Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, oʻtgan yili may oyida Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro Moliya Korporatsiyasining paxta-toʻqimachilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better work” qoʻshma dasturini Oʻzbekistonda tatbiq etish boʻyicha memorandum imzolanib, loyihaga start berilgan edi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda ushbu loyihani amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama etildi.
Xalqaro tashkilotlarning vakillari tomonidan Oʻzbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, ishlab chiqarish jarayoniga xalqaro standartlarni, xususan, ishlab chiqarish, texnik, mehnat va ekologik standartlarni keng tatbiq etish, ishchilarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi eʼtirof etildi.
Shuningdek, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyasining tashkil etilganligi, mamlakatimizda mehnat sohasidagi xalqaro standartlarni ilgari surishga munosib hissa qoʻshishi aytib oʻtildi.
Bugungi kunga qadar uchta hududdan oltita kompaniya XMTning “Better Work Uzbekistan” dasturida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, loyiha talablaridan kelib chiqqan holda xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha ishlar olib borilyapti. Shuningdek, joriy yilda qoʻshimcha yana sakkizta kompaniyada bu ishlarni amalga oshirish boʻyicha harakatlar boshlab yuborilgan.
Muhokamalar jarayonida toʻqimachilik sanoati korxonalarining ijtimoiy masʼuliyati, jumladan, ishchilar huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Sohada ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Milliy komissiya va XMT bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha milliy dasturni 2024—2025-yillarda amalga oshirish boʻyicha yangi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga, unda, paxta-toʻqimachilik sanoati korxonalarida “Better work” standartlarini keng tatbiq etish boʻyicha aniq manzilli choralarni belgilash va hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.