Tursunoy Olimpiadа chempioni bo‘lmoqchi

    Endigina beshinchi sinfga o‘tgan Tursunoy deyarli har kuni maktabdan qaytgach, tushlik qilib, qaygadir ketib qoladigan odat chiqardi. Bundan xavotirlangan onasi bir kuni uning ortidan kuzatdi.

    Bundan xavotirlangan onasi bir kuni uning ortidan kuzatdi. Uning izidan borarkan, Tursunoy toʻgʻri maktab sportzali tomon oshiqayotganiga guvoh boʻldi. Qizi zal eshigi oldiga kelganda toʻxtab qoldi. Eshik biroz qiya ochiq. U esa shu yerdan ichkari tomon termulib turardi.

    Yaqinroq kelib, onasi ham ichkariga koʻz yugurtirarkan, zalda bir guruh bolalar chiroyli sport kiyimida ustozlar harakatlarini takrorlash bilan bandligini koʻrdi. Biroz ajablangan ona qiziga tanbeh berib, uyiga olib ketdi. Ammo qancha ogohlantirish boʻlmasin, qizi bu odatini tark etmadi. Bundan xabar topgan otasi Valijon aka qizining sportga mehri boʻlakcha ekanini angladi. Asli chavondoz, sportdan yaxshigina xabardor boʻlgani bois, qizini mashgʻulotlarga jalb etishga kirishdi.

    U paytlar mahallada qizlar deyarli sport bilan shugʻullanmasdi. Shu bois, uyda oʻzi mustaqil shugʻullantirishga kirishdi. Qiziga tosh koʻtarishni oʻrgata boshladi. Oʻzi qoʻlbola shtangalar yasab, Tursunoyga koʻtarish yoʻllarini koʻrsatib, tushuntirib bordi. Tirishqoq qizcha esa endi maktab sportzali tomon oshiqmasdi. Boʻsh vaqt topdi deguncha hovliga chiqib tosh koʻtarish bilan band boʻlardi. Oradan ikki yil oʻtmasdan yaxshigina polvon qizga aylandi.

    U oʻrta maktabning toʻqqizinchi sinfini tamomlagach, Qarshi olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejining ogʻir atletika boʻlimiga oʻqishga kirdi. Bu yerda mashgʻulotlar uchun deyarli barcha sharoitlar bor edi. Murabbiylar koʻmagida shahar, viloyat miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib, oʻz tajriba va bilimini amalda sinovdan oʻtkaza boshladi. Gohida yutqazdi, gohida gʻoliblik nashidasini surdi.

    Bosh murabbiy eʼtiboriga tushdi

    Navbatdagi respublika birinchiligida ajoyib harakatlari bilan ajralib turgan sportchi qiz ogʻir atletika boʻyicha mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev eʼtiborini tortdi. U tezda yosh atletni terma jamoa safiga qoʻshib oldi.

    Bu paytda Tursunoy ilk bor Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritib ulgurgandi. Terma jamoa safiga qabul qilingach, mashgʻulotlarga yanada qizgʻin kirishdi. Tinimsiz mehnat, doimiy intilish gʻalabalar sari chorladi. Endi navbat xalqaro musobaqalarga kelgandi. Ilk xalqaro bahsda ham u ishonchni oqladi. Keyingi musobaqa Osiyo chempionati edi. Tursunoy bu safar Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi.

    Bu orada kollejni tamomlagan boʻlsa-da, sportni tark etmadi. Doimo olgʻa harakati samarasida xalqaro sport maydonlarida bir necha bor yurtimiz madhiyasini baralla yangrashiga erishdi.

    Ustozi Bahrom Mendiboyev endi jahon chempionligini qoʻlga kiritish vaqti kelganini taʼkidlardi. Bu esa shogirdini yanada ruhlantirdi. Ammo 2018-yilda Toshkent shahrida yoshlar oʻrtasida ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatida hayajon boʻldimi yoki dunyoning kuchli atletlari jam boʻlgan bellashuvlarda biroz tajribasi yetmadimi, xullas, natija koʻrsata olmadi. Albatta, sportchiga bu ozgina boʻlsa-da, ruhiy taʼsir koʻrsatdi. Lekin u oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Balki xatolardan xulosa chiqarishga, oʻz ustida yanada qattiqroq ishlashga kirishdi. Ustozining har bir topshirigʻini mukammal bajardi.

    Oradan biroz oʻtib, yaʼni 2021-yilda yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida -87 kg vaznda ishtirok etib, barcha raqiblarini dogʻda qoldirdi. Siltab koʻtarishda ham, dast koʻtarishda ham gʻoliblikka erishdi. Joriy yilda Gretsiyada oʻtkazilgan jahon chempionatida gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi. Avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida tashkil etilgan Islom birdamligi oʻyinlarida ham oʻz vazni boʻyicha tengsizligini amalda namoyon etdi.

    Orzular sari olgʻa intil

    Qamashi tumanidagi “Mangʻit” mahalla fuqarolar yigʻinida tavallud topgan T.Jabborova shu paytgacha toʻrt karra jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. Ammo u orzulari sari doim olgʻa intilishni xohlaydi. Endigi niyati Olimpiada oʻyinlarida qatnashish. Sportchi nufuzli musobaqada shunchaki ishtirok etishni emas, balki gʻoliblikni maqsad qilgan. Buning uchun unda imkoniyatlar ham, tajriba ham yetarli. Yurtimizda aynan yoshlar uchun yaratilgan qulayliklardan unumli foydalanishni yaxshi biladi. Shu bois, doim gʻoliblar qatoridan joy olmoqda.

    Ayni paytda u Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining psixologiya fakulteti ikkinchi bosqich talabasi.

    — Sportchi uchun eng asosiysi ruhiy tayyorgarlik, — deydi Tursunoy Jabborova. — Buni musobaqalarda ishtirok etganlar koʻp bora boshidan oʻtkazishgan. Bir ogʻiz notoʻgʻri gap tinimsiz mehnatni yoʻqqa chiqarishi mumkin. Boisi, qancha hozirlik koʻrmang, ruhiy holatingiz tushkun boʻldimi, baribir koʻzlangan maqsadga erishish mushkul. Shu bois, sportchilar, avvalo, ruhan tayyor boʻlishi kerak. Yaxshi kayfiyatda boshlangan har qanday ish oʻz ijobiy natija koʻrsatishi koʻp bor isbotlangan. Mendan qizlar ogʻir atletika bilan shugʻullansa, salomatligiga salbiy taʼsiri bor yoki yoʻqligi borasida koʻp soʻrashadi. Lekin nafaqat ogʻir atletikada, balki har qanday sport turida uning oʻz texnikasi, uslublariga qarab shugʻullanmas ekansiz, albatta, foydasidan koʻra zarari oshib ketadi. Shuning uchun har doim murabbiylar maslahatiga amal qilgan holda shugʻullanish lozim.

    Tursunoyning ilk bor sportga kirib kelishiga otasi sababchi boʻlgan. Afsuski, bugungi kunda qizi erishgan yutuqlarni koʻrish unga nasib etmadi.

    “Otam menga doim oldinga intilishni, gʻalaba sari harakat qilishni oʻrgatgan boʻlsa, ustozlarim sportni mukammal oʻzlashtirishga yordam berib kelishgan. Bugun davlatimiz bizga keng imkoniyatlar eshigini keng ochib bergan ekan, bundan faqat unumli foydalanish darkor”, deydi Tursunoy.

    Endigina yigirma yoshga kirgan qizning eng asosiy maqsadi Olimpiada oʻyinlarida Oʻzbekiston madhiyasini baralla kuylash.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri