Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasi oltinchi qism bilan toʻldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida oʻz vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora koʻrish bilan bogʻliq yangi norma kiritilmoqda.
Bunda yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar 48 soat ichida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi maʼmuriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda tez tibbiy yordamga va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari xizmatlariga muhtoj fuqarolarimizga ushbu yordam va xizmatlar zudlik bilan koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida tez tibbiy yordam hamda yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari transport vositalari katta tezlikda yoki yoʻl belgilariga rioya etmay harakatlanishi bilan bogʻliq holatlar mavjud.
Bunday holatlar, oʻz navbatida, avtomatlashtirilgan foto- va video texnik vositalar orqali qayd etilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasiga asosan yuqorida koʻrsatilgan holat yuzaga kelgan hollarda, tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, maʼmuriy ish MJtKning 271-moddasi asosida tugatilishi belgilangan.
Muhokama qilingan Qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.
Qayd etish joiz, Toshkent shahrida 2023-yil iyun oyidan boshlab oʻtkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq yoʻl harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.
Shu sababli skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmatni oʻtash vaqtida yoʻl harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning oʻzida jarima qoʻllashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.
Yoʻllarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, bugungi kunda yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda, oqibatda esa halok boʻlganlar va jarohat olgan fuqarolarning soni ham kam emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yoʻlning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yoʻllarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yoʻllarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir boʻlishiga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, 2024-yilning oʻtgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq 303 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok boʻlgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Aynan shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda Qonunda yuk avtomobillari yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Parlament aʼzolarining fikricha, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlashga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga, shuningdek fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.