Samarqandning madaniy merosni asrash borasidagi oʻrni yuqori ekanligi eʼtirof etildi

    Turizm 25 Iyul 2022 3122

    Samarqandda Turizm va madaniy meros vazirligi hamkorligida “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” VI Xalqaro Kongressi boʻlib oʻtdi.

    Kongressda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nutq soʻzladi.

    “Ushbu Kongress Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi Oʻzbekistonda sanʼat va madaniy meros sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasidir. Nisbatan qisqa vaqt ichida sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etish joiz. Madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish mamlakatimizning strategik ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, natijada 2022-yil fevral oyida Turizm va madaniy meros vazirligi tashkil etildi.

    2022-yil 6-iyulda esa Oʻzbekiston YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasiga aʼzo boʻldi.

    Muzeylarning maqomi va ahamiyatini oshirish, arxeologik tadqiqotlar, ilmiy bilim va salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan kompleks dasturlarni joriy etish orqali madaniy meros hukumat kun tartibining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Pandemiyadan keyingi dunyo kontekstida jahon jamiyatining Oʻzbekiston va uning butun dunyo boʻylab hamkorlarining madaniy merosini oʻrganish, asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak qadrlanayotganini alohida taʼkidlash lozim.

    Turizm va madaniy meros vazirligining bevosita YUNESKO bilan hamkorligi ham muhim ahamiyat kasb etyapti. Fursatdan foydalanib, YUNESKOga alohida minnatdorlik bildiramiz”, – dedi Aziz Abduhakimov.

    Shuningdek, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi ham xalqaro kongress ishtirokchilariga murojaat qildi.

    U oʻz nutqida madaniy merosni oʻrganish, asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. Eng muhimi, Samarqandning madaniy merosni asrashga qoʻshgan hissasi yuqori ekanligini taʼkidladi.

    “Bu maskan eng katta moddiy va maʼnaviy boyliklarni oʻzida jamlagan. Bu yerda barcha millat, madaniyat va din vakillari istiqomat qiladi. Shu bois Samarqand barchamiz uchun beqiyos insoniy qadriyatlari uchun YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Bu, oʻz navbatida, bugungi kunda bizni birlashtirgan ushbu Kongress kabi tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashni ragʻbatlantiradi”, – deya aytib oʻtdi Noshadi.

    Kongressda soʻzga chiqqan xorijlik ekspertlar ham Samarqandning madaniy meros borasidagi ahamiyatini alohida qayd etdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.