Shu yilning yoz oylarida Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong rasmiy delegatsiyasi bilan yurtimizga tashrifi chog'ida bir jihatga alohida e'tibor qaratdi. Nufuzli mehmon sayyoramiz aholisining yarmidan ko'pini 30 yoshgacha bo'lgan insonlar tashkil etsa-da, dunyo bo'yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham etmasligidan afsuslanib, O'zbekistonda bu ko'rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi.
Bu e'tirof shunchaki raqamlar emas, balki real haqiqatga asoslangan edi. So'nggi yillarda yurtimizda yigit-qizlarga keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berilishi natijasida barcha darajadagi davlat xizmatlarida yoshlarning ulushi ortib borayotgani rost. Aslida ham, islohotlar epkinida rivojlanib, zamonaviy tizim asosida ishlay boshlayotgan mamlakatimizdagi har bir soha uchun bugun o'z bilim va salohiyatiga ishonadigan yosh mutaxassislar zarur.
Mazkur yo'nalishdagi ishlarni faol davom ettirish bugunning muhim vazifasiga aylangani boisi ham shundan. Bu boradagi yirik loyihalardan biri sifatida dastlab Samarqandda tajriba tariqasida, 5 iyuldan boshlab respublikamizning barcha hududlarida faoliyati yo'lga qo'yilayotgan “Kelajak liderlari” klubini e'tirof etish mumkin. Ayni paytda ushbu tuzilmaga intellektual jihatdan salohiyatli va fuqarolik pozitsiyasiga ega, teran fikrlaydigan, mustaqil dunyoqarashga ega yosh liderlar qatlamini, bir so'z bilan aytganda, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishning zamonaviy moduli sifatida qaralmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi qoshida ochilgan “Kelajak liderlari” klubi ham o'z a'zolari sonini 40 nafarga yetkazdi. Toshkent viloyati hududlaridan tanlov asosida saralab olingan mazkur a'zolar orasidan klub prezidenti, bir nafar klub vitse-prezidenti hamda 8 nafar koordinator yashirin ovoz berish yo'li bilan 1 yil muddatga saylandi.
— Nizom talablariga muvofiq klub a'zoligiga 20—35 yoshdagi liderlik qobiliyatiga ega, o'qish va faoliyatida ijobiy yutuqlarga erishgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilari qabul qilinadi, — deydi klubning yosh davlat fuqarolik xizmatchisi koordinatori Bekzod Otabekov. — Dastlabki qabul qilish kvotasi 50 nafarni tashkil etib, yoshlar har yili bir marotaba e'lon qilinadigan to'rt bosqichli tanlov asosida saralab olinadi. Kelgusidagi tanlovlar kvotasi klubning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkiliy guruh tomonidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Klub a'zoligiga qabul qilingan yoshlar tasdiqlangan dastur asosida Davlat boshqaruv akademiyasi bilan hamkorlikda uch oy davomida o'qitiladi, o'quv-seminarlar, uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, master-klass, treninglar va turli loyihalarda ishtirok etadi. Bu yoshlarda davlat fuqarolik xizmatiga qiziqish, yuksak kasbiy salohiyat, yetakchilik, boshqaruvchilik va vatanparvarlik sifatlarini shakllantirish maqsadida turli mavzularda amaliy mashg'ulotlar, uchrashuvlar, ochiq davra suhbatlari, hududdagi muvaffaqiyatli davlat xizmatchilari tomonidan ishtirokchilar uchun mahorat darslari, davlat organlari va tashkilotlariga ekskursiyalar tashkil etiladi. O'quv yakunlari bo'yicha yuqori ko'rsatkichga ega yoshlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sertifikat bilan taqdirlanadi va davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yosh trenerlar safiga qabul qilinadi. Faollik ko'rsatgan a'zolar kredit-ball tizimida tegishli ballarni to'plab, ularni klub tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlarga almashtirish imkoniyatini qo'lga kiritadi. eng yuqori kredit-ball to'plagan a'zolar “Hokim bilan bir kun”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining dublyori”, “Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida bir kun” kabi loyihalarda ishtirok etadi.
“Harakatdan to'xtagan inson mag'lub bo'ladi”
Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent viloyatida 2 951 500 nafar aholi istiqomat qilib, shundan 1 571 890 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ularning bir qismi ta'lim muassalalarida tahsil olayotgan bo'lsa, aksariyati o'z sohasi bo'yicha korxona-tashkilotlarda faoliyat yuritib kelyapti.
Ana shunday iqtidorli yigit-qizlarni birlashtirib, yosh rahbar-kadrlarni shakllantirishni maqsad qilgan “Kelajak liderlari” klubida vazifalari doirasidagi jarayonlar qizg'in boshlab yuborilgan. Axborot texnologiyalari, ingliz va nemis tillarini o'rgatish bo'yicha mashg'ulotlar o'tilyapti. Liderlar kutubxonasi tashkil etilib, muntazam ravishda yangi adabiyotlar, ma'lumotlar bilan to'ldirib borilmoqda. Ko'ngilli a'zolar sevimli asarlarini javonlarga taxlab, kutubxona “xazinasi”ni boyitishga hissa qo'shyapti. Ayniqsa, klubda tashkil etilgan notiqlik san'ati mashg'ulotlariga ko'pchilik katta qiziqish bilan qatnaydi. Darslarni klub prezidenti, 24 yoshli Akbar Sobirov olib boradi.
— Yoshlarga bu qadar katta ishonch bildiriladigan, barcha sharoitlarni yaratib beradigan davlatlar dunyoda sanoqli bo'lsa kerak, — deydi yosh rahbar. — O'zbekiston ana shunday davlatlardan biriga aylandi, deb baralla ayta olaman. “Kelajak liderlari” klubi ham har bir yigit va qiz uchun ulkan imkoniyat. Bu klub, avvalo, yoshlarning katta hayotga qadam qo'yishida tirgak bo'ladi, qiyinchiliklarni oson engib o'tishi, o'z sohasining mutaxassisi sifatida shakllanishida poydevor vazifasini o'taydi. Ammo buning uchun yigit-qizlarning o'zida ham intilish, shijoat, harakat bo'lishi lozim. Muvaffaqiyatga faqat harakat, mehnat va bilim bilangina erishish mumkin. Men o'zim bolaligimdan kitob o'qishni yaxshi ko'rardim. Yoshlar, tengdoshlarimga ham doim bo'sh vaqtini zoe ketkazmasdan, ko'proq mutolaa qilish, yangi bilimlarni egallashga intilishni tavsiya etaman. Agar biz kelajagimiz haqida hozirdan qayg'urmasak, o'zimiz orzu qilgan kelajakni barpo eta olmaymiz.
Akbar Sobirov yosh bo'lishiga qaramay, klub prezidentligiga saylangani bejiz emas. Uning teran bilimi, keng dunyoqarashi, faoliyatida erishayotgan yutuqlari ko'plab yoshlarga motivatsiya beradi.
Qahramonimiz ayni kez Toshkent tibbiyot akademiyasining 5-bosqichida tahsil oladi. Talaba bo'lish bilan bir vaqtda ushbu ta'lim dargohi rektorining shu erda tahsil olayotgan yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi, Talabalar kengashi raisi hamdir. Tibbiyot sohasini katta qiziqishi sabab tanlagan Akbar bugungi kunda simulatsion ta'limning tibbiy ta'limdagi ahamiyati, nevrologik kasalliklarni chuqurroq o'rganish, klinik farmokologiya fanlari bo'yicha ilmiy izlanishlar olib boryapti.
Yosh olimlar o'rtasida o'tkaziladigan ko'plab ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, qator loyihalarda g'oliblikni qo'lga kiritib kelmoqda. Jumladan, turli yillarda Qozon shahrida o'tkazilgan 94-xalqaro tibbiy forum, MDH davlatlariga a'zo mamlakatlar oliy ta'lim muassasalari o'rtasida o'tkazilgan “Yosh olim” ko'rik-tanlovi, Avitsena izdoshlari xalqaro olimpiadasida 1-o'rin sohibiga aylandi.
Akbar bo'sh vaqtlarida kitob o'qish, o'z ustida ishlash, sport bilan shug'ullanishga odatlangan. Bular uning irodasi, sabr-matonatini toblashga yordam bo'radi. SHu bois, u har bir xatolik, kamchilik ustida ishlab, tahlil qilishdan cho'chimaydi. Barcha qiyinchiliklarni ota-onasi, yaqinlari, ustozlari ko'magida yengib o'tishga intiladi. Ayniqsa, uni faoliyati davomida hamisha qo'llab-quvuvatlab kelayotgan ustozi — Toshkent tibbiyot akademiyasi davolash fakulteti dekani, professor Barno Xolmatovadan chuqur minnatdor.
Tinimsiz mehnat va harakatni o'ziga shior qilib olgan qahramonimiz bugun “Kelajak liderlari” klubi yoshlarini ham shunga ruhlantirmoqda. O'zining saylovoldi dasturi asosida viloyat yoshlari bilan uchrashuvlar o'tkazib, ezgu maqsadlarga undash, har bir yigit-qizga davlat xizmati tushunchasi etib borishini ta'minlash kabi vazifalarni amalga oshirish ustida ishlar olib bormoqda. U tabobatdan tashqari, san'at, tashkilotchilik yo'nalishlariga qiziqadi, odamlarga yordam berishdan zavq oladi.
— Yoshlar — O'zbekistonimizning xazinasi, bebaho boyligi, deb davlatimiz rahbari bejiz ta'kidlamagan, — deydi Akbar Sobirov. — Men doim shu ta'rifga munosib bo'lish, o'zimga bo'lgan ishonchni so'ndirmaslikka intilaman. Chunki biz, yoshlarning qo'limizdan ko'p ishlar keladi, faqat harakat qilish kerak. Zero, harakatdan to'xtagan inson mag'lub bo'ladi.
Yosh olim, rahbar, klub prezidenti Akbar Sobirovning kelajak rejalari bisyor. Tibbiyot sohasida aholi salomatligini yanada yaxshilash, yuqumli kasalliklarni davolashning o'zbek modelini yaratib, uni dunyoga tanitish, o'zbekistonlik Nobel mukofoti laureati bo'lish, ota-onasi, ustozlari, xalqning ishonchini oqlay oladigan mutaxassis bo'lib etishishni maqsad qilgan.
“Kelajak liderlari” klubi a'zolari safida bo'lgan ko'plab yoshlar bugun ana shunday ulkan orzular, aniq reja va maqsadlar bilan yonmoqda. Bu shijoatli yigit-qizlar yaqin yillarda malakali rahbar-kadrlarga aylanish barobarida, minglab yoshlarni o'zlarining ezgu g'oyalari ortidan ergashtirishi shubhasiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri