Turkiyada Muqaddas Kaʼba ziyoratiga borish yo‘llarida o‘zbeklar tomonidan bunyod etilgan honaqohlar haqidagi maqola chop etildi

    Turkiyaning ommabop «Yeni Şafak» gazetasida «Islom shaharlarini bir-biriga bog‘lagan o‘zbek takyaxonalari (xonaqohlari)» sarlavhali maqola nashr etildi.

    Unda taʼkidlanishicha, o‘tgan asrlarda Markaziyo Osiyo musulmonlari haj ziyoratiga ketayotganda Istanbulga kirib o‘tishga harakat qilganlar. Ayniqsa, bugungi O‘zbekiston hududidan kelganlar uchun Istanbul, Bursa, Adana, Damashq va Quddus shaharlarida maxsus xonaqohlar tashkil etilgan. Ushbu takyaxonalar Islom shaharlarini zanjirning halqalaridek bir-biriga bog‘lagan, deyiladi materialda.

    «Buxoro, Samarqand va uning atrofida yashovchi musulmonlar Qora dengizdan kemalarda Istanbulga kelgan, shaharda uzoq vaqt qolib, keyin ziyorat yo‘lida davom etar edilar. O‘zbek xonaqohlari tarixi ana shu davrlarga borib taqaladi, deb yozadi muallif. O‘zbek xonaqohlari ichida eng mashhuri Istanbulning Uskudar tumanidagi Sultontepeda joylashgan. 1753 yilda qurilgan mazkur xonaqoh Usmoniylar imperiyasining oxirgi davrigacha ziyoratchilarni qabul qilgan».

    Materialda qayd etilishicha Istanbuldan tashqari Muqaddas ziyoratga borish yo‘lida joylashgan barcha yirik shaharlarda ham o‘zbek xonaqohlari bo‘lgan. Ushbu joylarda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan va bepul taqdim etilgan.

    «O‘zbek takyaxonalari, shuningdek, muhim aloqa va axborot zanjiri bo‘lib xizmat qilgan. Mashaqqatli sayohatlardan so‘ng Quddusga yetib kelgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar bu yerdagi ushbu maxsus bunyod etilgan joyda kutib olingan va Hijoz tomon kuzatilgan. Quddusdagi Masjid al-Aqso shimolida joylashgan o‘zbeklar xonaqohi bugungi kunda ham obod manzillardan biridir.