Dastur ayollarga keng koʻlamli bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlaridan foydalanish uchun muhim AKT koʻnikmalarini oʻrgatish tizimini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekistondagi chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollar koʻpincha Wi-Fi yoki mobil internet kabi raqamli texnologiyalardan foydalana olmaydi. Bu holat ularning rasmiy ishga joylashish yoki oʻz tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatlarini cheklaydi. USAIDning 2022-yil yanvar oyida yakunlangan Mamlakat raqamli ekotizimini baholash (DECA) tadqiqotiga asosan ayollarning yangi texnologiyalarga boʻlgan qiziqishi va undan foydalanishiga nisbatan jamiyatda mavjud ijtimoiy meʼyorlar, ayollarning taʼlim olish va ishga joylashish imkoniyatlariga salbiy taʼsir etadi.
UNICEF maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yosh ayollar va qizlarning 68,1 foizi internetdan hech qachon foydalanmagan, bu esa shu yoshdagi erkaklar soni koʻrsatkichidan qariyb ikki barobar koʻp (34,3 foiz). Quyidagi muammoni bartaraf etish Oʻzbekiston va AQSH hukumatlarining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
“Ushbu dastur qishloq ayollariga alohida eʼtibor qaratgan holda, Oʻzbekistonda raqamlashtirish jarayonida gender tengligini taʼminlashga yordam beradi”, deydi USAID ning Oʻzbekistondagi Missiyasi direktori Mikayela Meredit. “Dastur natijasida, oʻz raqamli va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirgan holda, qishloq ayollari elektron tijoratda ishtirok etish, oʻz mahsulotlarini dunyo va mahalliy platformalar orqali sotish, oʻz bizneslarini targʻib qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan hamda raqamli mikrobiznes imkoniyatlaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish gender tengligiga erishish, aholi turmush darajasini oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashining poydevoridir”, — deya qoʻshimcha qildi Mikayela Meredit.
“IT Women – Karakalpakstan” sinov loyiha boʻlib, xotin-qizlarni ijtimoiy tarmoqlar marketingi va grafik dizayn boʻyicha ixtisoslashgan treninglar, AKT sektorida ishga joylashish va amaliyot oʻtishlari imkoniyati hamda dastur davomida murabbiylik koʻmagi bilan taʼminlaydi. Oltmish nafar xotin-qizlar “IT Park” koʻmagida Nukus shahridagi IT Akademiyasi tomonidan oʻqitiladi. Ushbu dastur Oʻzbekistondagi iqlim oʻzgarishi taʼsiriga uchragan qishloq ayollarini biznes koʻnikmalari, kasbiy taʼlim, mikromoliyalash, murabbiylik va bandlik dasturlari bilan taʼminlash orqali qoʻllab-quvvatlash uchun USAID ning 1 million dollarlik tashabbusi doirasida amalga oshirilyapti, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Mazkur tashabbus USAID ning Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Agrobiznesni rivojlantirish boʻyicha besh yillik loyihasi doirasida amalga oshirilyapti. Ushbu loyiha maqsadli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha qiymat yaratiladigan butun zanjir boʻyicha qoʻshimcha qiymatli yangi texnologiyalarni va boshqaruv usullarini joriy etish orqali mamlakat qishloq xoʻjaligida xususiy sektorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu xatti-harakatlar Oʻzbekistonda qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni jalb qilish, taʼlim muassasalarining xususiy sektor bilan aloqalarini kengaytirish va qishloq xoʻjaligi uchun maqbul boʻlgan siyosatni ilgari surishga yoʻnaltirilgan.