Superliga tashkil etildi, lekin u yashab keta oladimi?

    Kecha Yevropada Ispaniyaning “Real”, “Barselona”, “Atletiko”, Italiyaning “Milan”, “Inter”, “Yuventus” va Angliyaning “Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted” va “Tottenhem” klublari Superliga tashkil etilganini eʼlon qilishdi.

    Superliga tashkilotchilarining fikricha yangi turnirning formati quyidagicha boʻladi: musobaqada 20ta klub qatnashadi – 15ta taʼsischi klub va mavsumdagi natijalariga koʻra qoʻshiladigan yana 5 jamoa.

    Jamoalar 10tadan boʻlib, ikki guruhga boʻlinadi va uy-safar tizimida oʻyin oʻtkazadi. Har bir guruhdan 3tadan eng yaxshi jamoa chorakfinalga chiqadi. Toʻrtinchi va beshinchi oʻrinni egallagan klublar qoʻshimcha ikki oʻyindan iborat pley-offda bellashadi. Chorak final va yarim final bahslari uy-safar tizimida, final neytral maydonda oʻtkaziladi. Oʻyinlar har hafta boʻlib oʻtadi.

    Turnir avgust oyi oʻrtalarida boshlanishi rejalashtirilgan.

    UYEFA Superliga tuzilishini qabul qilmasligini, bu musobaqada oʻynaydiganlar Yevropa va jahon miqyosidagi turnirlardan diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligini maʼlum qildi.

    Shuninngdek, FIFA ham Yevropaning top-klublari tomonidan tashkil etilgan Superligaga oʻz munosabatini bildirdi. FIFA bayonotida shunday deyilgan:

    “FIFA adolatli taqsimot modeliga qatʼiy sodiqdir. Chunki jahon miqyosida futbolni rivojlantirish tashkilotning asosiy vazifasi hisoblanadi.

    Nizomga muvofiq, har qanday milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi futbol turnirlari doim moliyaviy taqsimotning asosiy tamoyillarini aks ettirishi kerak.

    Shunday qilib, FIFA xalqaro futbol tuzilmalaridan tashqaridagi “Yevropaning yopiq ligasi”ga noroziligini bildiradi.

    FIFA doim jahon futbolidagi birdamlikni qoʻllab-quvvatlaydi va qizgʻin muhokamalarda ishtirok etayotgan tomonlarni muvozanatli muloqotga chorlaydi”.

    Xullas, Superliga rasman tuzildi, ammo u yashab keta oladimi? Bu yogʻini yaqin kelajak koʻrsatadi.