Senatorlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining axborotini eshitdi

    Mamlakatimizda 22 Iyun 2021 671

    Joriy yil 21-iyunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan sayyor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlarining amalga oshirilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining axboroti eshitildi.

    Qoʻmita eshituvida Senat aʼzolari, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi aʼzolari va qoʻmita huzurida tashkil etilgan ekspertlar Kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks rivojlantirish boʻyicha idoralararo Ishchi guruh aʼzolari, Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosarlari, sohaga aloqador vazirlik va idoralar rahbarlari hamda OAV ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tabiiy iqlim sharoiti va hudud jihatidan chorvachilikni rivojlantirishga qulay boʻlib, tub aholi uzoq yillar davomida chorvachilik bilan shugʻullanib kelmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori bilan Boʻzatov, Moʻynoq, Taxtakoʻpir va Qoʻngʻirot tumanlari chorvachilikka ixtisoslashtirilgan.

    Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asossan Beruniy, Boʻzatov, Qonlikoʻl, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Chimboy tumanlarining oʻsish nuqtalaridan biri sifatida chorvachilikni rivojlantirish belgilangan.

    Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 043 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan 66,9 ming bosh qoramol, 89,7 ming bosh qoʻy, 59,8 ming bosh echki, 6,6 ming bosh ot yetishtirish bilan shugʻullanib kelinyapti.

    2021-yilda chorvachilik tarmoqlarini yana-da rivojlantirish maqsadida hududda jami 192,7 milliard soʻmlik 83 ta loyihani amalga oshirish belgilangan boʻlib, bugungi kunda 100,2 milliard soʻmlik 56 ta loyihalar bajarilgan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida bugungi kunda 5 ta goʻshtni va 9 ta sutni qayta ishlash korxonalari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, yil yakuniga qadar yangidan 4 ta sutni hamda 1 ta goʻshtni qayta ishlash korxonalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birgalikda respublikada chorvachilik sohasida yirik komplekslarni barpo etish natijasida 2021-2025-yillar oraligʻida 37 ta sutni qayta ishlash va 30 ta goʻshtni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish choralari koʻrilmoqda.

    Qoraqalpogʻistonda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 50 mln dollar miqdoridagi “Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilyapti.

    Joriy yil 1-iyun holatiga loyiha doirasida umumiy qiymati 22,57 million dollarga teng 45 ta sub — loyiha moliyalashtirilgan.

    Chorva mollarini ozuqa bilan taʼminlash boʻyicha hududda 17 ta korxona faoliyat yurityapti. Ushbu korxonalar 2020-yilda 152,5 ming tonna va 2021-yil 1-iyun holatiga esa 147,8 ming tonna omuxta — yem ishlab chiqargan.

    Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan va muammoli holatlar yuzaga kelgan.

    Jumladan, keyingi yillarda chorva mollarining soni va ularning goʻsht hamda sut mahsulotlari berishi bilan bogʻliq sifat koʻrsatkichlari oshishiga qaramasdan, mahsulotlarni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish sust darajada olib borilyapti.

    Shuningdek, xorijdan olib kelinayotgan naslli chorva mollari, shu jumladan oziq-ovqatni koʻp isteʼmol qiladigan qoramollar soni oshishiga qaramasdan, ularning omuxta-yemini yetishtirish ishlari talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan. Qoraqalpogʻiston hududida atigi 17 ta omuxta-yem tayyorlash korxonasi mavjud boʻlib, ularning quvvati bilan barcha turdagi chorva mollari ehtiyojini qondirish imkoniyati yoʻq. Bu esa oʻz navbatida omuxta-yemga boʻlgan taqchillik xavfini keltirib chiqarishi mumkin.

    Shuningdek, yaylovlarda ozuqabop oʻsimliklarning zaxirasi va holatini oʻrganish ustidan monitoring ishlari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan, yaylovlardan almashlab foydalanish va ularda ozuqabop oʻsimliklarni ekish ishlari tizimi yaratilmagan.

    Chorva mollarini turli kasalliklarga qarshi emlash va davolashda samarali veterinariya preparatlari yetishmasligi ham kuzatilyapti. Malakali kadrlar tayyorlash borasida ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.

    Yigʻilish yakunida xorijdan olib kelinayotgan naslli chorva mollarini hisobga olgan holda omuxta-yem tayyorlash korxonalarini tashkil etish, yaylovlarning hosildorligini oshirish, yaylovlarda ozuqabop oʻsimliklarning zaxirasini yaratish maqsadida ularning urugʻini yetishtirish, yigʻish va ekishni tashkil etish hamda oʻsimliklarning tabiiy koʻpayishiga sharoit yaratish va boshqa takliflar va tavsiyalar berildi.

    Koʻrilgan masalalar boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.