Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati tashkil etiladi

    “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-229-son, 21.06.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga (Akademiya) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

    - raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqotlar olib borish, katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”), sunʼiy intellekt va boshqa ilgʻor texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etish;

    - huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qoʻyish, saqlash va tadqiq qilish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini oʻtkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish;

    - raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish.

    Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.

    2024-yil 1-avgustdan Institutga raqamli kriminalistika boʻyicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni oʻtkazish huquqi beriladi.

    Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakunigacha katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”) ekspertizasi oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyadi.

    “Raqamli dalillar yagona reyestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimining sinov versiyasi 2025-yil 1-martgacha, 2025-yil 1-avgustgacha toʻliq versiyasi joriy etiladi.