Xalqaro press-klubda Konstitutsiya va qonunchilikda soʻz hamda matbuot erkinligi, Oʻzbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari mavzusiga bagʻishlangan davra suhbatida YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor oʻz fikrlarini bildirdi:
– Oʻtgan toʻrt yil davomida Prezident Mirziyoyevning chiqishlarini shaxsan kuzatib boraman. Barchamiz bilib turibmizki, Oʻzbekiston uchun xalqaro majburiyatlarni hurmat qiladi va davlat rahbari soʻz erkinligi qanday boʻlishi va u taʼminlanishi kerakligini aytib keladi. Xalqaro tashkilotlar ham Oʻzbekistondagi ushbu sohadagi jarayonni qoʻllab-quvvatlaydi.
YEXHTning boshqa mamlakatlardagi vakolatxonalarida shtat birliklari qisqarayotgan paytda Oʻzbekistondagi ofisda aksincha, koʻpaydi. Nima uchun? Chunki Oʻzbekistondagi taraqqiyotga hamnafas boʻlish uchun ishchilar koʻp boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Prezidentining matbuotga qaratayotgan eʼtiborini hammamiz koʻrib, bilib turibmiz. Davlat rahbari jurnalist va blogerlar bilan uchrashmoqda. Bu ajoyib, oldin bunga oʻxshash voqealarni koʻrmasdik.
Helena FREYZER,
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori:
– “Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega”. Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasida shunday yozilgan. Bu yerda yigʻilganlarning barchasi ushbu gʻoyani toʻla qoʻllab-quvvatlashiga ishonaman. Chunki bu – barqaror taraqqiyot masalalariga hamnafasdir.
Aniq va ochiq axborot ega boʻlish – adolatli va betaraf institutlar, muassasalar shakllanishida asosiy jarayon hisoblanadi.
BMT tizimidagi tashkilotlar, xalqaro hamjamiyat Oʻzbekistonda jurnalistlarning ochiq maʼlumotga ega boʻlish uchun mustaqil faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Soʻnggi 4 yilda Oʻzbekistonda bu borada rivojlanish kuzatildi.
Jurnalistlar, blogerlar ochiq savol berishni boshladi, ilgari oʻzlari uchun “tabu” boʻlgan mavzularda yozishmoqda, turli muammolar boʻyicha surishtiruvlar oʻtkazishmoqda. Shuningdek, sohaga doir normativ-huquqiy masalalarda ham oʻzgarishlar boʻlmoqda.
Sherzodxon QUDRATXOʻJAYEV,
Xalqaro press-klub raisi, OʻzJOKU rektori:
– Toʻrt yil oldin Xalqaro press-klubni ilk tashkil qilayotgan chogʻimizda bizni soʻz erkinligi borasida koʻplab muammolar qiynagan. Bu, birinchidan, davlat idoralari va tashkilotlar rahbarlarining matbuot bilan, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni bilmasligi va istamasligi boʻlsa, ikkinchidan, jonli efirning yoʻqligi edi. Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan birgalikda matbuot kotiblari uchun oʻquv kurslari tashkil qilinyapti.
U yerda faqat oʻqituvchilar emas, professionallar soʻzga chiqadi.
Biz bugun taʼlim orqali bu oʻquv jarayonini, umuman media taʼlimni rivojlantiramiz.