Qachonki, oʻsha hujjat avvalo sinchiklab oʻqilsa, idrok etilsa va ijrosiga ongli tarzda kirishilsa! Mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan berilgan hujjat bir fuqaro, nari borsa, bir oilaning joriy hayotigagina tegishli boʻladi. Mamlakat Konstitutsiyasi-chi?
Shu nuqtayi nazardan qaralsa, butun bir davlat va xalqning nafaqat bugungi, balki kelgusi oʻn yilliklarda kechajak hayotining deyarli barcha jabhalariga taalluqli bu huquqiy doktrinaning roli va ahamiyati qanchalar katta!
Tarixiy referendumdan keyin bir hafta oʻtiboq Prezidentning “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʻlon qilindi. Mazkur hujjat muqaddimasi va dastlabki bandida: “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor printsiplarni Yangi Oʻzbekiston ulugʻvor gʻoyasiga hamohang tarzda roʻyobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyish, fuqarolar oʻz hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini taʻminlash maqsadida “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilansin” deya taʻkidlandi.
Ushbu matndagi bir iboraga diqqat qilaylik – “xalq Konstitutsiyasi”. Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning ilk satrlaridan boshlab oxirgi moddasiga qadar bu hujjat, birinchi galda, xalq, el-ulus manfaatlari uchun xizmat qilishga yoʻnaltirilgani koʻrinib-sezilib turadi.
Masalan, agar avvalgi Konsitutsiya Muqaddimasida bu hujjatni “Oʻzbekiston xalqi... oʻzining muxtor vakillari siymosida” qabul qilishi aytilgan boʻlsa, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda “Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi... ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va eʻlon qilamiz”, deya bitilgan. Qolaversa, Konstitutsiyamiz bilan xalqimiz aniq qanday buyuk maqsad-muddaolarni koʻzlayotgani, kelgusi avlodlar oldidagi qanday yuksak masʻuliyatlar zimmaga olinayotgani, bunda davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʻnaviy merosiga tayanilishi aniq-ravshan ifoda etilgan.
Taʻkidlanganidek, Konstitutsiya matnida amalga oshirilgan kardinal oʻzgartish va muhim qoʻshimchalarning hammasi xalq hamda davlatning yangi zamon, yangi makon, yangi dunyoqarash va betinim tafakkur sharoitida yashash, mehnat qilish va bu yaratuvchilik mehnatidan bahra olishiga qaratilgandir.
Jumladan, tilga olingan Muqaddimada nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ham tantanali ravishda eʻlon qilingan. Shu munosabat bilan bundan uch-toʻrt yil avval tafsiloti jahon ijtimoiy tarmoqlarida yoyilgan bir ibratli hodisa yodga keladi.
Bu Germaniya davlatini 16 yil davomida muvaffaqiyatli boshqargan Angela Merkel xonimning oʻz vatandoshlari – olmon shifokorlari talabi munosabati bilan aytgan birgina savol-murojaati bilan bogʻliq. Davlat shifoxonalarida xizmat qilayotgan, shundoq ham boshqa mamlakatlardagi hamkasblaridan koʻproq haq olayotgan shifokorlar oʻz maoshlarini oshirish xususida talabnoma bilan chiqishganida, Merkel xonim ularga qarata mana bu mazmundagi birgina taʻsirli gap aytgandi: “Tushunmayapman, sizlar barchangizga taʻlim-tarbiya bergan oʻqituvchilaringizdan ham koʻproq haq olmoqchimisizlar?!”.
Aytishlaricha, bu gapdan keyin Kantslerga biror kishi eʻtiroz bildirmagan ekan.
Mana shu tafsilot va taassurot asnosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan alohida bir modda maqsad-mohiyatiga nazar tashlaylik. Bu 52-modda boʻlib, uning birinchi qismida shunday deyiladi:
“Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʻnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʻtirof etiladi”.
Maqolamiz avvalida taʻkidlaganimizdek, har qanday rasmiy hujjat, ayniqsa, Konstitutsiya matniga shunchaki, yuzaki nazar tashlash biror bir fuqaro, ayniqsa, davlat va jamiyat boshqaruvida faoliyat olib borayotgan mutasaddilar uchun kechirib boʻlmas holdir. Jumladan, ular umumxalq ovozi bilan qabul qilingan Bosh qonunimizning shu moddasida oʻqituvchi – muallim mehnatiga berilgan ayni taʻrifni toʻlaligicha ongu shuuriga joylab, bu kasb egalariga shu ong ila munosabatda boʻlsalar, joriy va kelajak hayotimizda qanchalar katta ijobiy oʻzgarishlarga zamin yaratilishini tasavvur qilish qiyin emas.
Zero, oʻqituvchi bilan munosabatga kirishayotgan kishi – u hokim yoxud ichki ishlar xodimi boʻladimi, ota-ona yoki fermer xoʻjaligi rahbari boʻladimi – ayni mana shu yuksak ong, tushuncha bilan masala-muammolarga yondashsa, demakki, bu harakati bilan jamiyat va davlatni rivojlantirish, barkamol insonni tarbiyalashga oʻzining amaliy hissasini qoʻshgan boʻladi va yoki aksincha!
Ikkinchi tomondan, oʻqituvchi kasbiga daʻvogar har bir mutaxassis oʻz zimmasiga konstitutsiyaviy norma darajasida yuklanayotgan masʻuliyatni chuqur his qilmogʻi, unga katta umidlar-la boqib turgan oʻquvchilari bilan olib borayotgan har bir mashgʻuloti, oxir-pirovardida, qanday natija keltirishini aniq tasavvur etmogʻi lozim. Qolaversa, qadim millat va mamlakat kelajagi qoʻliga ishonib topshiriladigan pedagoglarni tayyorlaydigan, ularga shu ulugʻ rutbaga loyiq ekanini tasdiqlovchi hujjat – oliy maʻlumot haqidagi diplom tutqazadigan oliy oʻquv yurtlari ham oʻz faoliyatlarini ayni missiyaga yarasha yuksak darajaga koʻtarmoqlari talab qilinadi.
Ana shu talabga javob beradigan oʻqituvchilarga esa davlat yana Konstitutsiya maqomida quyidagilarni kafolatlaydi: “Davlat oʻqituvchilarning shaʻni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”.
Guvohi boʻlayotganimizdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning har bir moddasini, zarur boʻlsa, bu moddalarni tashkil etgan har bir jumlasini sinchiklab idrok etish – bu oliy hujjatning hayotga ongli va ogʻishmay tatbiq etilishida, Prezident farmonida uqtirilganidek, uni “soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish”da muhim rolʻ oʻynaydi.
Rahmon QOʻCHQOR,
TDYuU dotsenti v.b.,
filologiya fanlari nomzodi.