Toshkent xalqaro aeroportini optimallashtirish ishlarida Singapur kompaniyasi hamkorlik qiladi

    Turizm 9 Iyun 2023 1889

    Joriy yil 8-iyunda Madaniyat va turizm vazirligida Singapurning “Changi Airports International” kompaniyasi delegatsiyasi vakillari bilan kelajak hamkorlik masalalari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv tashkil etildi.

    Muloqotda Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov, “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Rano Jurayeva hamda “Changi Airports International” kompaniyasi delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun, Singapurning “Changi” aeroporti 1981-yilda qurilgan boʻlib, 30 yil ichida yillik yoʻlovchi tashish hajmi 8 milliondan 60 millionga oshgan. Aeroportning faoliyati butun dunyo aeroportlaridan konsalting xizmatlariga koʻplab soʻrovlarni jalb etganligi sababli, “Changi Airports International” aviatsiya konsalting xizmatlari, loyihalarni boshqarish va global investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.

    2023-yil 24-mayda Singapur Prezidenti Halima Yakubning Oʻzbekistonga tashrifi arafasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi doirasida “Uzbekistan Airports” AJ va “Changi Airports International” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha shartnoma imzolangan.

    Hamkorlik shartnomasi doirasida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti faoliyatini optimallashtirish, jumladan, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va yoʻlovchilar oqimini oshirish, shuningdek, yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yuzasidan hamkorlik olib borilyapti.

    Uchrashuvda dastlab “Changi Airports International” kompaniyasi delegatsiyasi vakillariga respublikamizning turistik salohiyati, turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Oʻzbekistonda joriy etilgan “ochiq eshiklar” siyosati tufayli soʻnggi yillarda vizasiz davlatlar soni 9 tadan 91 taga koʻpayganligi hamda aviatsiya sohasida taqdim etilayotgan imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Muzokaralar davomida xorijiy tomon Oʻzbekiston bozorini oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan jarayonlar, shuningdek, hozirgi Toshkent xalqaro aeroportini optimallashtirish yuzasidan rejalarini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha bosqichma-bosqich qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.