“Velotrek” majmuasi orqali Jizzaxda ham xalqaro miqyosidagi musobaqalar oʻtkazish imkoniyati paydo boʻldi

    Mamlakatimizda 18 Dekabr 2021 1711

    Avval xabar berganimizdek, Jizzax viloyat hokimligi tomonidan viloyatda 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

    OAV vakillari Jizzax shahridagi Olmazor mahallasi hududida qurilayotgan 16 qavatli uylar qurilishi bilan yaqindan tanishdi.

    Aytib oʻtish joizki, Jizzax shahrida 2017-2020-yillar davomida xususiy sektor ishtirokida jami 858 ta xonadonli 15 ta 4 va 7 qavatli uy-joylarni qurish ishlari amalga oshirilgan.

    Mana shu yilda qurilayotgan 1120 ta xonadonli 32 ta koʻp qavatli uy-joylarning katta qismi ham xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi. Bunda 860 ta xonadonlar egalari uchun subsidiya ajratish orqali oilalarning uy-joy muammosini hal etishga koʻmaklashish – bu endi odamlarning yillar davomida yelkasidan bosib kelgan ogʻir yukidan xalos etish degani. Jizzax shahrining “Olmazor” mahallasi keyingi uch yilda juda gavjumlashib ketdi. Boisi, bu yerda koʻp qavatli uylar soni yil sayin ortmoqda. Avvalboshda 15 ta 7 qavatli uylar foydalanishga topshirilgan boʻlsa, endilikda har biri 80 ta xonadonli 6 ta 16 qavatli va 4 ta 9 qavatli uylar qurilishi bosqichma bosqich davom ettirilmoqda.

    16 qavatli uylar qurilishi, tan olish kerak, Jizzax viloyati hayoti uchun ilgari kuzatilmagan holat. Bungacha eng baland turar joy 9 qavatli boʻlgan. 16 qavatli uylar nima uchun zarur degan savol yuzaga chiqqanda ham bunga birdan bir toʻgʻri javob urbanizatsiya jarayonida markaz shaharlar aholisi sonining koʻpayishi, turgan gapki, turar joy qurilishiga moʻljallangan yer uchun ehtiyojning oshishi bilan izohlansa oʻrinli boʻladi.

    Sifat masalasi esa, har doim ham birinchi oʻrinda turadi. Har bir qavatda 5 ta xonadon mavjud, ularning 4 tasi 3 xonali, 1 tasi 1 xonali. Har bir xonadon uchun 2 ta ochiq havoza, balkon qurilgan. Tabiiy gaz taʼminoti yerdan to 9-qavatgacha koʻtarilgan. Undan tepa qavatlar uchun esa taʼminot tarmogʻi tepadan tushib keladi. Bu turmush ehtiyoji yuqori boʻlgan mazkur kommunal xizmat – tabiiy gaz taʼminoti bir meʼyorda taqsimot qilinishini koʻrsatadi. Ikkita lift xizmat koʻrsatadigan 16 qavatli osmonoʻpar binoning qovurgʻalarini 14 metr chuqurlikkacha yetib borgan mustahkam qoziqlar ushlab turadi. Devorlar esa metall karkaslarga qoʻyilgan mustahkam beton qorishmadan iborat. Xonadonlarda issiqlik bir meʼyorda, yozu qishda bir xil moʻtadil ob havo saqlanib turilishini taʼminlash maqsadida, tashqi devorlarga bazalt tolasidan toʻqilgan qurilish matosi qoplangan.

    Jizzax shahridagi “Velotrek” BMX maydoni

    Jizzax shahrida joylashgan Oʻrta Osiyoda yagona hisoblangan sportning veloturiga ixtisoslashgan BMX maydoni “Sangzorkoʻl”ning 4 gektarli joyni oʻz ichiga oladi.

    Umumiy qiymati 500 ming AQSH dollari boʻlgan ushbu majmua 2021-yilda foydalanishga topshirildi. Loyiha-smeta hujjatlariga asosan 3,2 gektar maydonda 2500 tomoshabinga moʻljallangan “Velotrek” majmuasi velosportning 4 yoʻnalishi boʻyicha musobaqalar oʻtkazishga moʻljallab bunyod etilgan.

    Majmua Sochi shahridagi “Velotrek” majmuasi loyihasi asosida qurilgan boʻlib, qurilish Ukraina, Belgiya va Fransiyadan kelgan mutaxassislar koʻmagi bilan amalga oshirilgan. Jahon andozalariga toʻla-toʻkis javob beradigan sport majmuasida “Velotrek”ning VMX yoʻnalishi boʻyicha nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosidagi musobaqalar oʻtkazish imkoniyati paydo boʻldi.

    Sharof Rashidov tumanidagi “Gold Fish agro” baliqchilik klasteri

    Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish moʻljallanmoqda.

    Bu yil ularning safiga “Gold Fish agro” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham qoʻshildi. Qiymati 30 milliard soʻmlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan.

    Klaster maydoni 43 gektar boʻlib, shundan 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Sunʼiy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi oʻrnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki oʻzidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sunʼiy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sunʼiy koʻllarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanmoqda.

    Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning oʻzida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sigʻimli zamonaviy muzlatgichlar ham bor.