Toshkent shahridagi isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 11 Mart 2023 2341

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Toshkent shahridagi isteʼmolchilarning energiya resurslariga oʻsib borayotgan talabini taʼminlash va elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida:

    1. Energetika vazirligining Toshkent shahrining qoʻshimcha elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplash uchun:

    “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hududida quvvati 400 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlarini (100 MVt);

    “China Gezhouba Group Investment Company Co. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida quvvati 700 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlarini (100 MVt) joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

    2. Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bir hafta muddatda mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun tegishli investorlar bilan investitsiya shartnomalari va elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlarning belgilangan tartibda imzolanishini taʼminlasin.

    3. Energetika vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ va “Oʻzmetkombinat” AJning takliflariga asosan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2023-yilda Toshkent shahri elektr taʼminotini yaxshilashga qaratilgan 35–110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

    Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA boʻlgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya hamda 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish;

    Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor va Mirobod tumanlaridagi 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish orqali ularning oʻtkazish quvvatini 179 MVAga oshirish;

    jismonan eskirgan 7,5 km uzunlikdagi 35 kV va 41,7 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini zamonaviy turdagi kabel va simlarga almashtirish.

    4. Belgilansinki:

    a) Loyiha doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – buyurtmachi, “Oʻzenergoinjiniring” AJ – bosh loyihachi, 1-ilovada belgilangan masʼullar – tegishliligi boʻyicha bosh pudratchi vazifasini amalga oshiradi.

    Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼul boʻlgan loyihalarda bosh pudratchi tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlanadi;

    b) Loyihani amalga oshirish uchun jami 3,5 trln soʻm miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi, shu jumladan 566 mlrd soʻm “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJning (keyingi oʻrinlarda – Korxonalar) oʻz mablagʻlari, 199 mlrd soʻm “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning oʻz mablagʻlari hamda 2,7 trln soʻm “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ jalb qiladigan tovar kreditlari.

    5. Loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun:

    shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J. Mirzamahmudov, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi D.Isakulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U. Mustafoyev,

    “Navoiy KMK” AJ boshqaruvi raisi Q. Sanaqulov, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi A. Xursanov, “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi R. Pirmatov va “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Sh. Umurzakov zimmasiga yuklatilsin;

    Korxonalar mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq jami 384 nafar xodimini hamda 102 ta texnikani belgilangan obyektlarning qurilish-montaj ishlariga biriktirsin.

    6. Energetika vazirligining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga tegishli elektr tarmoqlari obyektlarini (keyingi oʻrinlarda – obyektlar) 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tegishlicha “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga balans (qoldiq) qiymatida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

    Bunda, obyektlar barcha elektr qurilmalari, mol-mulklar, ularning texnik hujjatlari, shuningdek, boshqa muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari bilan birga “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish (kamaytirish) hisobiga oʻtkaziladi hamda soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

    7. Quyidagilar:

    2023 – 2025-yillarda Toshkent shahrining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining (keyingi oʻrinlarda – Dastur) maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

    2023-yilda Toshkent shahri tumanlarining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining manzilli roʻyxatlari 3.1 – 3.12-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilansinki:

    Dastur doirasida jami 2 969,8 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 703 ta transformator punkti, shu jumladan 2023-yilda 903,3 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punkti yangilanadi;

    Dasturning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.Mustafoyev va Toshkent shahri hokimi v.b. B.Raxmonov zimmasiga yuklatiladi.

    8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

    a) Dastur doirasida:

    2023-yilda past kuchlanishli transformator punktlari va kabel mahsulotlarini xarid qilish uchun Toshkent shahri hokimligi tomonidan “Oʻzmilliybank” AJdan 220 mlrd soʻm miqdorida kredit mablagʻlari jalb qilinadi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ uchun belgilangan tartibda ochiladigan maxsus hisobvaraqqa oʻtkazib beriladi;

    Toshkent shahri hokimligi tomonidan jalb qilingan kredit mablagʻlari 2024-yildan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tegishli tarmoq jadvaliga muvofiq toʻlab beriladi;

    loyihalashtirish, ekspertiza va qurilish-montaj ishlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xoʻjalik usulida amalga oshiriladi;

    b) Loyiha va Dastur doirasida:

    loyihalashtirish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, uskunalar va jihozlarni xarid qilish va oʻrnatish ishlari “fast track” usulida amalga oshiriladi. Bunda, qurilish-montaj ishlari uchun texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilmaydi;

    “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” filiali, “Oʻzenergoinjiniring” AJ va Korxonalarga tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va yordamchi pudratchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi. Bunda, ushbu shartnomalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan hujjatlar taqdim etilgan sanadan eʼtiboran 10 kun muddatda ekspertizadan oʻtkaziladi;

    qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan temir-beton mahsulotlari hamda qoʻshimcha qurilmalar Loyihada belgilangan Korxonalar tomonidan xarid qilinadi;

    v) Loyiha doirasida:

    Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha doirasida bajariladigan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining 2023–2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlaydi;

    “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha uchun sarflanadigan mablagʻlar “Respublikaning 0,4 – 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish (3-bosqich)” loyihasi doirasida qoplanadi;

    Loyiha doirasida xarid qilinadigan elektr qurilmalari Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi omborlarida saqlanadi;

    elektr qurilmalari uchun olingan mablagʻlar 2024-yildan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xalqaro va mahalliy moliya institutlaridan jalb qilinadigan mablagʻlar va debitor qarzdorlikni qisqartirish hisobidan qoplanadi.

    9. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U. Mustafoyev) uch oy muddatda moliyalashtirish manbalarini aniq belgilagan holda respublikaning boshqa hududlaridagi elektr tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha rejalarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    Bunda, quyidagilar inobatga olinsin:

    shaharlarda va yirik aholi punktlarida 35/0,4 kV kuchlanishli transformatorlardan foydalanishni kengaytirish;

    tarmoqlarni 10 kV va 35 kV kuchlanishga oʻtkazish orqali 6 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini bosqichma-bosqich ekspluatatsiyadan chiqarish hamda 0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining uzunligini qisqartirish;

    shaharlarda va yirik aholi punktlarida 35 kV va 110 kV kuchlanishli yangidan quriladigan podstansiyalarni yopiq turga oʻtkazish.

    10. Loyiha va Dastur ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish maqsadida 4-ilovaga muvofiq Bosh prokuror oʻrinbosari S.Samadov boshchiligida Ishchi guruh tuzilsin.

    Ishchi guruhga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

    qurilish-pudrat ishlarining sifatli bajarilishi va belgilangan muddatlarda yakunlanishini nazorat qilish;

    ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi, qoʻshimcha iqtisod qilish imkoniyatlarini ishga solish ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;

    Loyiha doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlarini tahlil qilish, ularni asossiz ravishda oshirishga va tasdiqlangan loyiha hujjatlariga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;

    nazorat tadbirlari doirasida aniqlanadigan qonun buzilishi holatlarini va ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish choralarini koʻrish.

    Ishchi guruh har ikki haftada Loyiha va Dastur ijrosi doirasida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

    11. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Toshkent shahar hokimi v.b. B.Raxmonov hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.Mustafoyev belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh. Mirziyoyev

    2023-yil 11-mart