Samaradorlik, oʻzaro bir-birini tushunish va amaliy saʼy-harakatlar namoyishi

    Fikr 5 Iyul 2023 645

    Joriy yil 4-iyul kuni Hindiston tomoni raisligida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Shu oʻrinda SHHT oʻzining 22 yillik faoliyati davomida mintaqaviy masalalarni hal qilishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Qayd etish joizki, SHHTni tashkil etish toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga muvofiq, Tashkilot boshqa davlatlar va mintaqalarga qarshi qaratilgan ittifoq emas. U ochiqlik tamoyiliga amal qiladi.

    SHHT boshqa davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan tinchlik va umuminsoniy qadriyatlar ruhidagi muloqot hamda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor boʻlib, mana shu tamoyil uni xalqaro munosabatlarda nufuzli tuzilmaga aylantirdi.

    Shu bilan birga, Tashkilot aʼzolari oʻrtasida teng huquqli hamkorlik oʻrnatilgan. Bu esa SHHT jozibadorligini yanada oshirmoqda. Unga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda muloqot boʻyicha hamkor davlatlar soni koʻpayib, Tashkilotga ishonch ortmoqda.

    Bugungi kunda SHHT ulkan geografik hududni va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy Tashkilotga aylandi. Tashkilot davlatlarining umumiy nufusi 3,3 milliardni tashkil etib, dunyo aholisining deyarli 42 foizini tashkil etmoqda. SHHT davlatlarining umumiy hududi sayyoramiz quruqlik maydonining 25 foizini, Yevroosiyo qitʼasida esa qariyb 60 foizni egallaydi.

    Bugungi kunda “SHHT oilasi” uchta qitʼa – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning SHHT bilan u yoki bu formatdagi oʻzaro hamkorlikka qiziqishi ortib bormoqda.

    Kechagi majlisda esa Eron Islom Respublikasining SHHT aʼzoligiga qabul qilinishi, shuningdek, Belarus Respublikasining SHHTga aʼzo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum imzolangani ham Tashkilot makonida tarixiy bosqichni boshlab berishi shubhasiz.

    SHHT mintaqaviy va global xavfsizlik arxitekturasida mustahkam oʻrin egallab, oʻzini strategik muhim Yevroosiyo makonida barqarorlikni saqlash kafolati sifatida namoyon etmoqda hamda Yevroosiyo kun tartibiga ega boʻlgan transmintaqaviy tashkilotga aylanayotir.

    Shanxay hamkorlik tashkiloti muvaffaqiyatida, faoliyati samaradorligini oshirishda Oʻzbekistonning hissasi juda katta. Mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabuslar SHHT nufuzini mustahkamladi.

    Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarida SHHT ochiq, pragmatik va keng koʻlamli manfaatli hamkorlik yoʻlini amalga oshirish nuqtayi nazaridan koʻp tomonlama platforma sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.

    Oʻzbekiston Prezidenti umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida “Samarqand birdamligi” tashabbusini ilgari surdi. Uning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir. “Samarqand ruhi” SHHTni tuzishda asos qilib olingan bagʻrikenglik, turli xalqlarning anʼana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda boʻlgan hayotiy namunadir.

    Ushbu tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun 2023-yilda siyosiy, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida Samarqand xalqaro forumi oʻtkaziladi.

    Turli shakllarda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, tovarlar, kapital, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish SHHT faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga kiradi.

    Oʻzbekiston SHHT doirasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot, raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish hamda “yashil” iqtisodiyot kabi sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish tarafdoridir.

    Bunda 2022-yilda SHHTning Samarqand sammitida qabul qilingan aʼzo davlatlar oʻrtasida uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani 2023–2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha keng qamrovli reja muhim oʻrin tutadi. Ushbu hujjat tashkilot doirasida barcha sohalar boʻyicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yoʻnalishlarini jalb qilgan va 120 ga yaqin tadbirni oʻz ichiga olgan.

    SHHT doirasida xalqaro transport-logistika sohasida hamkorlikni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Tashkilot avtomobil transporti sohasi boʻyicha mustahkam amaliy tajriba toʻplagan va temir yoʻl tarmogʻida hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu masalalar asosan ikki va koʻp tomonlama shartnomalar bilan tartibga solinadi.

    Transport sohasidagi hamkorlikning ijobiy natijalaridan biri sifatida 2014-yilda SHHTga aʼzo davlatlar tomonidan “Xalqaro avtomobil tashuvlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida bitim” imzolanganini aytish mumkin. Shuningdek, temir yoʻl boshqarmalari rahbarlari uchrashuvlarini oʻtkazish mexanizmi ishga tushirildi. Bundan tashqari, SHHT xalqaro transport-logistika assotsiatsiyasini tuzish taklifi ham katta ahamiyatga ega.

    SHHT hududida transport va kommunikatsiya tizimlarining integratsiyasi Osiyo-Tinch okeani, Yaqin va Oʻrta Sharq, Fors koʻrfazi va Yevropa mamlakatlari bozorlariga xavfsiz va eng qisqa vaqt ichida chiqishni taʼminlash imkonini beradi.

    Bunda “Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon – Hindiston” yoʻlagi Markaziy Osiyoning barcha davlatlarini Yaqin Sharq bozorlari va Oʻrtayer dengizi portlariga chiqish imkoniyatini taʼminlashga qodir. Shu bilan birga, “Toshkent – Andijon – Oʻsh – Irkeshtam – Qashgʻar” yangi transport multimodal yoʻlagi ishga tushirilishi ham muhimdir.

    “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi istiqbolli transport loyihalaridan biri. Ushbu tarmoqning qurilishi masofani 900 kilometrga va yuklarni yetkazib berish muddatini 7–8 kunga qisqartiradi.

    Mutaxassislar fikricha, yiliga kamida 5 million tonna yuk tashish ushbu temir yoʻl qurilishi xarajatlarini toʻliq qoplashi mumkin. Hozirgi kunda loyihani amalga oshirish ishlari qizgʻin ketmoqda. Ushbu yoʻl “Sharq – Gʻarb” yoʻnalishida mavjud temir yoʻl magistrallari imkoniyatlarini kengaytiradi.

    “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” va “Kerki – Akina – Andxoy” transport yoʻlaklarini ochish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonning Mozori-Sharifdan Kobul orqali Peshovargacha temir yoʻl qurish tashabbusi Hindiston va Pokistonga Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini beradi, shuningdek, mintaqadagi bir qator muammolarni hal etishga ijobiy turtki boʻladi.

    Umuman olganda, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish SHHT makonida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

    SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning vazifalaridan biri transport sohasida raqamli texnologiyalar va intellektual tizimlardan foydalanishni kengaytirishdan iborat.

    Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning transport vazirliklari mutaxasislari fikricha, SHHT mamlakatlari logistika infratuzilmasini raqamlashtirish, masalan, temir yoʻllarning oʻtkazish qobiliyatini 40 foizga oshirishi, shuningdek, tashish narxini 30 foizgacha kamaytirishi mumkin.

    SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro aloqalarni rivojlantirish va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi konsepsiyasi SHHTning Samarqand sammiti doirasida qabul qilinishi hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlaydi.

    Bundan tashqari, SHHT doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash va sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish sohasida hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Samarqand viloyatida tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston – SHHT” sanoat zonasi yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish platformalaridan biri boʻlib, SHHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish dasturini (sanoat, infratuzilma, xomashyo va inson salohiyatini safarbar etish) amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylantirish maqsadida tuzilmoqda. Asosiysi, ushbu tashabbus SHHT makonida yuk tashish hajmi oʻsishini taʼminlash va Tashkilotning geografik oʻzagi boʻlgan Markaziy Osiyoni transkontinental Yevroosiyo kommunikatsiyalari chorrahasiga aylantirishga qaratilgan.

    Hozir Oʻzbekistonda SHHTga aʼzo davlatlar sarmoyasi ishtirokidagi 7,5 mingdan ortiq kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda. Bu mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy kompaniyalar umumiy sonining yarmidan koʻprogʻini tashkil etadi. Birgina 2021-yilda mamlakatga SHHT aʼzolaridan 4,6 milliard dollar sarmoya jalb qilingan.

    Qayd etish kerakki, SHHT doirasida moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, kengaytirish masalalari har doim diqqat markazida boʻlib turibdi. Xususan, SHHTning oʻtgan yili Samarqandda boʻlib oʻtgan sammitida qabul qilingan hujjatlar qatorida Tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham borligini taʼkidlab oʻtish joiz. Bu hujjat SHHTga aʼzo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorligida yangi bosqich boʻlishi kutilmoqda.

    Oʻzbekistonning SHHT mamlakatlari bilan hamkorligi dolzarb yoʻnalishlaridan biri – oziq-ovqat xavfsizligi masalasi. Dunyo aholisining 42 foizdan ortiq qismi SHHTga aʼzo davlatlar hududida istiqomat qiladi. Bunday sharoitda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va muammolarga oʻz vaqtida chora koʻrish Tashkilotga aʼzo mamlakatlar uchun ustuvor vazifaga aylanib, oziq-ovqat xavfsizligi hamda agrar sohaga oid hamkorlik masalalari esa SHHT doirasida tobora ustuvorlik kasb etadi.

    Oʻzbekiston oziq-ovqat importiga bogʻliq mamlakat hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga, jumladan, SHHT bilan oʻzaro hamkorlik doirasida ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalari SHHTning Samarqand sammitida ham koʻrib chiqildi. Uning yakunida “Global oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi bayonot hamda “Aqlli” qishloq xoʻjaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi” qabul qilindi.

    Oʻzbekiston asosiy eʼtiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan zaxiralarini ishga solish orqali tashkilotni jadal rivojlantirish mumkin, deb biladi.

    SHHT aʼzolari oʻrtasida turizmni rivojlantirish salohiyati ham juda katta. YUNESKO Insoniyatning umumjahon moddiy va nomoddiy merosi roʻyxatidagi 143 ta moddiy va nomoddiy obyektlar SHHT aʼzolariga toʻgʻri keladi. SHHT doirasida koʻplab loyihalar va hamkorlik dasturlari, aʼzo davlatlarning xilma-xil madaniyati, madaniy va ijodiy mahsulotlari bilan tanishish uchun yagona turistik makonni yaratish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. SHHT kotibiyati hozirda Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (BTSHF), UNWTO va boshqa tashkilotlar bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

    Oʻtgan yili Samarqandda imzolangan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimga koʻra, tomonlar SHHTga aʼzo davlatlarning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, aʼzo davlatlar xalqlarining tarixi, madaniyati, tabiati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga hissa qoʻshadi.

    Turizm sohasida hamkorlik kengayishi davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga, oʻzaro doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. SHHT tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm sohasida doimiy hamkorligi esa har tomonlama manfaatlidir.

    2021-yilda Oʻzbekistonga SHHTga aʼzo davlatlardan 1,86 million sayyoh tashrif buyurgan. 2022-yilda esa bu koʻrsatkich 4,94 milliongacha yetib 2,75 barobarga oshgan. Joriy yilda SHHTga aʼzo davlatlardan Oʻzbekistonga keladigan turistlar soni koʻpayishi kutilmoqda. Hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlash uchun 2023-yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilindi.

    SHHT davlatlari Oʻzbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari boʻlgan davlatlar qatoriga kirishini alohida aytib oʻtish kerak.

    Oxirgi olti yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning SHHT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2 barobarga, eksport 1,48 barobarga, import 2,48 barobarga oshdi. Shu bilan birga Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan savdo aylanmasi mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 47,0 foizdan 51,4 foizgacha koʻtarildi.

    Buni raqamlar orqali koʻradigan boʻlsak, 2022-yilda 2021-yilga nisbatan Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan savdo aylanmasi 21,8 foizga oshib, 25,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Eksport esa 16,3 foizga oshib, 8,6 milliard dollarni va import 18,7 foizga oshib, 17,1 milliard dollarni tashkil etdi. SHHT davlatlarining Oʻzbekiston umumiy savdo hajmidagi ulushi 44 foizni tashkil etdi. Umumiy eksport hajmidagi ulushi (oltindan tashqari) 43,42 foizni tashkil qildi. Joriy yilning yanvar–aprel oylarida Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan savdo aylanmasi 8,6 milliard dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning yanvar-aprel oylari koʻrsatkichlariga nisbatan 9,1 foizga koʻp.

    Koʻrinib turganidek, mamlakatimiz yillik tashqi savdo aylanmasining yarmidan koʻprogʻi SHHTga aʼzo davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Shu bois, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash Oʻzbekiston uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Yaqinda qabul qilingan SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi kelgusi yillarda ham ushbu surʼatni saqlab qolishga xizmat qiladi. Chunki bu hujjat asosida savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni unifikatsiyalash, bojxona xizmatlarini raqamlashtirish va SHHTga aʼzo davlatlar bozorlariga kirishni soddalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining Hindistonda boʻlib kengashida ham Oʻzbekiston tomoni bir qator aniq takliflarni ilgari surdi. SHHTning yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish, mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik kooperatsiyani rivojlantirish, Tashkilot makonida transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqlikni kuchaytirish, “Yashil” kun tartibiga doir masalalar, turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik, xavfsizlikni taʼminlash borasidagi taklif va tashabbuslar shular jumlasidandir.

    Bu takliflar qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur takliflarning amaldagi ifodasi SHHTning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Afzal ORTIQOV,

    Respublika Prezidenti

    Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar

    va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi.