Toshkent viloyatida bu yil 800 million kub metr suv tejalishi kutilmoqda

    Agrosektor 27 Iyul 2021 3192

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, baʼzi hollarda esa boy berilishi suv taqchilligi bilan bogʻliq.

    Bu vaziyatni yumshatish uchun sugʻorish tizimida tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tomchisi tilloga teng obihayotni behuda isrof boʻlishining oldini olish muhimdir.

    Joriy yilda Toshkent viloyatida 22 ming 400 gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan, deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati bergan maʼlumotnomada.

    Jumladan, tomchilatib sugʻorish 13 ming gektar, shundan, paxta 10 ming gektar, bogʻ 1 ming 895 gektarda, tok 655 gektar va boshqa ekin turlari boʻyicha 450 gektarda;

    Yomgʻirlatib sugʻorish 5 ming gektar, shundan, gʻalla 1900 gektar, sabzavot 2024 gektar hamda ozuqabop ekin turlari boʻyicha 1076 gektarda;

    Shuningdek, 4 ming 400 gektar maydonda egiluvchan quvurlar bilan sugʻorish texnologiyasi joriy qilish belgilangan.

    Viloyatda suvdan samarali foydalanish va suv resurslarini tejab ishlatish maqsadida belgilangan normaga nisbatan 800 million kub metr suvni iqtisod qilish kutilmoqda.

    Birgina “Boʼstonliq Kartoshkachilik Markazi” MCHJ tomonidan 2020-yilda 655,6 gektar maydonda gʻalla, piyoz, karam, sabzi, kartoshka va dukkakli ekin yetishtirish uchun yomgʻirlatib (sprinkler) usulida sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi.

    Bu kabi saʼy-harakatlar joylarda tizimli ravishda olib borilyapti.