Toshkent tibbiyot akademiyasi dunyoning koʻplab mamlakatlarida tan olinadi. Bir asrdan ziyod vaqt mobaynida katta ilmiy salohiyatni oʻzida shakllantira olgan akademiya bugun tibbiyotning koʻplab sohasiga oid fundamental tadqiqotlar bilan ilm-fan integratsiyasini kuchaytirishda faol ishtirok etyapti. Yangi davr tibbiyot kadrlarini tayyorlashda sifat bosqichini yangi pogʻonalarga olib chiqmoqda.
Bu yoʻlda chorak asrdan ziyod vaqtini sarflagan olim, tibbiyot fanlari doktori, professor Turdiqul Bobomurodovning faoliyati diqqatga sazovor. El orasida malakali pediatr shifokor sifatida tanilgan pedagogning bilimi, boy tajribasi, misqollab yiqqan katta hayotiy saboqlari va chuqur anatomik ilmining asl mohiyatini qisqa suhbatda ochib berishga harakat qildik.
— Kuzatishlarim asosida bir savol bermoqchiman. Ayting-chi, ilm-fan va texnologiyalar kun sayin taraqqiy etayotgan davrda ilm uchun yaratiladigan sharoit qanchalik muhim? Umuman, jamiyat hayotiga tatbiq etilayotgan yangi ishlanmalar aslida kimning yutugʻi: olimlarningmi yoki odamlarning?
— Ilmiy ishlar va odamlar hayotining umumiy bogʻliqligi haqida gapirdingiz. Aslida ilmning, yangi kashfiyotning, yaratuvchanlikning asl mohiyati, maqsadi odamlarga naf berishga qaratilgan. Har bir yangilik, eng avvalo, inson hayotiga oz boʻlsa-da oʻzgarish, yengillik olib kirishi kerak. Tibbiyot ilmi qoʻshilgan ilmiy ishlanmalar, shubhasiz, ikki karra koʻp masʼuliyat talab etadi. Biz, olimlar biror yangi ishlanma ustida izlanar ekanmiz, avvalo, uning odamlarga yetadigan nafi va uzoq yillar kelajakka nechogʻliq foydasi tegishi haqida oʻylaymiz. Shu maʼnoda ilmiy ishlanmalarim va uzoq yillik tadqiqotlarimni bir necha yoʻnalishga boʻlib chiqqanman.
Birinchi yoʻnalishda ilmiy izlanishlarni, eng avvalo, nafas organlarining oʻtkir kasalliklari, yaʼni oʻtkir zotiljam va oʻtkir bronxit kasalligining kelib chiqish sabablari, unga moyillik tugʻdiruvchi omillar, kasalliklarning rivojlanish mexanizmlari, kechishi, asorati va ularning oldini olish, davolashni takomillashtirish, samarali usullarni ishlab chiqishga qaratdik.
Oʻtkir pevmoniya kasalligida hujayra membranasining struktur hamda funksional holati, lipidlar almashinuvi, uning eng muhim tarkibiy qismi fosfolipidlar, toʻyingan va toʻyinmagan yogʻ kislotalari, ularning qon ivish tizimi bilan bogʻliqligining klinik hamda patogenetik ahamiyati oʻrganib, ushbu kasallikni davolashda samarador usullarni yaratdik.
Ushbu sohadagi izlanishlarning ikkinchi qismi sifatida oʻtkir bronx-oʻpka kasalligini davolash samaradorligini oshirishda yangi texnologiyalar qoʻllandi. Inson organizmidagi biokimyoviy jarayonlar, fotokimyoviy reaksiyalarni boshqaradigan tor spektrli infraqizil nurlar hamda eng samarador usullardan biri boʻlgan regional limfatik terapiya afzalliklari, klinik va iqtisodiy samaradorligi, bemorlarga yuboriladigan antibiotik va boshqa dorilar miqdori, inyeksiyalar sonini 3-5-martaga kamaytirish orqali bemorlarga dorilarning toksik va salbiy oqibatini kamaytirib, shifoxonada boʻlish vaqtini 5-6 kunga qisqartirishga erishdik. Ilmiy ishlar natijasida oʻtkir bronx-oʻpka kasalligini davolash usuli boʻyicha ixtiro uchun patent oldik.
Ikkinchi yoʻnalish doirasida surunkali nospetsifik bronx-oʻpka kasalliklarida bolalar jismoniy va jinsiy rivojlanishining klinik patogenetik ahamiyati oʻrganildi. Ushbu kasalliklarda oʻpkadan tashqari ekstrapulmonal asoratlarga shifokorlar yetarli ahamiyat bermayotgani, bemor bolalar nogiron boʻlib qolishi, tez-tez xuruj qilishi, kasallik asoratlanishi, surunkali gipoksiya natijasida osteopenik sindrom, osteoporoz rivojlanishi, oʻsmirlarning tengdoshiga nisbatan jismoniy va jinsiy jihatdan orqada qolishi, immunitet va gemostaz tizimlari, qalqonsimon va buyrak usti bezi faoliyati buzilishi aniqlandi. Uni samarador davolash va ikkilamchi profilaktika usullari ishlab chiqildi, bemorning kasallikdan ertaroq tuzalishi, xurujlarning kamayishi, bolalarning jismoniy rivojlanishi tezlashuviga erishilgan.
Uchinchi yoʻnalish — onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda mikronutriyentlar tanqisligini inobatga olgan holda korreksiya va profilaktikaning yangi tibbiy-ijtimoiy usullarini ishlab chiqish. Bir yoshdan katta bolalarga nutritsion koʻmak berish hamda ratsional ovqatlanishini, ular orasida mikroelementlar tanqisligini baholash maqsadida ona va bolaning nutritsion koʻmak jadvali ishlab chiqildi.
Toʻrtinchi yoʻnalish koronavirus infeksiyasi va uning oqibatlariga qaratildi. Pandemiya kattalar orasida koʻplab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, ammo bolalarda koronavirus infeksiyasining oʻtkir davrda va keyingi uzoq muddatli oqibatlari, turli asoratlari oʻrganilmagan edi. Shuni hisobga olib, eʼtiborimizni shu muammoga qaratdik va ilmiy tadqiqot olib bordik. Hozir koronovirus infeksiyasini ogʻir oʻtkazgan bemor bolalarning tuzalish davrida yurak qon tomir, gemostaz tizimi, qalqonsimon va buyrak usti bezi, mikroelementlar holatining buzilishi va reabilitatsiya choralarini takomillashtirish uchun 4 ta dissertatsiya ishi bajarildi.
Beshinchi yoʻnalish. Bolalarda nefrotik sindromda oshqozon-ichak trakti oʻzgarishlarining xususiyati oʻrganilib, ilk bor nefrotik sindrom bilan xastalangan bolalarda steroidga sezgirlikning mavjudligi, tez-tez qaytalanuvchi shakli va steroid gormonlarga qaramlik darajasini inobatga olgan holatda oshqozon ichak trakti shilliq qavati oʻzgarishlarining kechish dinamikasining oʻziga xosligi, kasallikning kechishi, davomiyligi, ogʻirlik darajasi, glyukokortikosteroidlar bilan davolanish davomiyligi va boshqa holatlar aniqlangan.
Bolalarda nefrotik sindromda oshqozon-ichak shilliq qavatidagi oʻzgarishlarni kaminvaziv usullar yordamida erta tashxislash takomillashtirilgan.
Oltinchi yoʻnalishda bolalar salomatligi yoʻlida hech qachon dolzarbligi yoʻqolmaydigan, muhimligi kundan kunga oshib borayotgan masala — ona sutining ahamiyati va parvarishlashga eʼtibor qaratdik. Ilmiy tadqiqotimiz doirasida parvarishlash tamoyillari va oziqlantirish turlarini kompleks baholovchi, uzoq muddatli tadqiqot asosida bolalar salomatligi shakllanishini prognozlash tartibi ishlab chiqildi. Bu sohada pediatriya ixtisosligi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlandi.
Yettinchi yoʻnalish. Orolboʻyi hududidagi ekologik oʻzgarishlar koʻp jihatdan oʻsib kelayotgan yosh avlod salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotir. Bu nafas olish aʼzolari kasallanish darajasining yuqoriligi olib kelyapti va ular orasida OʻRK, bronxit va zotiljam kasalliklari birinchi oʻrinni egallamoqda. Noqulay ekologik sharoitda yashovchi kichik yoshli bolalarda fon kasalliklarining 3 barobar koʻp uchrashi va oʻtkir zotiljam kasalligining ogʻir kechishiga taʼsir qilishi aniqlangan.
Ekologik muhitning salbiy taʼsiri natijasida gemostaz tizimida muvozanatning buzilishi, yuqori trombotik tayyorgarlik mavjudligi hamda oʻtkir zotiljamning klinik shakli, ogʻirlik darajasi, asoratiga bogʻliq ravishda oʻzgarishi kabilarni aniqlash orqali bolalarda sitokin statusidagi oʻzgarishlarning gemostaz tizimi oʻzgarishi bilan bogʻliqligi isbotlangan. Oʻtkir zotiljamning ogʻir kechishini erta tashxislash va asoratlar rivojlanishining oldini olish uchun algoritm ishlab chiqilgan.
Toshkent tibbiyot akademiyasining bosh oʻquv korpusi ishga tushirilishi, Biotexnologik tadqiqotlar markazi tashkil qilinishi, 44 turdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot uskunalari bilan jihozlanishi nafaqat OTM olimlari va ilmiy izlanuvchilar uchun, balki mamlakat miqyosida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yangi bosqich hisoblanadi. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlarimiz molekulyar genetika, klinik immunologiya, hujayra texnologiyalari va farmako-toksikologik, gematologik, ekologiya kabi 10 dan ortiq laboratoriyada amalga oshirilmoqda.
Toshkent tibbiyot akademiyasi
axborot xizmati rahbari
Gulchehra MIRZAYEVA yozib oldi.