Tuproqning ham sehr-jozibasi bor

    Rishton tumanidagi Burhoniddin al-Margʻinoniy ar-Roshidoniy nomli istirohat bogʻida ”Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma savdosi qizgʻin pallaga kirdi.

    Fargʻona viloyat hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hunarmandlar festivalida Respublikamiz viloyatlari va Qoraqalpogʻiston kulolchilik maktabi vakillari boʻlgan yuzdan ortiq usta kulollar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

    Anʼanaviy Forumda bir qator xorijiy mamlakatlar soha mutaxassislari, olimlar, hunarmandlar ham ishtirok etayotgani bilan ahamiyatli. Ishtirokchilar “Oq yer” va “Qalaynav” mahalla fuqarolar yigʻinida ishga tushirilgan “Hunarmandlar markazi” ish faoliyati, Ravshanjon Tojidddinov ustaxonasi hamda “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasida ish faoliyatlari bilan tanishishdi.

    Oʻzbekistonga ilk bor kelishim, – deydi ozarbayjonlik usta Mirtemur Mammadov.–Mamlakatingizda milliy hunarmandchilik anʼanalarini rivojlantirish, usta hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ishlar behad quvontirdi. Ayniqsa, koʻhna Rishtonda kulolchilik anʼanalarini rivojlantirish yoʻlida usta kulollar tomonidan tayyorlangan sara mahsulotlar oʻziga xos rangtasvirlarga boyligi bilan eʼtiborimni tortdi. Hammasi ajoyib, juda goʻzal. Bunday xalqaro tadbirni tashkil qilgan tashabbuskorlarga rahmat. Oʻzbek va Ozarbayjon kulolchilik anʼanalarning ildizi bir birga oʻxshab ketadi. Mahsulotlarning shakl-shamoyili oʻxshash boʻlsada undagi rang-tasvilar oʻziga xos koʻrinishlari bilan ajralib turadi. Bugungi kulollar saylida Oʻzbek kulolchiligi bilan bogʻliq juda koʻplab maktablar ish tajribalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldim. Kulollar uchun soliq, imtiyozli kredit mablagʻlari olish, mahsulotlar eksporti bilan bogʻliq qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilgani milliy hunarmandchilik anʼanalari rivojlantirish imkoniyatini berayotgani bilan ahamiyati.

    – Besh ming yillik tarixga ega boʻlgan Qoraqalpoq kulolchilik anʼanalari qadimiyligi, oʻziga xos koʻrinish, rang -tasvirlarga boyligi bilan ajralib turadi,–deydi qoraqalpogʻistonlik kulol Salamat Alamberganov. –Bugungi kulolchilik saylida sara mahsulotlarimiz bilan ishtirok etish bilan birga, koʻplab kulolchilik maktabi ish amallari tanishish, tajriba almashish, imkoniyatiga ega boʻldik. Bu hamkorlik Qoraqalpogʻistonda ham kulolchilik maktabini yanada rivojlantirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish, sifatini oshirish imkoniyatini beradi.

    Bugun “Xalqaro kulollar markazi”da Turkiy xalqlar hunarmandchiligi Forumining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Xorijlik mehmonlar respublikamizning anʼanaviy kulolchilik maktabi koʻrgazmalari va “Xalqaro kulollar” markazi ish faoliyati bilan tanishishdi. Mahorat darslari oʻtkazilib, kulolchilik mahsulotlarni yasash va naqsh berish jarayonlari namoyish etildi.

    Forum doirasida “Rishton kulolchiligi : Kecha, bugun, ertaga“ nomli xalqaro konferensiya, hamda “Anʼanaviy Rishton kulolchiligi” kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston”muxbiri.