SHu o'rinda yurtimizda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotganini e'tirof etish joiz. Xususan, karantin davrida biznes sub'ektlariga ko'maklashish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan, joriy yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223 000 so'm) 50 foizgacha kamaytirildi.
Faoliyatiga pandemiya salbiy ta'sir qilgan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 2020 yil 31 dekabrgacha ayrim soliqlar to'lanishini foizsiz kechiktirish (bo'lib-bo'lib to'lash) imkoni berildi. Bu borada tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlar asosida 2020 yil 1 iyul` holatiga 2 827 ta tadbirkorlik sub'ektining 135 milliard so'mlikdan ziyod soliqlarini to'lash muddati kechiktirildi.
2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha kichik korxonalar ikki turdagi — er va mol-mulk soliqlarini to'lashdan ozod qilinib, bugungi kunda ushbu imtiyoz asosida mamlakat bo'yicha 142,5 mingta kichik biznes vakili 332,8 milliard so'mlik soliqlardan ozod bo'ldi. Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirilishi natijasida 1 681 769 ta ish o'rni tashkil etgan 328 782 ta sub'ektning soliq yuki kamaytirildi.
Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar foyda solig'i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foiz kamaytirildi. Bunda davlat yordami qariyb 15,2 milliard so'mni tashkil etmoqda.
Bunday misol va raqamlarni yana ko'plab keltirish mumkin. eng muhimi, pandemiya davrida berilgan imtiyoz va engilliklar natijasida xo'jalik yurituvchi sub'ektlar hisobida qolgan mablag'lar ularning faoliyati barqarorligini saqlab qolishga, iqtisodiy qiyinchiliklarni engib o'tishiga hamda xodimlarining ish haqlarini o'z vaqtida berishiga moddiy asos yaratyapti.
YAna bir muhim jihat. 1 iyuldan boshlab ilk marotaba tadbirkorlarga qo'shilgan qiymat solig'ining bir qismini qaytarish mexanizmi amalga kiritildi. Ushbu yangilik orqali joriy yilning birgina uchinchi choragida tadbirkorlarga 700 milliard so'mni aylanma mablag' sifatida o'zida qoldirish imkoniyati yaratilmoqda.
Videoselektor yig'ilishida shu munosabat bilan zimmamizga ushbu yangi tizim imkoniyatlarini barcha tadbirkorlar e'tiboriga etkazish va ijrosini barcha hududlarda samarali tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Tan olib aytish lozim, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida belgilangan choralar ijrosi barcha hududlarda bir xil emas. SHu bois, ularga berilayotgan engillik va soliq imtiyozlarining qo'llanilishini nazorat qilish faqat soliq idoralari vakillari emas, balki barcha davlat tashkilotlari va organlari tomonidan birgalikda amalga oshirilishi lozim.
Prezidentimiz tomonidan yangi vazifa, ya'ni “Soliqchi — tadbirkorga yaqin ko'makchi” tizimini yo'lga qo'yish topshirig'i berildi. Uning mohiyati shundan iboratki, eng avvalo, biz ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanini tanlab berishimiz zarur. Undan keyin esa biznes sub'ektining “yashab ketishi”, faoliyat ko'rsatmayotganlarini tiklanishiga ko'mak berish, buxgalteriyasini yuritishi, hisobotlarni to'ldirishi va topshirishi, xullas, nima muammosi bo'lsa hal etish bo'yicha xizmat ko'rsatishga asosiy e'tibor qaratiladi.
Ayni paytda mutaxassislarimiz ushbu tizimni joriy etish mexanizmi ustida ish olib boryapti.
Videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalar zimmamizga bugungi qiyin sharoitda manzilli ishlashni, har bir tadbirkor faoliyatiga uning qiyinchilik va muammolarini tushungan holda ko'makchi bo'lishni taqozo etadi. SHu bois, faoliyatimiz endilikda qancha soliq qonunchiligini buzish aniqlandi va qo'shimcha soliq hisoblandi, deb tadbirkorni jazolashga qaratilmaydi, aksincha, soliq qonunchiligi buzilishi nechog'li kamaygani va tadbirkorlarni ortiqcha xarajatlardan saqlab qolishga qancha hissa qo'shilgani asosiy ish mezonimizga aylanadi.
SHerzod KUDBIEV,
O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisi