Abu Ali Ibn Sino tavalludining 1042-yilligiga bagʻishlangan ilmiy anjuman Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Ibn Sino jamoat fondi, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va “China-Uzbekistan medicine technical park” MCHJ hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov, Oʻzbekiston Tabobat Akademiyasi raisi Ibrohim Asqarov, Eronning Oʻzbekistondagi elchisi Hamid Naiyyrobodiy va boshqalar ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya “Taʼlim va xalq tabobati”, “Fan va xalq tabobati”, “Anʼanalar va xalq tabobati”, “Dorivor oʻtlar va xalq tabobati” mazularidagi seksiyalar shaklida boʻlib oʻtdi.
Seksiyalarda Oʻzbekiston, Germaniya, Isroil, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Malayziya, AQSH, Tojikiston, Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan ekspert va olimlarning anʼanaviy tibbiyot sohasiga oid 50 dan ortiq maʼruzalari tinglandi.
Tadbir doirasida, “Ibn Sino” jamoat fondi va Samarqand davlat tibbiyot universitetining Janubiy Koreyaning Dayegu Haanni (Daegu Haany) universiteti, Yevropa tibbiyot assotsiatsiyasi (Germaniya), Isroil dorivor oʻsimliklar uyushmasi, Toshkent vaksina va zardob ilmiy tadqiqot instituti, Qozogʻiston anʼanaviy va xalq tabobati tibbiyot mutaxassislari milliy assotsiatsiyasi bilan Hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, 6-oktyabr kuni xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oldidan “Xalq tabobatida ekstrakt Ganoderma lucidum mahsulotining roli” “Azotli geterosiklik birikmalar asosida yangi dori vositalarini ishlab chiqish”, “Virusli va bakterial infeksiyalarni kompleks davolashda oʻsimlik vositalaridan foydalanish imkoniyati”, “Janubiy Koreyada anʼanaviy tibbiyot tarixi”, Janubiy Koreyada anʼanaviy va sport tibbiyoti boʻyicha onlayn dasturlar», “Akupunktur va osteopatiya”, “Ibn Sino tushunchalari bilan oʻz-oʻziga yordam berish va uy sharoitidagi dorixona” va boshqa mavzular boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro anjuman va mahorat darslari ishtirokchilari anʼanaviy tabobat boʻyicha mazkur xalqaro ilmiy-amaliy platformani doimiy tarzda tashkil etish tashabbusini bildirdi.