Senat aʼzolari, Xalq taʼlimi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, qoʻmitalar huzuridagi ekspertlar, pedagoglar, ekolog-mutaxassislar hamda jurnalistlar ishtirok etgan mazkur majlisda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasida Ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq taʼlimi vazirining axboroti eshitildi.
Taʼkidlaganidek, oʻsib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ekologik taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, ekologiya sohasidagi ilm-fanni jahonning ilgʻor innovatsion texnologiyalarini jalb etgan holda yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan.
Konsepsiya doirasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan xorijiy ilgʻor tajribalar asosida Umumiy oʻrta taʼlimning milliy oʻquv dasturi ishlab chiqilgan.
Milliy oʻquv dasturi asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga ekologik savodxonlikni oshirish, ekologik ong va ekologik madaniyatni shakllantirish hamda yuksaltirishga oid jami 132 soat ajratilgan. Yangi avlod darsliklari yaratilib, darslarga ekologiyaga oid mavzular kiritilgan.
Ekologik taʼlimning samarali shakl va usullarini joriy etish boʻyicha Respublika taʼlim markazi tomonidan sohaga oid qator mavzularda oʻquv-metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilgan.
Umumtaʼlim maktablari kutubxonalari 150 ming dona ekologiyaga oid adabiyotlar bilan boyitilgan. Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan www.kitob.uz veb-saytida 50 ga yaqin ekologik audio kitoblar joylashtirilgan.
Bugungi kunda 10 085 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 443 968 nafar oʻquvchini qamrab olgan. Ularda 29 916ta ekologik-biologik toʻgaraklar, 1 426 ta “Ekopatrul” va 672 ta “Yashil patrul” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. 5 200 ta umumtaʼlim maktablarida “Ekologiya burchaklari” tashkil etilib, qoʻllanmalar, koʻrgazmali targʻibot vositalari, buklet va plakatlar hamda elektron shakldagi materiallar bilan jihozlangan.
Maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish borasida respublika miqyosida faoliyat olib borayotgan 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida turizm va ekologiya toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda 31 268 nafar oʻquvchi-yoshlar aʼzolikka olingan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda Konsepsiyada nazarda tutilgan ayrim talablarning joriy etilishida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etildi.
Senatorlar soʻzlariga koʻra, oʻquv fanlari doirasidagi ekologik bilimlarni amaliyotga joriy etish, fanlar mazmunini aniq ekologik masalalar bilan boyitish, oʻquvchilarning yoshiga mos tarzda ekologik bilimlarni kiritib borish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan. Muhim ekologik sanalarga bagʻishlab nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha pedagoglar uchun maxsus qoʻllanmalar yetarli daraja ishlab chiqilmagan. Maktab kutubxonalari ekologik adabiyot va koʻrgazmali materiallar bilan yetarli darajada taʼminlanmagan hamda ularning axborot bazasini yaratish ishlari oxiriga yetkazilmagan. Hududlarda ekologiya sohasida faoliyat olib borayotgan davlat organlari va NNT bilan hamkorlik lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan.
Qoʻshma majlisda masʼullarga ekologik taʼlim samaradorligini yangi bosqichga koʻtarish, taʼlim dasturlarini mavjud ekologik muammolar va ularni bartaraf etish vazifalaridan kelib chiqib takomillashtirib borish, ekologik taʼlimning samarali shakllari va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish, kadrlar tayyorlash tizimi samaradorligini oshirish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari va taʼlim sohasining oʻzaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan ham koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, aksariyat ekologik muammolarni hal etish aholining ekologik madaniyati, ayniqsa yoshlarning ekologik taʼlim-tarbiya saviyasi bilan bevosita bogʻliqligidan kelib chiqib, avvalo, umumtaʼlim maktablari va boshqa oʻquv muassasalari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, oila va har bir fuqaroning ekologik taʼlim va tarbiya tizimini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Yoshlarning ekologik tashabbuslarini, yosh ixtirochilarning tabiiy resurslarni asrab avaylashga, ekologik muammolarni oldini olish va bartaraf etishga yoʻnaltirilgan loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, yoshlar bilan ishlashni kuchaytirish, yoshlarda ekologik javobgarlik xulqini tarbiyalash, ekologik savodxonlik va dunyoqarashni shakllantirish, umuman aholi barcha qatlamlarining ekologik madaniyatini oshirish uchun soha yoʻnalishidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz ichiga qamrab olgan “Ekologik qonunlar” ixcham toʻplami yaratish ham maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Majlis yakunida qoʻmitalarning qoʻshma qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.