Yangi yil arafasida 50 nafar namanganlik ayol tikuv mashinali boʻldi

    Ijtimoiy hayot 25 Dekabr 2023 1604

    Namangan shahrida joylashgan Abu Ali ibn Sino texnikumida saxovatpeshalik anʼanalarini oʻzida mujassam etgan tadbir oʻtkazildi.

    Unda tikuvchilik hunarini egallagan “Ayollar va Yoshlar daftarlari”da roʻyxatda qayd etilgan 50 nafarga yaqin xotin-qizlarga hokim yordamchilari tavsiyasi bilan subsidiya asosida tikuv mashinalari hamda jihozlar berildi. Tikuv mashinalarini Namangan shahar hokimi topshirdi.

    Yangi yil bayrami arafasidagi bundayin eʼtibor kichik koʻngil egalarini koʻngillariga quvonch shodliklarini ulashdi.

    Endilikda tikuv mashinalarini olgan ushbu fuqarolar bilan manzilli ish tashkil etilib, ularga oʻzini oʻzi band qilish orqali yillik ish stajiga ega boʻlish imkoni beriladi. Shuningdek, ustoz shogird anʼanasini rivojlantirish yoki kooperatsiya asosida “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida yarim tayyor va tayyor kiyim mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qolaversa xoʻjalikda foydalaniluvchi boshqa trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha targʻibot ishlarini jadallashtirish choralari koʻriladi.

    — Biz kabi yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor tufayli men ham oʻzimning shaxsiy tikuv mashinamga ega boʻldim, — deydi “Dashtbogʻ” mahallasi fuqarosi, “Yoshlar daftari” roʻyxatida turuvchi Matlubaxon Turgʻunova Adham qizi. – Bizga koʻrsatilayotgan eʼtibordan kelib chiqib, oilamda tikuvchilik faoliyatini rivojlantirishda barcha imkoniyatlarimni ishga solaman.

    — Haqiqatan men kabi fuqarolarga koʻrsatilgan ezgu ishlardan koʻnglim koʻtarildi, maqsadimga erishganday boʻldim, — deydi “Nurafshon” mahallasidagi “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchi Klara Yuldasheva. – Menga Namangan shahar hokimi tikuv mashinasi hamda tikuvchilikda ishlatiladigan “overlo” uskunasini topshirdi. Kasbim boʻyicha oilamda oʻzini oʻzi band qilish boʻyicha miqyosi turli boʻlgan faoliyatimni yoʻlga qoʻyaman.

    Tadbir doirasida 22 ta mahallalardagi 50 nafarga yaqin fuqaroga tadbirkorlik faoliyatlariga kerak boʻladigan 3 xil turdagi ishlab chiqarish uskuna va jihozlar topshirildi.

    — Doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan va kam xarjli oilalarga yordam berish, daromadlarini oshirish borasidagi ishlar ustuvor vazifalarimizga kiradi, — deydi Namangan shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi bosh mutaxassisi Nizomjon Abdullayev. – Aholi bandligini taʼminlash, yaxshigina daromadga ega boʻlishda yana koʻplab yangi loyihalarga kirishilgan.

    Ulugʻbek Roʻzimatov,

    “Namangan sadosi” gazetasi bosh muharriri.