Xalqning moddiy-madaniy merosi, sanʼat asarlari uning tarixiy ildizlari, boy oʻtmishidan hikoya qiladi. Shu bois ham madaniy taraqqiy etgan jamiyatlar moddiy-maʼnaviy merosi, sanʼat asarlarini asrab-avaylaydi hamda himoya qiladi. Tarixda madaniy meros yodgorliklari, sanʼat asarlarining oʻgʻirlab ketilishi bilan bogʻliq koʻplab voqealar yuz bergan. Ularning baʼzilari qaytarilgan va qaytarish boʻyicha harakatlar davom etayotgan boʻlsa, qolganlarining taqdiri hamon nomaʼlumligicha qolmoqda.
Quyida Oʻzbekistondan oʻgʻirlab ketilgan ayrim sanʼat asarlari va ularning taqdiri haqida toʻxtalamiz.
Masalan, Fargʻona viloyat Oʻlkashunoslik muzeyidan oʻgʻirlanib Londonda kimoshdi savdosiga qoʻyilgan rassom Aleksandr Volkov asarini olaylik. Aleksandr Volkov mazkur asarni 1932-yilda yaratgan va «Joʻxorizor shovqini» deb nomlagan. Asar Londondagi MakDugalls auksioniga qoʻyilgan.
Aytilishicha, Oʻzbekiston davlat muzeyidan oʻgʻirlanib, AQSHda savdoga qoʻyilgan XIX-XX asrlarga tegishli soʻzanani ham qaytarish jarayoni boshlangan. Bu soʻzana almashtirib qoʻyilgan.
Shuningdek, manbalarda Rossiyaning Uralida tugʻilgan, biroq 1923-yilda Samarqandni sevib qolib, u yerda qolgan umrini oʻtkazgan va minglab kartinalarni chizgan rassom Ufimtsevning asarlari endilikda Moskvadagi kimoshdi savdo uylarida sotilayotgani aytiladi.
Oʻzbekiston davlat komissiyasi mamlakat muzeylari va omborlarida taniqli rassom Viktor Ufimtsevning 60 dan ortiq asarlari yoʻqolib qolganini aniqlagan.
Viktor Ufimtsev asarlari bilan birga Chingiz Axmarov, Roʻzi Choriyev va boshqalarning asarlari ham olib chiqib ketilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Samarqanddagi maqbaradan XIII–XIV asrlarga oid koshinlar partiyasi Oʻzbekistondan oʻgʻirlab ketilgani aniqlangan.
Dunyoga mashhur Britaniya muzeyi ushbu noyob koshinlarning repatriatsiya qilinishida koʻmaklashishini maʼlum qildi. «The Guardian» nashrining xabar berishicha, tarixiy buyumlar 2020-yilning yanvarida London aeroportida kontrabanda mahsuloti sifatida olib qoʻyilgan.
Qayd etilishicha, noyob madaniy boyliklar Oʻzbekistonga kelishidan oldin Londonda namoyish qilingan. Qoʻshimcha hujjatlarda ular Sharjada 315 dirhamga sotib olinganligi va sotish uchun moʻljallanganligi bildirilgan.
«Sыn Otechestva» jurnalining knyaz Trubetskiy haqida yozgan xabariga koʻra, «Afrosiyobni aylanib yurgan polkovnik kechqurun ishdan qaytayotgan mardikorlarni uchratdi. Ular bir soʻm evaziga, «omad uchun» xarobani qazishga rozi boʻlishdi. Yarim soatdan soʻng mardikorlar yonboshlab, oʻng qoʻliga sherning shaklini ushlab turgan ayol haykalchasini topishdi…» Bunaqa «omad uchun» xazina axtaruvchilarning soni kundan-kunga oshib borardi.
Afrosiyobdagi tarixiy buyumlar bilan Peterburgdagi amaldorlar ham qiziqib qolishdi. Shu sababdan, Zarafshon okrugining boshligʻi A. Abramov 1874-yilda mayor Borzenovga Afrosiyobdan osori atiqalarni topib, Ermitajga joʻnatishni buyurdi.
V. Shishkinning yozishicha, 1883-yilda general-gubernator M. Chernyayevning buyrugʻi bilan podpolkovnik V. Krestovskiy Afrosiyobda qazish ishlarini boshladi. U topilmalarning bir qismini Toshkentda qoldirib, eng noyob, qimmatbaholarini Peterburgdagi Arxeologik komissiyaga joʻnatdi.
Bulardan tashqari, Buyuk Xorazmning antik va oʻrta asrlarga oid tarixini oʻz bagʻrida avaylab saqlab kelgan Bozorqalʼa, Burgutqalʼa, Ayozqalʼa, Devqalʼa, Yonboshqalʼa, Guldursun, Qizilqalʼa, Qalʼaliqir, Teshikqalʼa, Qirqqizqalʼa, Shohsanam, Qoʻrgʻonqalʼa, Yakkaporson va boshqa yodgorliklardan topilgan bebaho osori atiqalar ham Moskvaga olib ketildi. Shu yodgorliklardan topilgan ajdodlarimizning diniy olami haqida qimmatli maʼlumotlar beradigan, mohirlik bilan yaratilgan bir necha tosh tobutlar (ostadonlar) Sharq xalqlari sanʼati muzeyida saqlanmoqda.
Oʻgʻirlangan sanʼat asarlari bilan toʻldirilgan Luvr
Dunyoga mashhur muzeylar hamda sanʼat galereyalari oʻgʻirlangan asarlar hisobiga «kun koʻrayotgani» haqida gap ketsa, koʻpchilik ishonmaydi.
Luvr dunyodagi eng katta va eng qadimiy muzeylardan biridir. Parijdagi oʻziga xos oynavand piramidasimon ushbu inshoot oʻzida qariyb 380 ming buyum va 35 ming sanʼat asarlarini jamlagan.
Ammo uning oʻtmishi qiziq sinoatlarga boy. Boisi muzeydagi aksariyat sanʼat asarlari oʻgʻirlash va tortib olish yoʻli bilan qoʻlga kiritilgan. Napoleon Bonapart dastlab harbiy general sifatida, soʻngra imperatorlik davrida bosib olgan hududlaridan minglab goʻzal suratlar, haykallar va sanʼat buyumlari olib kelgan.
Luvr bir paytlar qalʼa edi. 1793-yil Luvr muzey sifatida ochilganida uning eksponati 500 dan ortiqni tashkil etgan.
Katta bino uchun 500 ta sanʼat asari juda kamlik qilar edi. 1794-yil Belgiya va Germaniyada Flamand rassomlari, jumladan Piter Pol Rubens, Entoni Van Deyk va Gaspar de Kreer oʻz asarlaridan voz kechishga majburlandi. Milliy konvensiya rassomlar ishlarini oʻgʻirlash uchun binolarni, cherkovlarni talon-toroj qildi.
Oʻgʻirlangan asarlar orasida Mikelanjeloning «Bryusel Madonnasi», Xubert va Yan van Eykning bir qator nodir asarlari boʻlgan.
Napoleon Bonapart Italiyadagi fransuz qoʻshinlarining generali boʻlganida talonchilikka ham qoʻl urgan. U 1796-yilda Italiyani kesib oʻtib, Antonio da Korregjio, Rafayel, Mikelanjelo, da Vinchi va boshqalarning asarlarini tortib oldi.
Napoleon Bonapart Piatsenzada 20 ta surat olgan, yana 20 ta rasmni Milanda toʻplagan, soʻngra yana 100 ta sanʼat asari – haykallardan tortib guldonlargacha Baloniya shartnomasida qoʻlga kiritgan.
2020-yilda Madaniyat vazirligi 1991-yildan to shu kunga qadar mamlakatimizdan oʻgʻirlab ketilgan sanʼat asarlari va meʼmoriy obidalar parchalarini mamlakatga qaytarib olish jarayonini boshlagani eʼlon qilingan.
Bugungi kunda mamlakatimiz hududidan olib ketilgan sanʼat asarlarini qaytarish boʻyicha amaliy ishlar allaqachon boshlangan va talay madaniy meros namunalari olib kelingan. Bu ishlar davom ettirilib, tariximizning bir boʻlagi boʻlgan noyob sanʼat asarlarini oʻz joyiga qaytarilib, qadr topishidan umidimiz katta.
Rashid Xoʻjamov tayyorladi.