Murojaatnomani tom maʼnodagi yangilanayotgan Oʻzbekistonni yaqin yillarda, xususan, joriy yilda kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakat taraqqiyotini taʼminlashning ustuvor jihatlarini belgilab bergan dastur sifatida qabul qilish oʻrinli boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, Murojaatnomada jamiyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalari qamrab olingan. Jumladan, fan, taʼlim tizimiga taalluqli bir qator strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlar belgilab berilgank. Undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yangilanayotgan Oʻzbekiston taʼlim siyosatining mazmun-mohiyatini yana-da chuqurroq anglashni, ularning ijrosiga nisbatan taraqqiyot mezonlari asosida ijodiy yondashuvni talab qiladi.
Insoniyat tamaddunining hozirgi davrini globallashuv jarayonlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bugunga kelib globallashuv dunyo mamlakatlarini rivojlantirishning mazmun-mohiyatiga, strategiyasi va tamoyillariga, yondashuv va uslublariga ham birday taʼsirini oʻtkazayotgan kuch sifatida namoyon boʻlmoqda. Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini chuqur oʻrganish unga moslashish, yoʻnalishlarini kerakli tarzda oʻzgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan koʻrinadiki, globallashuv jarayonidan ijobiy va ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexnizmlarini ilmiy asosda ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. 2020-yilda butun dunyoda kuzatilgan pandemiya sharoiti fikrimiz toʻgʻriligini yana bir karra tasdiqlaydi. Albatta, bunday sharoitda taʼlim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol oʻynaydi.
Murojaatnomada taʼlim sohasiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning birlamchi sharti sifatida eʼtibor qaratilgan. Xususan, davlatimiz rahbarining “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib, xizmat qilishi lozim”, degan fikrlarida taʼlim va tarbiyaning jamiyat rivojidagi muhim ahamiyati oʻz ifodasini topgan.
2021-yilda “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan gʻoya asosida qator yoʻnalishlarda keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Jumladan, birinchidan, yosh avlodga bogʻcha, maktab va oliy taʼlim muassasasida sifatli taʼlim-tarbiya berishga alohida eʼtibor qaratiladi, oʻgʻil-qizlarning jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.
Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi.
Uchinchidan, oʻgʻil-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat beriladi.
Milliy taʼlim tizimining keyingi chorak asrdagi faoliyatiga nazar tashlasak, koʻplab ijobiy ishlar bajarilganiga guvoh boʻlamiz. Biroq ayni paytda olib borilayotgan islohotlar koʻplab muammolar yigʻilib qolgani, muayyan kamchiliklar ham boʻlganini koʻrsatmoqda. Tizimdagi bu nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida keyingi uch yildan ortiqroq vaqt mobaynida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalariga oid koʻplab farmon va qarorlar qabul qilindi. Mazkur meʼyoriy hujjatlarda maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimdan keyingi taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqich, shuningdek, akademik ilm-fan ham qamrab olingan. Uzviylik hamda uzluksizlikni taʼminlash orqali taʼlim sohasini mazmunan yaxlit tizim sifatida shakllantirish nazarda tutilgan.
Taʼlim sifatini tubdan yaxshilash, avvalo, oʻquv dasturlari, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarning ilgʻor xalqaro dasturlarga moslashtirilishiga bogʻliq. Bolalarning tahliliy, nostandart va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun oʻzining yangilangan shakl va mazmuniga ega darsliklar yaratish zarur. Murojaatnomada qayd etilishicha, “Bu borada kelgusi oʻquv yilida boshlangʻich sinflarda davlat taʼlim standarti oʻrniga, ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy oʻquv dasturi” joriy etiladi”. Ushbu chora-tadbirlarning pirovard maqsadi esa taʼlim muassasasi bitiruvchilarini sof nazariy bilimlar sohibi sifatida emas, balki hayotiy vaziyatlarga moslashuvchan, mustaqil va toʻgʻri qaror qabul qilish koʻnikmasiga ega shaxs sifatida tarbiyalashni nazarda tutadi.
Taʼlim tizimini hududlar kesimida tahlil qilish shahar va qishloq, shuningdek, chekka qishloqlar oʻrtasida oʻzaro tafovut mavjudligini koʻrsatadi. Shu munosabat bilan 2021-yildan boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan oʻqituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa — 100 foiz ustama haq toʻlash tartibining joriy qilinishi mamlakatimizning eng chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning ham sifatli taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash imkoniyatini beradi.
Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda taʼlim xizmatlariga biznes sifatida qaraladi. Darhaqiqat, taʼlim biznesga aylangandagina raqobatbardoshlik kasb etadi. Mamlakatimizda ham keyingi yillarda oʻqitish tizimiga nodavlat va xususiy sektorning jadal kirib kelishini sohadagi ijobiy hodisalardan biri sifatida baholash mumkin. Bunday sharoitda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasidagi raqobat tizimning rivojlanishiga xizmat qiladi. Murojaatnomada xususiy maktablar faoliyatini ragʻbatlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratilishi belgilab berilishi taʼlim tizimida xususiy sektorning ulushi oshishiga, bu esa, oʻz navbatida, raqobatning kuchayishiga sabab boʻladi.
Taʼlim muassasalarida alohida qobiliyatli oʻquvchilar bilan ishlash masalasi oʻziga xos eʼtiborni talab qiladi. Shuning uchun ham qobiliyatli oʻquvchilar bilan ishlashning oʻziga xos pedagogik va psixologik jihatlari mavjudki, bu xuddi shu sifatga ega oʻquvchilar bilan ishlashda alohida yondashuvlarni talab qiladi. Taʼlim muassasalarida bu borada olib borilayotgan ishlarni kuzatar ekanmiz, qobiliyatli oʻquvchilarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish va yoʻnaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talabiga javob bermasligini koʻrishimiz mumkin. Aslida bu boradagi ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan taqdirda ham qobiliyatli oʻquvchilarning ehtiyojini toʻlaqonli qondirish qiyin. Prezidentimiz tomonidan iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizning taʼlimiga alohida eʼtibor qaratilishi ham ana shu omillar bilan bogʻliq. 2019-yildan eʼtiboran mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan ijod maktablarining tashkil qilinishi hamda bu boradagi ishlarning tizimli davom ettirilayotgani alohida qobiliyatga ega yoshlarning iqtidorini rivojlantirish, ularning salohiyatidan jamiyat manfaati yoʻlida foydalanishdek ezgu maqsadlarni koʻzlaydi. Kelgusida esa iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitetni tashkil etish, ushbu oliy taʼlim muassasasida chet eldagi yetakchi olimlar va professor-oʻqituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim-tarbiya berishi bilan bogʻliq ishlarning rejalashtirilishi bu yoʻnalishda ishlar tizimli olib borilayotganini koʻrsatadi.
Biz ayni paytda ilm-maʼrifatni rivojlantirmasdan rivojlanishning keyingi bosqichlariga chiqa olmaymiz. Buning uchun esa tizimdagi muammolarni bartaraf qilishimiz, taʼlim-fan-ishlab chiqarish uchligi oʻrtasidagi integratsiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimiz lozim.
Taʼlim tizimida uzoq yillardan beri yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etish oson kechmaydi. Buning uchun, avvalo, taʼlimga yondashuv bilan bogʻliq qator masalalarga ijobiy yechim topishimiz lozim. Kadrlar tayyorlashda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligi va talabini inobatga olish, mehnat bozoridagi talab va taklifni chuqur oʻrganish, ularning mutanosibligiga erishish, taʼlim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini toʻla taʼminlash, fan yutuqlarini tijoriylashtirishga nisbatan eʼtiborni kuchaytirish shular jumlasidandir.
Yuqorida aytilgan taʼlimga notoʻgʻri yondashuv bilan bogʻliq masalalar, oʻz navbatida, kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi, amaldagi oʻquv reja va dasturlarda nomutaxassislik fanlari ulushining yuqoriligi, oʻquv adabiyotlarining yetishmasligi, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish mexanizmining kuchsizligi kabi muammolarga sabab boʻlgan.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz taʼlim tizimi xodimlari oldiga oliy taʼlimga qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oʻquv yuklamalarini optimallashtirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, taʼlimda nodavlat va xususiy sektorning rolini oshirish, taʼlimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish, nufuzli chet el oliy oʻquv yurtlari bilan yaqindan hamkorlikni kuchaytirish kabi vazifalarni qoʻymoqda.
Umuman, oldimizda turgan vazifalar juda koʻp. Eng asosiysi, oʻquv-tarbiya tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning zamonaviy taʼlimga qoʻyiladigan talablarga javob berishidir. Murojaatnomada pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga yuqori maosh toʻlash tizimi joriy etilishi aytib oʻtildi. Shuningdek, maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi. Bu ishlarni amalga oshirish, avvalo, tizimdagi rahbarlardan zamonaviy fikrlash va xorij amaliyotini yaxshi bilishni talab qiladi.
Davlatimiz rahbar 2019-yilning 23-avgustida xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida “Maktab — bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi... Maktab ishi bu umummilliy harakatga aylanishi kerak”, degan edi. Haqiqatan ham, maktabni oʻzgartirmay, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Xuddi shu yigʻilishda Prezidentimiz pedagogika oliy taʼlim muassasalarining faoliyatiga tanqidiy baho berib, ularning maktablardagi oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirishdagi roli sezilmayotganini afsus bilan qayd etgan edi.
Mamlakatimiz rahbarining ushbu fikrlaridan kelib chiqib, Chirchiq davlat pedagogika instituti sohaga innovatsiyalarni joriy qilish, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini oshirish maqsadida pedagogik taʼlimning innovatsion klasterini oʻzining asosiy strategik ilmiy tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgiladi. Bugungi kunda institutning katta ilmiy jamoasi pedagogik taʼlim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish, uni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Institut jamoasi belgilangan oʻquv jarayoni bilan bir paytda klaster tizimi doirasida bitiruvchilarga qoʻshimcha kasb oʻrgatish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqda. Olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarining dastlabki natijalari pedagogik taʼlim innovatsion klasteri istiqbolli loyiha ekanini koʻrsatmoqda. Toshkent viloyati tajribasi sifatida uni ommalashtirish, shubhasiz, pedagogik taʼlimda oʻzining ijobiy samarasini beradi.
Gʻofurjon MUHAMEDOV,
Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori