shavkat Hasanov,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor