Davra suhbatida yangi tahrirdagi Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo, “Inson qadri uchun” g'oyasini ustuvor yo'nalish sifatida belgilashi qayd etildi.
Ma'lumki, konstitutsiyaviy islohotlar Yangi O'zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zaruratdir.
Alohida qayd etish lozimki, O'zbekiston aholisi 2040-yilga borib 50 millionga etishi, xususan yarmidan ko'pi yoshlar bo'lishi, ularga munosib sharoit yaratib berish uchun barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo'lishi taqozo etiladi. Bularning barchasi uchun mustahkam huquqiy poydevor – Yangi O'zbekistonga yangilangan Konstitutsiya lozimligini ko'rsatadi.
Muhokamalar jarayonida aholidan jami 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, ularning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi esa anonim tarzda bildirilgani ham xalqimiz bu muhim siyosiy voqelikka befarq emasligini anglatadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning asosiy, printsipial yangiliklari, avvalo, O'zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat'iy belgilab qo'yilayotganida aks etadi.
O'zbekiston xalqaro munosabatlarning to'la huquqli sub'ekti hamdir. Mamlakatimiz tashqi siyosati davlatlar suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan boshqa printsip va normalariga asoslanadi.
O'zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko'p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo'stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkin.
Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi etib belgilanmoqda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og'ir jinoyatdir. O'zbekiston Respublikasida o'lim jazosi taqiqlanadi.
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadir. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.
Har bir shaxs mulkdor bo'lishga haqli. Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
Mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta'minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo'shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog'lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma'naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boĭitishning asosi sifatida e'tirof etiladi.
Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g'amxo'rlik qiladi.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlaydi.
Yana alohida ta'kidlash lozimki, 14-bobning 76, 77, 78-moddalari oila, bolalar va yoshlarga doir bo'lib, milliy qadriyatlarimizga mos masalar ko'tarilmoqda.
Samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi. Parlamentarizmni kuchaytirish orqali qonunchilik hokimiyati takomillashadi. Shunday o'zgarishlar orqali davlatimizning taraqqiyot strategiyasi amalga oshadi.
E'tibor Sultanova,
siyosiy fanlar doktori, professor.