Tibbiyot islohotlari, avvalo xalq salomatligiga qaratilgan

    Xalq salomatligi va sogʻlom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi sanaladi. Shu bois, mamlakatimizda aholi sogʻligʻini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda yurtimizda sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yangicha mazmun kasb etyapti.

    Prezidentimizning tibbiyot sohasining birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, farmatsevtika tarmogʻini yana-da rivojlantirish, “elektron sogʻliqni saqlash” tizimini tatbiq etishga qaratilgan qator farmon va qarorlari, bir necha bor oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlari zamirida ham xalq salomatligiga qaratilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni anglash, his etish mumkin.

    Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati a ʼzosi Elmira BOSITXONOVA bilan suhbatimiz tibbiyot sohasidagi islohotlar va erishilgan natijalar xususida boʻldi.

    — Sogʻliqni saqlash tizimining murakkabligi shundaki, u bevosita inson salomatligini muhofaza qilish, hayotini asrab qolishdek oʻta masʼuliyatli faoliyat bilan bogʻliq, — dedi E.Bositxonova. — Albatta, bugun dunyoda tibbiyot sohasi juda rivojlanib bormoqda. Turli kasalliklarga qarshi kurash, ularni bartaraf etishga qaratilgan nozik jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish borasida erishilgan tajribalar ham ortib, yangi tibbiy texnologiyalar kirib kelyapti.

    Ammo eng asosiy masala — ana shu yutuq va tajribalardan, mavjud tibbiy texnologiyalardan oqilona foydalanishda.

    Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq aholi salomatligini asrash, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni takomillashtirish masalasini ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berdi. Sogʻliqni saqlash tizimida tub islohotlar oʻtkazish, ayniqsa, onalar, goʻdaklar oʻlimi, nogironlikni imkon qadar kamaytirish borasida samarali choratadbirlarni amalga oshirish zarurligini kun tartibiga olib chiqdi.

    2017-yilning oʻzida oltita selektor yigʻilishi birgina sogʻliqni saqlash tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgani bejiz emas. Yigʻilishlarda mazkur sohaning respublikamizdagi holati, rivojlanishiga xalal berayotgan mavjud muammolar chuqur tahlil qilindi. Jumladan, sogʻliqni saqlash sohasida birlamchi tizim faoliyatining qoniqarsizligi aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan bajarilayotgan ishlar iqtisodiy nuqtayi nazaridan samarasiz ekaniga urgʻu berildi.

    Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan ixtisoslashgan tibbiy markazlar faoliyatining qoniqarsiz ekanligi taʼkidlangandi. Chunki ixtisoslashgan markazlarning aholi quyi qatlami bilan deyarli aloqasi uzilib qolgan edi. Xususan, ularning xalqaro standartlarga javob bermasligi, klinikalarda xalqaro aloqalar yoʻlga qoʻyilmagani ham qayd etilgandi. Tabiiyki, barcha jabhada, jumladan, tibbiyot sohasida ham rivojlanish uchun xalqaro tajribalar suv va havodek zarur.

    Keyingi yillarda kadrlar masalasida ham kamchiliklarimiz koʻzga tashlanib qoldi. Ayniqsa, chekka hududlarda oilaviy shifokor, umumiy amaliyot shifokorlarining yetarli emasligi, baʼzi hududlarda tor soha mutaxassislari yoʻqligi, malakali mutaxassislar koʻproq Toshkent shahrida faoliyat yuritishi respublika sogʻliqni saqlash tizimi rahbariyati tomonidan ham tahlil qilindi.

    Sogʻliqni saqlash sohasidagi ayrim yoʻnalishlar rivojida oqsashlar sezildi. Bu, ayniqsa, gemodializ, onkologiya yoʻnalishida koʻproq namoyon boʻlayotir. Shuningdek, ixtisoslashgan va tez yordam xizmatida ham bartaraf etilishi kerak boʻlgan muammo va kamchiliklar yetarli. Jumladan, hanuz tibbiy xizmat koʻrsatish transportlarida IT texnologiyalar qoʻllanilmaydi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar yigʻilib qolgandi. Bolalar poliklinikasi qisqartirilib, ular umumiy koʻp tarmoqli poliklinikalardagi bolalar xonalariga aylantirilgandi. Yigʻilishlarda ana shu masalalar boʻyicha alohida vazifalar belgilab olindi.

    Toʻplanib qolgan muammolardan yana biri shu ediki, tugʻma nogironlikning oldini olish borasida respublika boʻyicha faqat Toshkent shahrida bor-yoʻgʻi ikkita joyda skrining oʻtkazilardi. Bu skrining tekshiruvining aholini qamrab olish imkoniyati ham 45 foizni tashkil etgan. Eʼtibor bering: bugungi kunda respublikamizdagi ikki yuzta tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi skaner apparatlari bilan taʼminlangan. Homiladagi nuqsonlarni erta aniqlashga qaratilgan eʼtibor, saʼy-harakatlar tufayli skrining tekshiruvidan oʻtkazish qamrovi endi 95 foizgacha yetyapti. Hozir homiladorligi aniqlangan har bir ayol tuman markazidagi poliklinikada skrining tekshiruvidan oʻtib, homilaning sogʻlom ekanini tasdiqlatib, uning toʻgʻri rivojlanishi uchun kerakli choralarni koʻrishi mumkin.

    Ayollar maslahatxonasi ham tiklandi. Har bir markaziy poliklinikada alohida bolalar boʻlimi tashkil etildi. Tuman markazidagi shifoxonalarda bolalar reanimatsiya markazi tugatilib, kattalar reanimatsiyasiga qoʻshilib ketgan edi. Bolalarga ogʻir holatda yordam koʻrsatish esa ularning yoshiga xos jihatlarini inobatga olgan holda yondashuvni talab qiladi. Shu bois, bugungi kunda bolalar reanimatsiyasi boʻlimi har bir tumanda qayta tiklandi.

    Ixtisoslashgan markazlarda haqiqiy inqilobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Mamlakatimizda yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarda yiliga uch mingtagacha operatsiya oʻtkazish ehtiyoji bor edi. Lekin shu paytgacha akademik V.Vohidov nomidagi Respublika jarrohlik ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bolalar kardiologiyasi boʻlimida bir yilda bor-yoʻgʻi ikki yuz nafar bemor bolaning yuragini operatsiya qilish imkoni boʻlgan. Bugungi kunga kelib, bir yilda 2800 bola operatsiya qilinyapti. Chunki yetarli tibbiy imkoniyat va mutaxassislarga ega boʻlgan boʻlimlar Qashqadaryo, Xorazm, Fargʻona, Andijon, Samarqand viloyatlarida ham ochildi.

    Bitta soha boʻyicha ixtisoslashgan yordamning hududlarda ham mavjudligi katta yutugʻimiz boʻldi, deb hisoblayman. Bu klinikalar barcha kerakli tibbiy anjomlar bilan taʼminlangan, ularda malakali jarroh, anestiziologlar jamoasi faoliyat olib boradi. Bular “Mana biz qurib qoʻydik, biz boʻlim ochdik” degan bir tomonlama qarash uchun emas, xalqning koriga yarash uchun tashkil etilgan muassasalardir.

    Bunday oʻzgarishlarni barcha yoʻnalishlarda kuzatish mumkin. Masalan, gemodializ xizmati avval faqat Toshkent shahrida yoʻlga qoʻyilgandi. Dori, sarflov materiallari ham yetmasdi. Bir bemorga toʻrt soat gemodializ seansi olib borilishi kerak boʻlsa, uni bir soatgacha qisqartirib, bitta filtrni bitta kasal oʻziga uch-toʻrt marta ishlatishga majbur boʻlgan holatlar kuzatilardi.

    Umuman olganda, oxirgi toʻrt yil ichida buyragi ishlamasligi natijasida apparatga bogʻlanib qolgan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va toʻlaqonli yashashi borasida eʼtiborga molik ishlar bajarilayotir.

    Poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyat olib borayotganini alohida taʼkidlashni istardim. Bu toʻrtinchi darajadagi tibbiy markaz hisoblanadi. U Koreya Respublikasi koʻmagida barpo etilgan. Bu yerda yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Yiliga 1,5 mingdan ortiq noyob jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkoniyati mavjud. Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Muassasada faoliyat yuritish uchun yuzdan ortiq vrach va hamshira Janubiy Koreyada malaka oshirib keldi.

    Eʼtiborga molik jihati, jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera oʻrnatilgan boʻlib, boshqa shifoxonalar mutaxassislari va tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, talabalari jarrohlik amaliyotini onlayn koʻrib turishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy koʻriklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi, davolashning taʼsirchan usullari muhokama qilinadi. Ana shunday jarayonlarning biriga oʻzim ham guvoh boʻlganman. Har qanday ota-ona betob bolasini malakali, tajribali mutaxassisga koʻrsatgisi keladi. Janubiy koreyalik professor tomonidan Andijondagi betob bola koʻrikdan oʻtkazilgan paytda ota-onaning qalbidagi qoniqish hissini koʻrganingizda edi! Bu quvonch, mamnunlik oʻrnini hech narsa bosolmaydi. Oʻylaymanki, bu yutuqlarimiz xalqimizga sifatli, samarali tibbiy xizmat tizimi yaratilayotganidan dalolat beradi.

    — 2020-yil 6-noyabr va 2021-yil 1-aprelda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz birlamchi tizimning mutlaqo yangi mexanizmlarini yaratish zarurati toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qanday oʻzgarishlar kuzatilyapti?

    — Avval umumiy amaliyot shifokori oldiga bemor kelishi kutib turilardi. Yoki boʻlmasa, shifokor “patronaj qilishim kerak”, deya mahallaga ketma-ket, hech bir aniq rejasiz chiqib ketardi. Buning natijasida eʼtiborga muhtoj xastalar chetda qolib ketgan. Natijada poliklinikaning samarasi, imkoniyati ham toʻliq namoyon boʻlmagan.

    Bu boʻyicha mutlaqo yangi mexanizmlar ishlab chiqildi. Individual yondashuv hamda maslahatlar tizimiga oʻtildi. Poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan insonning salomatligidan kelib chiqib, individual maslahatlar berish va keyinchalik ularni nazoratga olish, maslahat va davolashreabilitatsiya tadbirlariga jalb qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Tibbiy brigadalarni shakllantirish va aholini xatlovdan oʻtkazish jarayoni boshlandi.

    Biz avval fuqaro kasal boʻlmasa ham uyiga borishimiz kerak edi. Endi bu amaliyotdan voz kechib, faqat ogʻir ahvoldagi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kirgan xastalar, nogironligi boʻlgan bemorlar xonadoniga borib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ularni davolash choralarini koʻryapmiz.

    Oldin davolanish uchun orderni Sogʻliqni saqlash vazirligi berardi. Hozir oilaviy shifokor mahallada order kimga va qachon kerakligini oʻzi belgilaydi. Oʻylaymizki, bunday yangicha yondashuv oʻz samarasini beradi.

    — Tibbiyotda amalga oshirilayotgan yangi tizim — Sirdaryo tajribasining oʻziga xos jihatlari nimadan iborat?

    — Oʻzbekiston tarixida birinchi marta sugʻurta tibbiyotini Sirdaryoda tajribadan oʻtkazyapmiz. Sirdaryo tajribasi sogʻliqni saqlash tizimini tibbiy sugʻurtaga oʻtkazish jarayonini pilot hudud sifatida amalga oshirish uchun muhim. Byudjet tomonidan toʻlanadigan mablagʻ hisobiga koʻrsatiladigan tibbiy yordam paketi, pulli xizmat paketi, ambulator yordam, tez tibbiy yordam va statsionar yordamning aniq hisob-kitobga asoslangan harakatlari ana shu tajribada sinab koʻriladi. Tibbiyotni toʻliq raqamlashtirish tajribasi ham aynan Sirdaryoda oʻtkaziladi. Barcha ilmiyamaliy xulosalar tahlilidan soʻng respublika boʻylab amaliyotga tatbiq qilinadi. Ayni paytda viloyatda sugʻurta fondi ish boshladi. Shuningdek, tibbiy xizmatda axborot texnologiyalarini kiritish boʻyicha ham loyihalar yoʻlga qoʻyilyapti. “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept”, “Elektron xatlov” masalalari ayni paytda shu viloyatda tajriba sifatida oʻtkazilyapti.

    — Respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining vertikal ish tizimini oilaviy shifokor punkti bilan bogʻlash borasida qanday ishlar bajarilyapti?

    — Ixtisoslashgan markazlar hamma joyda bir xil ishlashi kerak emas. Misol uchun, kardiologiya sohasida respublika boʻyicha bir xil ish olib borilmaydi. Har bir hudud oʻzidagi kasallanish darajasi va koʻrsatkichlariga qarab oʻsha xizmatni rivojlantirishi kerak. Oilaviy shifokor ixtisoslashgan markazdagi shifokor bilan oʻzining bemoriga ixtisoslashgan yordam zarur yoki zarur emasligini tibbiy koʻrik orqali aniqlab, xulosaga kelishi zarur. Ixtisoslashgan yordam koʻrsatuvchi mutaxassislar faqat markazda oʻtirib emas, chekka qishloqlarga ham mobil brigada boʻlib borib, aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazyapti. Aniqlangan bemorlar ajratilib, ularga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatilyapti. Bu nafaqat poytaxtda, balki tumandagi koʻp tarmoqli markaziy shifoxonada ham zarur sharoit yaratgan holda amaliyot oʻtash imkonini beryapti. Misol uchun, amaliyot oʻtaladigan xona jahon standartlariga javob bersa, u yerda ixtisoslashgan kardiologik, urologik, neyroxirurgik kasallikni ham davolash mumkin. Shu bilan vertikal tizim oʻz vazifasini bajaradi.

    — Prezidentimiz raisligida joriy yilning 1-aprelida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida klinik ordinaturada oʻqitishning yangi tizimi haqida gapirildi. Bu tizimning afzalliklari nimadan iborat?

    — Oliy oʻquv yurtini tugatgan mutaxassis klinik ordinaturada ilmiy tadqiqot olib borish bilan birga, muassasalarda amaliyot oʻtaydi. U ham shifokor sifatida ishlaydi, ham bilimi va malakasini oshiradi. Bu esa, oʻz navbatida, ikkita masalaga yechim boʻladi. Deylik, u oliy oʻquv yurtini umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan boʻlsa, endi nevropatolog boʻlib shakllanishi uchun nevropatolog klinik ordinaturasiga oʻqishga kiradi. Nevrologiya klinikasida yoki oʻz hududidagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada nevropatolog boʻlib ishlagan mutaxassis oʻsha hududda shu yoʻnalishdagi shifokorga boʻlgan ehtiyojni qondiradi, ordinaturani bitirgandan keyin nevropatolog diplomiga ega boʻladi.

    — Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasidagi ishlar xususida ham toʻxtalsangiz.

    — Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining xulosasiga koʻra, insonning salomatligi turmush darajasi, oilaviy sharoiti, moddiy ahvoli kabi qator omillarga aloqador. Ammo eng koʻp, aniqrogʻi 85 foiz sogʻlom turmush tarziga rioya qilishiga bogʻliq ekan. Sogʻlom turmush tarzi targʻibotini faqat tibbiyotning zimmasiga tashlab boʻlmaydi.

    Har bir oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor va uning patronaj hamshiralari bilan birga mahalladagi faollar, sport instruktorlari, maktab oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari va ichki ishlar profilaktika inspektorlari ishtirokida sport musobaqalarini alohida tartib asosida oʻtkazishga harakat qilyapmiz. Mahallalarda salomatlik maktablarini tashkil etyapmiz. Har bir mahalla idorasidagi salomatlik burchagidan tibbiy brigada toʻgʻrisida maʼlumot, shifokor yoki hamshiraning surati, telefon raqami, manzili yozilgan stendlar, hududning oʻziga xos tibbiy muammolari toʻgʻrisidagi eʼlonlar oʻrin oladi. Odamlarga sogʻlom turmush tarziga qanday erishish yoʻllari, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillari tushuntiriladi.

    “Mahallada eng ozoda xonadon” tanlovini eʼlon qilamiz. 15-may — Xalqaro oila kunida gʻoliblar eʼlon qilinadi va taqdirlanadi. Ana shu targʻibot, tanlov, tadbirlar aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilsa, ajabmas.

    Pandemiyaning oqibatlarini har birimiz koʻrib turibmiz. Kamharakatlilik COVID-19 yuqishi uchun eng asosiy omillardan biri ekanini hayotning oʻzi koʻrsatdi. Yurtdoshlarimiz ham shuni tushunib yetyapti. Buni ayni paytda har bir mahalla guzaridagi futbol maydonchalarining gavjumligidan ham bilsa boʻladi. Har bir mahallaga sport instruktori biriktirilyapti. Endi sport musobaqalarini koʻr-koʻrona emas, mutaxassis orqali tashkillashtirishga erishamiz. Bu, albatta, oʻzining natijasini beradi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi