Prezidentimizning 2023-yil 23-noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Namangan davlat universitetida 5 ta o‘ziga xos funksional vazifalarni bajaruvchi obyektlarni o‘z ichiga olgan “Yashil innovatsion hudud”, ya’ni “Ekobog‘” tashkil etildi.
“Ekobog‘”ni tashkil etishdan maqsad universitetda o‘qitib kelinayotgan 17 ta fandan ochiq amaliy mashg‘ulotlar va mustaqil ta’lim jarayonlarini tashkil etish orqali ta’lim sifatini yanada oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlar uchun o‘quv va ilmiy platforma sifatida foydalanishdir.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitetda kengligi ehtiyojdan ortiq bo‘lgan asfalt yo‘laklarni ixchamlashtirish, foydalanishga yaroqsiz toshloq yerlarni qayta o‘zlashtirish asosida 2.5 gektar maydonda tashkil etilgan “Ekobog‘” dunyoning 5 ta mintaqasi ekspozitsiyalarini o‘zida mujassam etgan 86 turdagi (1500 dona) noyob daraxt va butalar hamda 3000 dan ortiq manzarali gullarni o‘z ichiga olgan.
"Ekobog‘”ga ekilgan daraxt, buta va gullar raqamlashtirish asosida, QR kod bilan belgilangan bo‘lib, QR kod orqali daraxt, buta yoki gulning nomini, uning vatani, o‘ziga xos biologik xususiyatlari hamda kim tomonidan, qachon ekilgani kabi ma’lumotlarni olish mumkin. Bu esa bog‘ning e’tiborga molik jihatlaridan yana biridir.
Bundan tashqari, mazkur “Ekobog‘” soha vakillari uchun ilmiy-tadqiqot maskani, o‘quv amaliyot bazasi, turli seminar va anjumanlar o‘tkazish, viloyat aholisi va mehmonlari uchun oronjereya va turli o‘simliklar ekspozitsiyalari bo‘ylab ekskursiyalar tashkil qilish imkonini beradi. Shuningdek, viloyatning ekologik holati va landshaftini yanada yaxshilash uchun xizmat qiladi.
Ekobog‘da ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan bevosita integratsiyasini ta’minlash maqsadida umumiy maydoni 720 m2 bo‘lgan 5 ta (Algologiya, Biotexnologiya va mikrobiologiya, Biokimyo va molekular biologiya, Botanika, Zoologiya) o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, bunga qo‘shimcha ravishda 2 ta 100 o‘rinli ma’ruzalar zali, 8 ta amaliy va laboratoriya xonalari hamda 10 ta o‘quv-yordamchi xonalar barpo etiladi.
Ushbu laboratoriyalar universitetda ta’lim sifatini yanada oshirish bilan bir qatorda bioxilma-xillikni muhofaza qilish va resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi uchun o‘simliklarni biotexnologik usullar yordamida ko‘paytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida, NamDU tajribasi asosida, “Open Science Platform” raqamli ekotizimini ishlab chiqilgani va platforma doirasida murojaatlarni tez va zudlik bilan ijobiy hal qilish, interaktiv xizmatlar ko‘rsatish maqsadida 240 m2 maydonda 35 ta xizmat turini o‘z ichiga olgan “Ofis registrator” tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Innovatsion g‘oyalarni, qurilishning eng zamonaviy usullarini o‘zida mujassam etgan 400 o‘rinli “Ma’naviyat va madaniyat markazi” tashkil etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, to‘garaklarning samarali faoliyat yuritishiga erishish, talabalarning jadidlar ilmiy merosidan xabardorligini oshirish, ularning san’at va musiqaga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, markazda “Zakovat” o‘yinlarini o‘tkazish uchun ham maxsus studiya tashkil etiladi. Turli yo‘nalishlardagi tadbirlarni o‘tkazish uchun markazni 6 ta xonaga ajratish imkoniyati, katta konsert va anjumanlar o‘tkazish zarurati paydo bo‘lganda esa, bir vaqtning o‘zida bo‘limlar chetga surilib, ular o‘rnida transformatsion tarzda 400 o‘rinli muhtasham zal paydo bo‘lishi bilan e’tiborlidir.
Mazkur loyiha va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Namangan davlat universitetida tahsil olayotgan talaba yoshlarni ona tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘stirish, manaviyatini yanada yuksaltirishga va bu orqali sifatli hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Fazliddin MO‘MINOV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
boshqarma boshlig‘i