Yangi Oʻzbekistonning — yangi marralari

    “Inson qadri uchun” tamoyili ostida demokratik va ijtimoiy davlat barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonda xalqning ogʻirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilash islohotlarning bosh maqsadi, oʻziga xos marra va mezon etib belgilandi.

    2017-yilda boshlangan strategik islohotlar, 2022-yilda yangi bosqichda “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ostida yanada kuchaytirildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi esa Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini yanada kengaytirdi.

    “Yetti oʻlchab – bir kes” deydi donishmand xalqimiz. Mazkur purmaʼno maqolning mazmuni “Yangi Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ezgu vazifalar va yangi marralarda koʻrinadi. 100 ta maqsad asosida koʻzlangan yangi marralar – Yangi Oʻzbekistonni taraqqiyot va farovonlik sari olib boradi.

    Joriy yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Muhtaram Prezidentimiz tadbirkorlik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarga batafsil toʻxtalar ekan, oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpayib, 490 mingga, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetgani, yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Eksportni qoʻllab-quvvatlash hisobidan soʻnggi toʻrt yilda bunday korxonalar soni 4,5 mingtadan 7,2 mingtaga koʻpaydi, chetga sotilayotgan mahsulot turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga kengaydi. Tashqi bozorlarga tayyor mahsulot sotish hajmi 2 barobar, bunda tovarlar eksportidagi ulushi esa 50 foizdan 65 foizga oshdi. Bu koʻrsatkichlar mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan qulay sharoitlarning “mevasidir”.

    Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida milliy manfaatlar ustuvorligi, yaqin qoʻshnichilik, ittifoqchilik, barqaror taraqqiyot, yangi bozor – yangi imkoniyatlar, birgalikda saʼy-harakat tamoyillari ostida dadil qadamlar bilan diplomatik aloqalar oʻrnatildi. Jumladan, yaqinda Ostona shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida nutq soʻzlagan Prezidentimiz «Siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda, — deb taʼkidladi.

    Davlatimiz rahbari muhim tashabbus va qarorlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlarining yaqinlashuv jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini eʼtirof etdi. Ushbu uchrashuvda Prezidentimiz mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqish, Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini oʻtkazish, Markaziy Osiyo investitsiya kengashini taʼsis etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish kompleks dasturi, transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanishning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish, madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy masʼuliyatni anglashini kuchaytirish, innovatsion gʻoyalar va loyihalar mintaqaviy yoshlar tanlovini oʻtkazish, mintaqa davlatlarining iqtidorli talabalari oʻqishi uchun oʻzaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish, “Bitta tur – butun mintaqa” tamoyili boʻyicha milliy IT kartalarni oʻzaro tan olish va ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqish kabi dolzarb takliflarni ilgari surdilar.

    Mana shunday takliflarni ilgari surish orqali Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaqin qoʻshnichilikni mustahkamlash va har tomonlama qulay muhitni yaratish boʻyicha Oʻzbekiston yetakchi davlatga aylandi. Buning natijasida Ostona shahridagi uchrashuvda muhtaram Prezidentimizga mintaqa davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirildi.

    Ijtimoiy himoya tizimida 2020-yilda aholining muayyan qismi kambagʻal ekani tan olinib, ularga koʻmak berish va daromadli qilishga kirishildi. Buning natijasida, uzoq yillar ogʻir vaziyatda boʻlgan 3 milliondan ziyod odamlarning sharoiti yaxshilanib, kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi.

    Kelgusi uch yilda kambagʻallik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish – asosiy marralardan biri desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

    Shuningdek, oliy taʼlim tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandi boʻlgan talabalarga berilgan imkoniyatlar misolida “ijtimoiy davlat” tamoyilining roʻyobini koʻramiz. Nogironligi boʻlgan, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari boʻlgan chin yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga har oyda 50 foizga oshirilgan bazaviy stipendiya berilib, talabalar turar joylari toʻlovidan toʻliq ozod qilindi. 2020-yildan joriy qilingan ushbu tizim asosida ushbu toifadagi talabalar ilm olishlari uchun qulay muhit yaratildi. Birgina Fargʻona davlat universiteti misolida oladigan boʻlsak, 221 nafar nogironligi boʻlgan, 49 nafar “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va chin yetim talabalar belgilangan tartib boʻyicha ijtimoiy toʻlovlar toʻlab berildi. Ularga ijtimoiy toʻlovlardan tashqari bandligi ham taʼminlanib, 12 nafar nogironligi boʻlgan talaba-qizlarga yangi zamonaviy kasblarni oʻrgatish kurslarini tashkil etishlari uchun xonalar ajratib berildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” shiori ostida 150 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar sayohatga yuborildi.

    Sport yoʻnalishidagi yutuqlar – Yangi Oʻzbekistonning tarixiy yutuqlari. Yaqindagina Fransiya poytaxti Parij shahrida oʻtkazilgan XXXIII yozgi Olimpiada oʻyinlari yakuniy natijalariga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasini 13 ta medal (shundan 8 tasi oltin)ni qoʻlga kiritdi. Bu Oʻzbekiston delegatsiyasining olimpiadalar tarixidagi eng yaxshi natijasi boʻlib tarixga kirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 28-avgust kuni XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuvida taʼkidlaganidek, “Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom maʼnoda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy boʻldi”.

    Ushbu tarixiy natija bilan Osiyoda 4, MDH va Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1-oʻrin egalladik. Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni boshlangan damda Muhtaram Prezidentimiz sportchilarimizga kuchli 15 talikka kirishni marra etib belgilangan edi. Sportchilarimiz ushbu masʼuliyatli vazifani ortigʻi bilan bajarib, “masʼuliyatli marra”ni zab etdilar. Aytish mumkinki, ushbu natijalar mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik bayramiga oʻziga xos tuhfa boʻldi.

    Yuqorida taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan “taraqqiyot marralari” rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimizni yanada farovon boʻlishiga xizmat qiladi.


    Oʻtkir Rajabov,

    Fargʻona davlat universitetining

    Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi


    Hamkorlik materiali