Materialda soʻnggi yillarda Qoraqalpogʻistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasidagi kelgusi oʻzgarishlarning istiqbollari batafsil tahlil etilgan.
Maqola muallifi “iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiyalash, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish orqali xalq farovonligini yanada oshirish hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlangani”ga gazetxonlar eʼtiborini qaratadi.
Ushbu tarixiy hujjat mamlakat kelgusi taraqqiyotining yettita ustuvor yoʻnalishi va muhim natijalarga erishishning yuzta muhim maqsadini oʻz ichiga qamrab olgan.
Farmonda taʼkidlanganidek, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning yangi tartibi belgilangan. Shunga muvofiq, Qoraqalpogʻiston va Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar, jumladan, ekoturizmni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy universitetlarning filiallarini ochish, Orol dengizining qurigan tubida yashil maydonlarni yaratish koʻzda tutilgan.
Bir tomondan, Qoraqalpogʻiston ulkan rivojlanish salohiyatiga – yirik tabiiy, mineral xom-ashyo va qishloq xoʻjaligi resurslari, mehnat salohiyati, yoʻl, transport va muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay geografik joylashuvi va katta hududga ega.
Ammo, boshqa tomondan, Qoraqalpogʻiston Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq ogʻir ekologik vaziyatda. Global miqyosda iqlim oʻzgarishi bu mintaqa uchun koʻplab salbiy muammolarni keltirib chiqaryapti. YUNEP qurgʻoqchilik indeksiga koʻra, Orolboʻyi mintaqasining katta qismi qurgʻoqchil hudud boʻlib, Oʻzbekiston hududida yer maydonlarining katta qismi tanazzulga uchrashga va choʻllanishga moyil boʻlgan qurgʻoqchil zona sifatida tasniflanadi. Bu odamlar salomatligiga, ularning daromadlari va turmush darajasiga juda salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Shu sababli Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari mamlakatimiz rahbarining alohida diqqat markazida turibdi.
Maqola yakunida oxirgi yillarda Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor sezilarli darajada ijobiy natijalar berayotgani alohida urgʻulangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.