Mustabid tuzum davrida tadbirkorlikka deyarli yo'l berilmadi. SHu bois, bu soha uzoq yillar jomadonga solib qo'yildi, tadbirkorlik qilish niyatida bo'lgan hamyurtlarimiz chorasiz qoldi.
Mustaqillik bizga tadbirkorlik iqbolini ham qaytarib berdi. Kichik biznes rivojlana boshladi, ishbilarmonlarimiz katta korporatsiyalar tashkil qildi, sekin-asta chet el bozorlariga chiqa boshladik.
Zamon talabi o'zgarib boraveradi. SHunga monand tadbirkorlik ham o'z egasidan ilg'or g'oyalar bilan ish ko'rishni talab qiladi. Bunga bugungi davr shiddati va o'zgarish ruhi misolida amin bo'lamiz. Keyingi yillarda dunyo bozorlarida talab jiddiy o'zgardi. Juda kuchli raqobat muhiti paydo bo'ldi. Bu globallashuv oqibati va zamonaviy texnologiyalar rivojlanayotgani bilan bog'liq jarayon sifatida izohlanmoqda.
Mamlakatimizda ham ishbilarmonlik muhiti tubdan o'zgarmoqda. Har bir sohaga innovatsion yondashuvlar kirib kelmoqda. YAngi-yangi ishlab chiqarish turlari ko'payib, son va sifat uyg'unligiga erishish yo'lida qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Tadbirkorlarning har bir ezgu harakati qo'llab-quvvatlanmoqda.
Bu jihatlar biz, ayollar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ular safida men ham momomeros kasbimiz tikuvchilik, quroqchilik bo'yicha ish boshladim. Dastlab mahalla ahli buyurtmalari bo'yicha ishladim. Faoliyatimiz kengayib boryapti. Tikuvchilik tsexi ochib, o'nga yaqin ish o'rni yaratdim. Hozir tumanimiz aholisining talab va ehtiyojidan kelib chiqib milliy liboslar, so'zana, ko'rpa-to'shak tikamiz.
Tikuvchilik, quroqchilik kasbi qadimda qanchalik e'zozlangan bo'lsa, bugun ham xuddi shunday ardoqli. Bu hunarni egallagan ayol oilasi, farzandlari tarbiyasidan ajralib qolmaydi, uy-ro'zg'or yumushlaridan ortib kuniga 3-4 soat vaqt ajratsa, yaxshigina daromad topadi. SHu bois, qizlarimiz, kelinlarimiz orasida bu sohaga qiziqish katta.
To'rt qizim ham bichish-tikishni yaxshi biladi. Masalan, to'ng'ich qizim hamshira bo'lib ishlaydi, bo'sh vaqtida esa uyida o'tirib buyurtmalarni tikib beradi. Bu ham oilaga qo'shimcha daromad, albatta.
Mamlakatimizda tadbirkor ayollar safi kengayib boryapti. YAqinda Statistika agentligining shu xususdagi ma'lumotini o'qib qoldim. Qayd etilishicha, 2023 yilning 1 yanvar` holatida O'zbekistonda ayol rahbarlar boshqaruvidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni 39 ming 78 tani tashkil etgan va o'tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 2606 taga oshgan.
Bu raqamlar kichik ko'rsatkich emas. Buning ortida qancha-qancha ayollar taqdiri yotibdi. Zero, xotin-qizlar tadbirkorligi nafaqat ular hayotida, balki oilada, mahallada, jamiyatda yangicha muhitni shakllantiradi. CHunki tadbirkor ayolning o'zi, farzandlari, oilasidan ko'ngli tinch bo'lsa, ertangi kunga umidi, ishonchi yuksaladi. Bugun bizning dilimizda ana shunday quvonch, ishonch bor, desam mubolag'a bo'lmaydi.
Mana, yaqinda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha muhim tashabbuslar ilgari surilgani bizni yangi marralar sari ruhlantirdi. Muloqotda yurtimizda tadbirkorlik muhitini yanada erkinlashtirish, bu jabhadagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, tashkiliy ishlarni kengaytirish bo'yicha ko'plab yangi g'oyalar aytildi. YAqin kelajakda ularning ro'yobga chiqishi ishbilarmonlar safini kengaytirishiga shubha yo'q.
Ochiq muloqotda aytilgan taklif va tashabbuslarning ro'yobga chiqishi har birimizga bog'liq. Biz ham bu ezgu ishlarning tezroq amalga oshishi yo'lida kamarbasta bo'lmog'imiz shart. SHu maqsadda o'tgan yillarda orttirgan tajribamni yoshlarga o'rgatish, tadbirkorlar safini kengaytirishga o'z hissamni qo'shish maqsadida tumanimizdagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markaziga ham etakchilik qilmoqdaman. Markazimizda ayollarga bozorda talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha saboq berilmoqda. Joriy yilning o'tgan davrida to'rt yuz ellikka yaqin xotin-qiz ushbu o'quv kurslarida malaka oshirdi. Ulardan ikki yuz ellik nafariga tikuv mashinasi olib berildi.
Biroq hududimizda hali hunar o'rganaman, ishlayman, oilamga daromad keltiraman, deydigan ayollar soni anchagina. Ularning hammasi ham bizga bevosita murojaat qilavermaydi. Bizning vazifamiz oilalarga kirib borib har bir ayol bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammoni aniqlash, ayniqsa, ishsiz, qo'lida biror kasbi yo'q xotin-qizlarni izlab topib, ularga ko'mak berish. SHu maqsadda mahallalardagi hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. O'quv kurslarni faqat tuman markazidagina tashkil etish bilan cheklanmaymiz. CHekka-chekka qishloqlarga ham borib, mahalla guzarida ayollarni to'plab, ularga o'quv mashg'ulotlari tashkil etamiz.
Zero, ayolning qo'lida hunari yoki kasbi bo'lsa, hayotda qoqilmaydi, muammoli vaziyatga tushib qolsa, oson chiqib ketadi. Bundan, avvalo, uning farzandlari, oilasi, qolaversa jamiyat foyda ko'radi. SHunday ekan, tadbirkorlik rivoji yo'lida qo'yilgan har bir qadam oila, jamiyat va mamlakat rivojiga mustahkam poydevor yaratadi.
e'tibor RAHMATULLAEVA,
Qarshi tumanidagi Xotin-qizlar
tadbirkorlik markazi rahbari








