Sirdaryo viloyatida qishloq ayollari hamisha eʼzozda

    Fikr 17 Oktabr 2022 3159

    Soʻngi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan jamiyatimizda qishloq ayoliga munosabat, eʼtibor oʻzgardi.

    Qaysidir maʼnoda bir vaqtlar qishloq ayoliga zamondan ortda qolgan, koʻp narsaga aqli yetmaydigan ojiza sifatida qaralgan boʻlsa, bugun har jabhada faollik koʻrsatayotgan, davr bilan hamnafas yashayotgan fermer, tadbirkor yoki oddiy mehnatkash qishloq ayolga koʻpchilik havas bilan qarayapti.

    Asosan agrar sohaga ixtisoslashgan viloyatimizda dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, bogʻdorchilik, poliz mahsulotlari yetishtirish keng ommalashgan. Albatta, bu yoʻnalishlarning deyarli barchasida qishloq ayollarining munosib oʻrni bor. Ular uy, roʻzgʻor yumushlaridan ortib dala yoki oʻz tomorqasida mehnat qiladi, aholi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga hissa qoʻshadi.

    “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida qishloqlarni elektr energiya va toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, joylardagi infratuzilmani yanada yaxshilash, yoʻllarning taʼmirlanishi natijasida qishloq ayollarining ham turmush sharoitlari oʻnglanib boryapti. Birgina misol, ilgari qishloq ayollari ikki koʻcha naridan suv tashigan boʻlsa, bugun ichimlik suvi har bir xonadonga kirib bordi. Maʼnaviy makon yaratish boʻyicha “Oqila ayollar” harakati qishloqlarda ham tobora keng quloch yoyib boryapti.

    — Men qishloqda tugʻilib oʻsganman, — deydi Sirdaryo tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi Raʼno Ortiqova. — Lekin qishloq ayoliga bu qadar eʼtibor va eʼzozni koʻrmaganman. Shukrki, davlatimiz tomonidan berilayotgan katta imtiyoz va imkoniyatlar tufayli barcha sohalarda ayollarning oʻrni mustahkamlanib boryapti. Ijtimoiy faol xotin-qizlar soni koʻpayib, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼatdan tashqari, ishlab chiqarishdagi salmogʻi ortyapti.

    Markazdan olis hududlarda tadbirkorlikning keng quloch yoyishi, yangi korxonalarning tashkil etilishi natijasida minglab qishloq ayollar ish bilan taʼminlangan. Eng asosiysi, qishloq ayollari orasida ham tadbirkorlikka qiziquvchilar koʻpaydi. Ayni paytda viloyatimizning qishloq hududlarida 4 314 nafar xotin-qizlar tadbirkorlik bilan, 399 nafar ayollar hunarmandlik bilan shugʻullanib kelyapti.

    Dilfuza Jarbekova,

    Sirdaryo viloyat

    Oila va xotin-qizlar boshqarmasi

    matbuot kotibi.