Referendum va saylov oʻtkazish tartibi takomillashtiriladi

    Saylov 24 Noyabr 2023 1694

    Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni senatorlar tomonidan atroflicha muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, mazkur strategiya doirasida muhim va dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha maqsadlar belgilangan.

    Muhokama davomida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan vakillik organlariga saylovning aralash, yaʼni majoritar va proporsional tizimini joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada referendum va saylov bilan bogʻliq oʻzgarishlar nazarda tutilganligi, shu sababli amaldagi saylov toʻgʻrisidagi hamda referendum toʻgʻrisidagi qonunchilikni unga muvofiqlashtirish zarurati ham mavjudligi qayd etildi.

    Koʻrib chiqilgan Konstitutsiyaviy Qonunga koʻra Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Unda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar roʻyxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar boʻyicha yagona saylov okrugidan saylanishi nazarda tutilgan.

    Yana bir muhim masala – siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining oʻttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    Shu bilan bir qatorda saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgarishlar maʼqullandi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi toʻqqiz nafar aʼzodan iborat tarkibda saylanishi, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Senatorlar tomonidan mazkur Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi parlament hamda mahalliy vakillik organlarining faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirishga, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratilishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Qizgʻin muhokamalardan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.