Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida Turkiya Respublikasiga rasmiy safari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va shu asosda Toshkent shahrida Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universiteti filialini tashkil etish yuzasidan mart oyida Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetiga tashrif buyurgan edi.
Tashrif chogʻida mazkur oliygohning Toshkent shahridagi filialini ochish yuzasidan Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq, tadbirkorlik, iqtisodiyot, moliya, korporativ huquq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, psixologiya sohalarida xalqaro standartlar darajasida, jumladan, dual taʼlim texnologiyalarini qoʻllagan holda, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash vazifalari belgilab olingan.
Tadbirkorlik sohasida umumeʼtirof etilgan xalqaro talab va taʼlim standartlari darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yana-da rivojlantirish va takomillashtirish, yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, undan samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida Turkiyaning iqtisodiyot va texnologiya universiteti filiali ochilishi boʻyicha 2020-yil 17-iyunda Vazirlar Mahkamasining 389-sonli qarori ham qabul qilindi.
Shu bilan bir qatorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan maxsus litsenziya rasmiylashtirilgan.
Joriy yilning 29-avgust kuni Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar Universitetining Toshkent shahridagi filialiga (TOBB ETÜ Tashkent) kirish imtihonlari boʻlib oʻtdi. Imtihon natijalariga koʻra, universitetning bakalavriat bosqichiga “Elektron tijorat va texnologiyalarni boshqarish”, “Xalqaro biznes va tadbirkorlik” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ilk talabalar qabul qilindi.
Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetining boshqa universitetlardan farqi nimada?
TOBB ETÜ universiteti 2002-yilda Turkiya savdo palatasi va tovar birja ittifoqi qoshida Iqtisodiyot va texnologiyalar —tashkil etildi. Universitet oʻz faoliyatini 2004-yilda boshlagan, bugungi kunda kuchli pedagog kadrlarga ega boʻlgan, oʻziga xos va universal bilim beradi, tadbirkorlik sohasida kadrlar tayyorlaydi.
TOBB ETÜ shuningdek, yakka tartibdagi va xalqaro biznes tajribasiga ega tadbirkorlarni tayyorlaydigan oliygoh sifatida tashkil etilgan. Universitet oʻz oʻquv dasturi uchun dual taʼlim, nazariy bilim va amaliyotni uygʻunlashtiruvchi “hamkorlikda oʻqitish” tizimini asos qilib olgan. Shu bilan birgalikda TOBB ETÜ oldiga nazariy va amaliy tadqiqotlar olib boradigan, jamiyatning tadqiqot faoliyatidagi ehtiyojlariga eʼtibor qaratadigan, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshadigan va tadbirkorlik uchun zarur boʻlgan malakali tadbirkorlar sinfini shakllantiradigan universitetga aylanish vazifasi ham qoʻyilgan. Oʻqitishning dual taʼlim tizimi tufayli talaba nafaqat oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom oladi, balki korxonada uzoq muddatli amaliyot ham oʻtaydi. Oʻqishni tugatgandan soʻng talabalar xalqaro mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar boʻlib yetishadi, chunki filial talabalari nafaqat milliy kompaniyalarda, balki chet ellarda ham malaka oshirish imkoniyatiga ega. TOBB ETÜ Tashkent filialida joriy etilgan dual taʼlim tizimi — ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari talablariga javob beradigan zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlash orqali Oʻzbekistonning investitsiya jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshiruvchi vositalardan biridir.
Shuni ham taʼkidlashni istardikki, TOBB ETÜ uch semestrlik taʼlim tizimiga ega ekani bilan ham Turkiya oliy taʼlim tizimida alohida oʻringa ega. Taʼlim oluvchilarning ikki semestr davomida nazariy bilimlari, uchinchi semestrda amaliy koʻnikmalari shakllanlantirilishi muvozanatlashtirilgan. Oʻqish davomida talabalar Turkiya va Oʻzbekistonning mashhur kompaniyalarida amaliyot oʻtash, shuningdek, Turkiyadagi taniqli tadbirkorlarning faoliyati bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyatga ega boʻladi.
Bundan tashqari, iqtidorli talabalar uchun TOBB ETÜ Tashkent filialida Turkiya savdo palatalari va birjalar ittifoqi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan beriladigan bir qator imtiyoz va afzalliklarni ham taʼkidlash joiz.
Universitetda oʻqitish kredit-modul tizimi asosida, kunduzgi taʼlim shaklida, ingliz tilida amalga oshiriladi. Oʻquv rejalar va dasturlar TOBB ETÜ Ankara universiteti dasturlariga asoslangan. Oʻqish muddati 4 yil boʻlib, ushbu jarayon yuqori malakali xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb qilgan holda individual taʼlim trayektoriyasiga asoslangan. Talabalar turk va qoʻshimcha xorijiy tillarni ( nemis, fransuz, yapon, xitoy va arab) oʻrganish imkoniyatiga ega.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, TOBB ETÜ Tashkent filiali talabalarida Savdo-sanoat palatasi faoliyatida ishtirok etish imkoniyati boʻlib, ular tadbirkorlar tashabbuslarini amalga oshirishning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlari bilan tanishadilar, joylarda biznes hamjamiyati, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish jarayonlarining ishtirokchilari boʻlib, amaliy tajriba orttirishadi. Shuningdek ular Turkiya, AQSH, Rossiya va boshqa mamlakatlarning 3000 dan ortiq kompaniya va muassasalarida ish tajribasiga ega boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritishadi.
Ayni paytda TOBB ETÜda 9 ta fakultet, 19 ta kafedra, 2 ta institut (Tabiiy va amaliy fanlar instituti va ijtimoiy fanlar instituti), texnologiya markazi va shifoxona faoliyat koʻrsatmoqda. 2013-yilda oliygohda taʼlim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot sohasida xizmat koʻrsatish uchun texnologiya markazi ochildi. Markazda 6 ta muhandislik fanlari, 117 ta laboratoriya, shuningdek, Yevropaning 3ta yirik biomexanik laboratoriyasi, dunyodagi eng yirik gidro turbinali sinov dizayn markazi mavjud.
Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education) reytinglari boʻyicha dunyoning 2000-yildan keyin tashkil etilgan eng yaxshi universitetlari orasida (“Millenium Universities” reytingida) 32-oʻrinni egalladi.
Eng muhimi, universitet xalqaro tajribadan foydalangan holda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyalashuvini taʼminlash asosida yuqori malakali, kreativ fikrlashga undaydigan va tadbirkorlik koʻnikmalariga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari orqali ish beruvchilar ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri