Shuningdek, uchrashuvda “Agro Processing Group” MChJ ta’sischisi Ramazon Po‘latov ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda Vengriya kompaniyasi tomonidan Surxondaryoda qator loyihalarni amalga oshirish takliflari bildirildi. Xususan, Arundo (Gigant qamish) o‘simligini yetishtirish, undan yoqilg‘i, chorva mollariga ozuqa hamda cho‘llanishlarni oldini olish maqsadlarida foydalanish, echki junini qayta ishlash, granulalar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvlarni tozalash hamda cho‘l o‘simliklarini ekish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Muzrabot tumanida kompaniya bilan hamkorlikda “Pomir agro klaster” MChJ tomonidan qurilayotgan sut mahsulotlarini qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Viloyat rahbari muhokama yakunida bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, mas’ullarga kompaniya bilan hamkorlikda ishlarni boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.