“Sud ekspertiza sohasidagi islohotlar samarasi” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi

    Sud ekspertlik sohasida joriy yilning 8 oyi davomida 3 mln. 96 ming 80 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilgan.

    Joriy yilning 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan“Sud ekspertiza sohasidagi islohotlar samarasi” mavzusida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

    Tadbirda Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori va markaz xodimlari tomonidan sud ekspertiza sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida OAV vakillariga axborot berildi.

    Jumladan, Bugungi kunda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertizalarining oʻrni muhim ekanligini qayd etish lozim.

    Ayniqsa, xufiyona sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda sud ekspertizaning ahamiyati kattaligini inkor etib boʻlmaydi. Ayrim hollarda jinoyatlarni ochishda sud ekspertizasi yagona dalil boʻlib, shu bilan oʻz ahamiyatini yana bir bor namoyon qiladi.

    Maʼlumki Yangi Konstitutsiyamizning 28-moddasida agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanib qoʻyildi.

    Shu oʻrinda fuqarolarimizning Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishida sud ekspertiza tadqiqotlari natijalari ham muhim ahamiyatga ega.

    Sud ekspertlik sohasida Markazda sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qaror va ajrimlari, hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida 2020-yil davomida 923 ming 760 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib, 28 ming 678 ta xulosa va mutaxassis fikrlari berilgan boʻlsa, joriy yilning 8 oyi davomidagina 3 mln. 96 ming 80 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib, 26 ming 28 ta ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan.

    Bu esa Markazga sud va tergov idoralari tomonidan sud-ekspertizalarini tayinlashga ehtiyoj yildan yilga tobora oshib borayotganidan dalolat bermoqda.

    Shu bilan birga, ekspertiza tayinlovchi organlarga ekspertiza tayinlashning protsessual talablari yuzasidan 1 ming 80 ta profilaktik takliflar berilgan hamda 1 ming 504 nafar sud va tergov organlari xodimlarining tajriba almashishlari taʼminlangan.

    Norma ijodkorligi yoʻnalishida avvalambor sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli ravishda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

    Matbuot anjumanida fuqarolar tomonidan yoʻllangan savollarga soha mutaxassislari atroflicha javob berib, sud ekspertiza sohasidagi tartib-taomillar xususida maʼlumotlar taqdim etdi.