Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi faoliyati tubdan oʻzgarmoqda

    Keyingi 4 yilda ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlar amalga oshirildi, tizim xalqchil tuzilmaga aylandi. Pirovardida, fuqarolarning ichki ishlar xodimlariga ishonchi ortib, hurmat bilan qaraydigan boʻlyapti. Islohotlar esa zamon talablariga hamohang davom etadi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 12-fevral kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrifi chogʻida bu haqda batafsil aytildi.

    Tashrif doirasida davlatimiz rahbari bosh boshqarmaning axborot multimedia markazi faoliyati bilan tanishib, maxsus texnika va vositalarni koʻzdan kechirdi. Shu kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining shon-sharaf muzeyi ham ochildi. Jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini bevosita mahallalarda tashkil etish, profilaktika inspektorlarining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yangi tizim loyihasi taqdimot qilindi.

    Bugun bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida boʻlib, bu yerdagi sharoitlar, amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi.

    Jurnalistlarni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov kutib oldi va tizimdagi ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Asosiy maqsad fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish. Shu maʼnoda A.Toshpoʻlatovning maʼlum qilishicha, oʻtgan yili Toshkent shahridagi 169 mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmagan. 72 mahallada esa aksincha, jinoyatlar soni oshgan.

    Tahlillar keyingi yillarda firibgarlik va oʻgʻirlik bilan bogʻliq jinoyatlar soni oshganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, eng koʻp jinoyat keldi-ketdi koʻp joylarda, bozorlar, umuman aholi gavjum hududlarda sodir etilar ekan.

    Masalan, Chilonzor tumanining “Beshqoʻrgʻon”, Bektemir tumanining “Nurafshon” mahallasida yoki “Chilonzor” metrosiga yaqin joylashgan mahallalarda jinoyatlar nisbatan koʻp kuzatiladi.

    Jinoyatlar fosh etishda shahar boʻylab oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarining ham alohida oʻrni bor. Bugungi kunda Toshkent shahrida jami 92 mingta kamera ishlab turibdi. Hozircha ular tarqoq holda ishlamoqda. Yaqin kelajakda maxsus bino qurilib, ularni yagona tizimga birlashtirish rejalashtirilgan.

    Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi Chilonzor va Uchtepa tumaniga sektor rahbari sifatida biriktirilgan. Bundan tashqari, poytaxt tumanlaridagi 3-sektorlar faoliyati ham nazoratda.

    Aziz Toshpoʻlatovning aytishicha, har ikki tumanda ham aholi turmushini yaxshilash borasida qiladigan ishlar koʻp. Birgina misol, Chilonzor tumanidagi “Dilobod” mahallasida obodonlik ishlari orqada ekan. Bu mahalladan bir kunning oʻzida 82 mashina axlat olib chiqib ketilgan. Ish oʻrinlari yaratish ham dolzarb masala boʻlib turibdi.

    Jurnalistlar Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tegishli texnikalar bilan ham tanishdi, shon-sharaf muzeyini tomosha qildi.

    Muzey mazmunli eksponantlarga boy. Ichki ishlar tizimi tashkil topishidan, Qoʻqon xonligi, Buxoro amirligining bayroqlari, mustaqilligimizning ilk yillarida Toshkentni “boʻlib olgan” jinoiy toʻdalar toʻqnashuvi chogʻida qoʻlga kiritilgan qurollar, 1999-yil 16-fevralda bir guruh shaxslar tomonidan Toshkentning 5 ta maʼmuriy binosidagi, 2004-yildagi terrorchilik tashkilotlari tomonidan sodir etilgan portlashlar aks etgan manzaralarni koʻrish va bugungi osoyishta hayotimizga shukrona aytish mumkin.

    Jurnalistlar “Markaziy ippodrom” AJda ham boʻlib, bu yerda tayyorlanayotgan xizmat otlari bilan ham tanishdi.